16:32 / 08.01.2021
2 759

"Bebosh bola" sindromi - bu kasallikmi yoki noto‘g‘ri tarbiya asorati?

"Bebosh bola" sindromi - bu kasallikmi yoki noto‘g‘ri tarbiya asorati?
Savol: Zarifboy Rajabovich! Nima uchun bolalarda ham asab buzilishlari ko‘p uchraydi. Buning asosiy sababi nima? Noto‘g‘ri tarbiyami yoki biror-bir kasallik asoratimi?
Javob:
Unisiyam, bunisiyam! Chunki noto‘g‘ri tarbiya ham, bosh miya kasalliklari ham bolaning xulq-atvorini keskin o‘zgartirib yuboradi. Bolaning miyasi nafaqat anatomik jihatdan kattalashib va shakllanib boradi, balki tashqarida bo‘layotgan salbiy va ijobiy ma’lumotlar ham bola xotirasida saqlanib qoladi. Ko‘p o‘tmay ota-ona ham, jamiyat ham ularning natijasini bolaning xulq-atvorida ko‘radi. Bolaning yashash tarzi, asosan, taqlidga asoslanganligini unutmaslik kerak. Taqlid bolaning hayot tarzidir! Erta bolalik davridan tortib o‘smirlik davri tugagunga qadar bola boshqalarga taqlid qilib yashaydi! Bu juda katta davr! U nafaqat ota-onasi, atrofdagi qo‘ni-qo‘shnilar va maktabdagi ustozlariga, balki kinoqahramonlar, artistlar va mashhur futbolchilarga (ayniqsa, o‘smirlar) ham taqlid qiladi. Bularning ichida bolaning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar ko‘p bo‘lishi mumkin.

Savol: Mana shu salbiy ta’sirlarni bartaraf etish uchun nimalar qilish kerak?
Javob:
Farzandlarimizni sportga qiziqtirish kerak! Barchaga ma’lum, nafaqat Toshkentda, balki chekka tumanlarda ham turli xil sport inshootlari ko‘payib bormoqda. Kollej va litseylar katta-katta sport zallari bilan qurilmoqda. Qisqasi, O‘zbekistonda sport ommalashib ketgan. Biroq ba’zi ota-onalar hatto yonginasida joylashgan sport inshootlariga ham bolasini olib borishmaydi. Keyin bola nima qiladi? Kechayu-kunduz televizor yoki kompyuter oldida vaqtini o‘tkazadi. Buning oqibatida bolaning miyasi keraksiz ma’lumotlarga to‘laveradi va uning xulq-atvori buzilib boradi. Chunki shuncha informatsiyani tahlil qilish ham kerak-da?! Hadeb televizor ko‘raveradigan yoki soatlab kompyuter o‘yiniga berilgan bola nafaqat ruhan charchaydi, balki jismonan nimjon bo‘lib o‘sadi.

Bizda hozir “Bolamga tinchlantiruvchi dori yozib bering, uni hech boshqarib bo‘lmayapti” deb murojaat qiluvchi ota-onalar kam emas. Bilmaydiki, buning asosiy sabablari – bolaning tinmay televizor ko‘rishi, kompyuter o‘ynashi yoki qo‘l telefonlaridagi o‘yinlar bilan ovora bo‘lishi. Axir hali 10 yoshga to‘lmagan bolaga asabni tinchlantiruvchi dori berish uning aqliy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi?

Keyinchalik bunday bolalar psixologik nogiron bo‘lib qoladi-ku! “Doktor, bolamning xotirasini yaxshilovchi dori yozib bering” deb murojaat qiluvchilar ham yo‘q emas. Bunday bolaning hayot tarzini yaxshilab o‘rgansangiz yana o‘sha ahvol: doimo kompyuter o‘yini, televizor ko‘rish va qo‘l telefoni o‘ynash. Ularning nafaqat asabi buziladi, balki yuragi nimjon bo‘lib o‘sadi, ishtahasi yo‘qoladi. Yaxshi ovqatlanmagan bolaning immuniteti pasayib, tez-tez shamollaydigan bo‘lib qoladi va natijada hadeb kasal bo‘laveradi. Sport to‘garaklariga qatnamagan bola endi shifokorga qatnay boshlaydi.

