20:50 / 09.01.2021
3 404

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida sud –huquq sohasida qanday ustuvor yo‘nalishlar belgilandi?

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida sud –huquq sohasida qanday ustuvor yo‘nalishlar belgilandi?
Prezident tomonidan Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada, 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligiga 30 yil to‘lishi, bu tarixiy sanani “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g‘oya asosida keng bayram qilish, mamlakatimizda uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsad qo‘yilgani, ushbu maqsad yo‘lida yoshlarimiz o‘z oldiga katta marralarni qo‘yib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama ko‘mak berish maqsadda “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.

Keyingi yilga nom berish an’anasi davom ettirilib, boshlangan ishlarni davom ettirish va yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida kirib kelayotgan 2021 yilga “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berildi.

Murojaatnomada 2021 yil uchun yana bir muhim yo‘nalish sifatida belgilangan tibbiyot sohasida ham ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratildi, jumladan kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni tizimli ravishda davom ettirish eng muhim vazifalardan biri bo‘lishi, birlamchi bo‘g‘inda umumiy amaliyot shifokori o‘rniga oilaviy shifokor va unga yordamchi sifatida 5 nafar o‘rta tibbiyot xodimidan iborat “tibbiy brigadalar” tashkil etilishi, o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlari – hamshira va feldsherlarning obro‘si va mavqeini oshirishga alohida urg‘u berilib, o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlariga “hamshiralik ishi” bilan mustaqil shug‘ullanish uchun ruxsat berilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan, xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish, ularga yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha navbatdagi qadam sifatida hayotni va ayollar muammolarini yaxshi biladigan, faol va tashabbuskor opa-singillarimizdan iborat Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etish va Kengashga bu borada katta tajribaga ega bo‘lgan Senat Raisi T.Norboyeva rahbarlik qilishi taklif etildi.

Murojaatnomada, inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar yangi yilda ham izchil davom ettirilishi lozim, so‘nggi 4 yil davomida sud-huquq sohasini isloh etish borasida dadil qadamlar qo‘yilgani bildirilib, “Adolat bu – davlatchilikning mustahkam poydevoridir” deya ta’rif berildi, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi o‘rinni egallashi bildirildi.

2021 yildan boshlab joriy etiladigan “bir sud – bir instansiya” tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini ta’minlashda bosh mezon bo‘lishi lozimligi, viloyat sudlari chiqargan qaror ustidan berilgan shikoyatlar shu sudlarning o‘zida ko‘rib chiqilib kelingani sababli, 2021 yildan boshlab bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartirilishi, odil sudlovga xos bo‘lmagan ishlarni nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti bekor qilinishi ta’kidlandi.

Bundan tashqari 2021 yildan boshlab fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat darajasidagi 3 ta sudlar bitta sud sifatida birlashtirilishi, bu yangilik aholi va tadbirkorlarga katta qulayliklarni yaratishda muhim omil bo‘lishi aytib o‘tildi.

Yangi qabul qilinishi rejalashtirilgan qonun asosida, kirib kelgan yildan boshlab, sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etilishi, bunda ishni to‘xtatish yoki tugatishga asos yetarli bo‘lsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, o‘zining yakuniy qarorini qabul qilishi nazarda tutilayotgani e’tirof etildi.

Prezident tomonidan yo‘llangan Murojaatnomada, yana bir muhim yangiliklardan biri, investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etilishi, investorlar, o‘z xohishiga ko‘ra, nizoni hal qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudga murojaat qilishi mumkin bo‘lishi ta’kidlandi.

Sud tizimida raqamlashtirish yanada kengaytirilib, fuqarolarimizga sud binosiga kelib yurmasdan, “onlayn” tartibda murojaat qilish imkoniyati yaratilishi, fuqarolar o‘z arizalarini ko‘rib chiqish jarayonini masofadan turib kuzatib borishi mumkinligi bildirildi.
2021 yilda qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishga asosan, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan nazorat instansiyasi to‘liq bekor qilinadi.

Nazorat tartibida ko‘rib chiqish institutining tugatilishi va kassatsiya tartibida ish yuritish uchinchi instansiya sudi sifatida belgilanishi natijasida sud qarorlarnining qonuniyligi, asosligi va adolatliligi bevosita undan norozi tomonning to‘g‘ridan-to‘g‘ri bergan shikoyati asosida ko‘rilishiga erishiladi.

Prezidentimiz aytganidek, “Hayot oldimizga yana qancha sinov va muammolarni qo‘yishi mumkin va biz har qanday holatga tayyor turishimiz zarur. Lekin qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, demokratik islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz. Oldinga, faqat oldinga qarab boramiz. Va biz bunga har tomonlama qodirmiz. Chunki bugungi xalqimiz – kechagi xalq emas. Bugungi O‘zbekiston ham – kechagi O‘zbekiston emas”.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Navbahor tuman sudining raisi
A.N.Ibodov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida sud –huquq sohasida qanday ustuvor yo‘nalishlar belgilandi?