Savol: Bola xulq-atvoridagi yomon xislatlar nasliy bo‘lishi mumkinmi?
Javob:
Ha, bo‘lishi mumkin. Xalq orasida avvaldan mavjud bo‘lgan bu fikr XX asrdagi ilmiy-tadqiqotlar asosida o‘z tasdig‘ini topdi. Ko‘pchilik nasliy omil haqida gap ketganda yomon yoki yaxshi alomatlar yuz foiz farzandga o‘tadi deb o‘ylashadi. Bu noto‘g‘ri fikr! Biologiya fanidan Mendelning no‘xatlar bilan olib borgan tajribasini bir eslang! Turli xil belgilar nasldan-naslga 25 %, 50 %, 75 % va 100 % o‘tishi mumkin. Masalan, oilada 4 ta farzand dunyoga kelsa, ota yoki onasidagi yomon xislat 1 bolaga o‘tishi, qolgan 3 bolaga o‘tmasligi mumkin. Shuning uchun ham bitta ota-onadan tug‘ilgan bolalarning xulq-atvori turlicha bo‘ladi.

Savol: Bolalarda ko‘p kuzatiladigan asab kasalliklari haqida ham ma’lumot bersangiz.
Javob:
Umuman olganda, bolalarda uchraydigan kasalliklar soni ham ko‘p. Asab sistemasining aksariyat kasalliklari ko‘p etiologiyali, ya’ni ko‘p sabablidir. Homiladorlik davridagi kasalliklar, tug‘ruq paytida va go‘daklik davrida ro‘y bergan bosh miya jarohatlari, virusli infeksiyalar, yallig‘lanish kasalliklari bolalarda erta rivojlanuvchi asabiy-ruhiy buzilishlarning asosiy sabablari hisoblanadi.

Ayniqsa, homilador onada kuzatiladigan infeksiyalar, kuchli hissiy-asabiy zo‘riqishlar, salbiy ta’sirga ega bo‘lgan farmakologik dorilar, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, chekish kabi nojo‘ya omillar ham bola miyasining sog‘lom rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bolada asab buzilishlari shakllanishida ruhiy omillar ham katta ahamiyat kasb etadi. Ota-onaning bolaga noto‘g‘ri munosabati, bolaning o‘gay ona yoki o‘gay ota qo‘lida tarbiyalanishi, maktab va mahallada bezori bolalar orasiga tushib qolishi uning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va bola asabiy bo‘lib voyaga yetadi.

Savol: Bolalarda asab buzilishlarining belgilari qanday namoyon bo‘ladi? Tashxis qo‘yishda nimalarga e’tibor qaratish kerak?
Javob:
Bolalarda kuzatiladigan asabiy-ruhiy buzilishlar alomatlari turli-tuman. Jahldorlik, ishtaha pasayishi yoki yo‘qolishi, uyqu buzilishi, ruhan tez charchab qolish, fanlarni o‘zlashtirishning susayib ketishi, xotira pasayishi, qo‘rqish kabi belgilar shular jumlasidan. Asabiy-ruhiy buzilishlar ba’zi bolalarda xavotir, qo‘rquv va ko‘p terlash bilan namoyon bo‘ladi. Shuningdek, qo‘llar titrashi, duduqlanib gapirish va enurez ham kuzatilib turadi.

Giperdinamik sindrom va tiklar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tamiz. Chunki bu sindromlar bolalar orasida ko‘p tarqalgan.
Beo‘xshov harakatlari juda ko‘p, jahldor, yig‘loqi, ota-onasining gapiga kirmaydigan, o‘z bilganidan qolmaydigan, parishonxotir, aka-ukalari va o‘z tengdoshlari bilan chiqisha olmaydigan, o‘jar va qaysar bolalarda uchraydigan simptomlar majmuasiga giperdinamik sindrom deb ataladi. Ushbu sindromning sinonimlari ko‘p: “Giperaktiv sindrom”, “Miyaning minimal disfunksiyasi”, “Giperkinetik sindrom” va hokazo. Menimcha, bu sindromga yana bir nom berish lozim, ya’ni “Bebosh bola” sindromi.

Savol: “Bebosh bola” sindromining sabablari nima?
Javob:
“Bebosh bola” sindromi shakllanishida ijtimoiy omillar, ya’ni oilaviy sharoit yoki nasliy omillar asosiy o‘rin tutadimi yoki yo‘qmi, buni aniqlash qiyin. Ba’zi mutaxassislar fikricha, oiladagi janjal va mojarolar hamma vaqt ham ushbu sindrom rivojlanishiga sabab bo‘lavermaydi. Chunki bola ham janjalli sharoitga ko‘nikib ketib, oiladagi mojarolarga e’tiborsiz bo‘lib qolishi mumkin. Biroq ushbu janjallar va tergovlar aynan bolaga qaratilgan bo‘lsa, albatta, bu vaziyat “Bebosh bola” sindromi shakllanishiga turtki bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas.

Savol: “Bebosh bola” sindromi qanday namoyon bo‘ladi?
Javob:
Bolani tekshirayotgan har bir vrach tashxis qo‘yishga shoshmasdan, uni bir necha kun kuzatishi lozim. Bu yerda bolaning hayot tarzi va o‘tkazgan kasalliklarini chuqur o‘rganish zarur. Agar bolada ushbu sindromni yuzaga keltiruvchi asab kasalliklari aniqlanmasa, bu sindromning rivojlanishiga yaqin orada bo‘lib o‘tgan oila, maktab yoki ko‘cha-ko‘ydagi janjallar sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin va hokazo. Odatda, xulq-atvorning bunday buzilishlari vaziyat to‘g‘rilangandan keyin o‘tib ketadi.

Tashxisni to‘g‘ri aniqlash uchun, avvalo, kasallik va hayot anamnezini yig‘ish o‘ta muhim. Bunda onaning homiladorlik, bola tug‘ilgan vaqti va tug‘ilgandan keyingi davrdagi kasalliklar e’tiborga olinadi. Uning qanday oilada o‘sib-ulg‘aygani, oila a’zolarining o‘zaro munosabati, temperamenti, ijtimoiy kelib chiqishi xronologik tarzda o‘rganiladi. “Bebosh bola” sindromiga olib keluvchi barcha omillar o‘zaro solishtiriladi va ularning ushbu sindrom rivojlanishidagi o‘rni baholanadi. “Bebosh bola” sindromini aniqlash uchun faqat ota-onadan yig‘ilgan ma’lumotlar yetarli emas.

Uning o‘qituvchilari, tarbiyachilari va birga o‘ynaydigan yaqin o‘rtoqlaridan ham ma’lumotlar yig‘ish zarur.
“Bebosh bola” sindromining asosiy belgilari bola irodasi, his-tuyg‘ulari va xulq-atvorining buzilishlaridan iborat. Bular:
1) impulsiv (tezkor) harakatlar;
2) bir joyda tinch o‘tira olmaslik;
3) boshlagan o‘yinni oxiriga yetkazmaslik;
4) birovning (ayniqsa, ota-onaning) gapiga quloq solmaslik;
5) o‘z bilganidan qolmaslik, qaysarlik;
6) diqqatning pasayishi, uquvsizlik;
7) atrofdagilar ishiga va boshqa bolalar o‘yiniga aralashish, ularga xalaqit berish;
8) tez-tez janjal chiqarish, ukalariga azob berish yoki ularga butunlay befarqlik;
9) o‘zining narsalarini bog‘chada, maktabda yoki boshqa joyda unutib qoldirish;
10) berilgan savolga shoshib javob berish;
11) tez xafa bo‘lish, yig‘loqilik;
12) enurez (tagiga siyish);
13) boshi og‘rib turishi;
14) fikrining tez chalg‘ishi;
15) sergaplik.

Savol: “Bebosh bola” sindromi belgilari yoshga qarab o‘zgarib boradimi?
Javob:
“Bebosh bola” sindromi belgilari, odatda, 5-7 yoshlar orasida ko‘zga tashlana boshlaydi, vrach yoki psixologga murojaat qilish davri 8-11 yoshlarga to‘g‘ri keladi. Bu davrgacha ota-ona vaziyatni faqat tarbiyalash yo‘li bilan to‘g‘rilashga harakat qiladi. Bu yo‘l yordam beravermagach, vrachga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Albatta, bu davr dastlabki maktab yoshi bo‘lib, bola uchun katta sinov davridir. O‘smirlik davri boladan diqqat-e’tibor va maqsadga yo‘naltirilgan harakatlarni talab qiluvchi davr. Aynan mana shu xususiyatlar “Bebosh bola” sindromida turli darajada o‘zgargan bo‘ladi va bolada o‘qishga qobiliyat bo‘lsa-da, xulq-atvorning yuqorida ko‘rsatilgan buzilishlari uning maktabda yangi mavzularni o‘zlashtirishiga to‘sqinlik qiladi.

Savol: “Bebosh bola” sindromini to‘g‘ri aniqlashda qanday nevrologik tekshiruvlar o‘tkazilishi kerak?
Javob:
Bolaning asab sistemasini tekshirish kerak. Masalan, elektroensefalografiya (EEG) orqali miyaning funksional holati o‘rganiladi. Bu tekshiruv bola uchun mutlaqo bezarar. Ba’zida MRT tekshiruvini o‘tkazish zarurati tug‘ilishi mumkin. Biroq ular faqat nevropatolog tavsiyasi bilan o‘tkaziladi. Ba’zan ota-onalar bolasini ushbu tekshiruvlardan o‘tkazishga harakat qilishadi. Bunday qilish noto‘g‘ri! Bolaga ushbu tekshiruv shart bo‘lmasligi mumkin.

Savol: “Bebosh bola” sindromini psixologik testlardan foydalanib ham aniqlash mumkinmi?
Javob:
Albatta, aniqlash mumkin. Biroq psixologik testlarni asosiy diagnostika quroli sifatida qabul qilmaslik kerak. Psixologik testlar tibbiy tekshiruvlarga yordam beruvchi qo‘shimcha tekshiruv usuli, xolos. Bugungi kunda ushbu sindromni to‘la aniqlab beruvchi psixologik test mavjud emas. To‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun eng zarur bo‘lgan usul – bu vrach va psixologning kuzatuvi. Bolaning aqliy rivojlanishini aniqlash uchun xorijda keng tarqalgan Veksler shkalasidan foydalaniladi. Biroq bu shkala ham bolaning xulq-atvorini to‘la aks ettirib bera olmaydi.

Savol: Maqtov, erkalash va qattiq tergash yordam bermas ekan, unda “Nima qilish kerak va “Bebosh bola” sindromini qanday davolash mumkin?” degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Javob:
Mana shu savolga to‘g‘ri javob topish tibbiyot xodimlari va psixologlar oldida turgan katta muammodir.
Aqliy rivojlanishi yaxshi bo‘lsa-da, “Bebosh bola” sindromi aniqlangan ba’zi bolalar maktabda yomon o‘qishadi. Buning sabablari diqqatning sustligi, darsni qunt bilan eshitmaslik va xulq-atvorning yomonligi. Shuningdek, ularning ba’zilarida yozish, hisob yoki o‘qish kabi qobiliyatlar sust rivojlangan bo‘ladi. Shu sababli ham ular darsni yaxshi o‘zlashtira olishmaydi.

“Bebosh bola” sindromini davolashda psixologik suhbatlarga, psixoterapiyada xulq-atvorni korreksiya qilishga qaratilgan samarali usullarga urg‘u berish lozim. Bunday psixoterapevtik usullar juda ko‘p. Ularni tanlashda bolaning jinsi, yoshi va tafakkur darajasi e’tiborga olinadi.

“Bebosh bola” sindromini davolash ba’zan o‘ta murakkab kechadi, ayniqsa, uning kelib chiqishida nasliy omil aniqlansa. Ba’zi hollarda davolash samarasiz bo‘ladi yoki psixokorreksiya davri cho‘zilib ketganligi sababli ota-onalar davolanishni to‘xtatib qo‘yishadi. Shuning uchun ham xulq-atvori o‘zgargan bolalarga moslashtirilgan maxsus psixonevrologik yo‘nalishdagi sihatgohlar, maktablar va mehribonlik uylari mavjud. Bu joylarda bola davolanishi, o‘qishini davom ettirishi va yashashi mumkin.

Savol: Ota-onalar, bog‘cha tarbiyachilari va maktab o‘qituvchilariga qanday maslahatlar bergan bo‘lar edingiz?
Javob:
Bola ham xuddi kattalarga o‘xshab hayotda o‘z o‘rnini topishga intiladi, atrofdagilar e’tiborini qozonishni istaydi. Bu albatta yaxshi! Mazkur intilishni ota-ona va maktabda o‘z vaqtida ilg‘ab olib, uni ilhomlantirish o‘ta muhim. Bu intilishlarni e’tiborga olmaslik yoki bo‘lmasa “Qilayotgan ishlaring senga kerak emas, sen hali yoshsan” kabi iboralar yoki bolaning xatolarini ro‘kach qilish, endi kurtak otayotgan qiziqishlarni yo‘qqa chiqaradi va uning mustaqil shaxs sifatida shakllanishiga to‘sqinlik qiladi.

Agar ota-ona bolada biror fanga yoki hunarga qobiliyatini sezib qolsa, unga har tomonlama yordam berishi zarur. Lekin bolaga keragidan ortiqcha talab qo‘yish, dars qilishga majbur qilaverish, ko‘chada bir oz o‘ynagani qo‘ymaslik salbiy asoratlarga olib keladi. Quyidagi misol ota-onalarga saboq bo‘ladi deb o‘ylayman.

Hali 8 yoshga to‘lmagan G. ismli qizchani menga ko‘rsatishdi. Qizcha bosh og‘rig‘idan shikoyat qilar edi. Qizning ota-onasi menga “Vrachlar qizimizda bosh og‘rig‘i sabablarini aniqlay olishmayapti va berilayotgan dorilar foyda bermayapti” deb shikoyat qilishdi. Qizchani tekshirayotib shu narsaga amin bo‘ldimki, u umuman kam so‘zlar, bir nuqtaga qarab turaverar, men bergan savollarga zo‘rg‘a javob berar edi. O‘zi haqida so‘zlab berishni iltimos qilsam, faqat boshi og‘rishini aytdi.

Unda depressiya va autizm alomatlarini aniqladim. Qiz avval hech qanday kasal bo‘lmagan, miya jarohatlari olmagan, ichki a’zolari ham sog‘lom edi. Qizchadan “Boshing doim og‘riydimi, og‘rimagan payti bormi” deb so‘rasam, u: “Ha, doim og‘riydi, lekin noyabr oyida og‘rimadi” deb javob qaytardi (bemor fevral oyida tekshirilayotgan edi).

Qizdagi bosh og‘riqning sabablari va kasallik anamnezini yaxshilab o‘rganganimdan so‘ng shu narsa ma’lum bo‘ldiki, uni 6 yoshligidan boshlab o‘qitish tizimi kuchaytirilgan maktabga berishgan. Bundan tashqari, qizcha maktabdan qaytganda ingliz tili o‘qituvchisi u bilan uyda mashg‘ulot olib borgan, so‘ng esa ota-onasi qizchaning bilimini tekshirish bo‘yicha doimo savol-javoblar o‘tkazgan. Tengdoshlari bilan o‘ynagani chiqishga qo‘yishmagan. Albatta, bu ortiqcha talablar uni ruhan charchatib qo‘ygan. O‘qituvchilar va ota-onasi oldida doimiy mas’uliyat sezgan qizchaning miyasi doimo hissiy zo‘riqishda bo‘lib, bora-bora u kamgap, faqat savollargagina javob beradigan, o‘z tengdoshlari bilan o‘ynamaydigan bo‘lib qoladi.

So‘ngra esa qizchada doimiy bosh og‘rig‘i rivojlanadi. Noyabr oyida esa qizcha maktabdan ta’tilga chiqqan, otasi esa boshqa shaharga xizmat safariga ketgan edi. Qizcha bu davrda, tabiiyki, dars qilmagan va ko‘p vaqtini toza havoda o‘z tengdoshlari bilan o‘ynab o‘tkazgan. Darslardan vaqtincha dam olish, aqliy mashg‘ulotlarni cheklash, toza havoda ko‘proq sayr qilish natijasida qizchada depressiya va autizm alomatlari (kamgaplik, ishtaha yo‘qligi, hech narsaga qiziqmaslik va bosh og‘rig‘i) o‘tib ketgan.

Bundan xulosa shuki, ko‘pchilik asab va ruhiy buzilishlarning sababi noto‘g‘ri hayot tarzi, ortiqcha hissiy zo‘riqish, yoshga mos bo‘lmagan talablarning qo‘yilishidir. Bu salbiy omillar bartaraf qilinmas ekan, dori-darmonlarning ta’siri ko‘zlangan natijani bermaydi.
Buyuk mutafakkir Suqrotning ushbu so‘zlarini barcha ota-onalar o‘z qalbiga yozib qo‘yishsin:

“Bolalar yashashni hayotdan o‘rganadilar! Agar bola tanqid qilinaversa, u nafratlanishni o‘rganadi, agar bola adovatda yashasa, u tajovuzkorlikka o‘rganadi, agar bola masxara qilinsa, u indamas, odamovi bo‘lib qoladi, agar bola hadeb tanqid qilinaversa, u o‘zini gunohkor his qilib o‘sadi. Agar bola sabr-toqat, xotirjamlik bilan o‘stirilsa, u boshqalarni tushunishni o‘rganadi, agar bola qo‘llab-quvvatlansa, u o‘z kuchiga ishonishni o‘rganadi, agar maqtalsa, u minnatdor bo‘lmoqlikni o‘rganadi. Agar bola vijdoniylik va halollikda ulg‘aysa, u adolatli bo‘lishni o‘rganadi, agar xavfsizlikda yashasa, u insonlarga ishonishni o‘rganadi”.

Professor Zarifboy Ibodullayevning
“Shifo-info” gazetasiga bergan intervyusi.
Hafiza Asal suhbatlashdi.
[/b]

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Bebosh bola" sindromi - bu kasallikmi yoki noto‘g‘ri tarbiya asorati?