08:09 / 11.01.2021
2 457

Chet ellik o‘zbeklar bizdan emasmi?

Chet ellik o‘zbeklar bizdan emasmi?
Rasul Kusherbayev «Yil odami» deb topilgani haqida xabar bergan yetakchi yangilik kanallari deputat qozoq millatiga mansub ekanligini sarlavhaga yozishibdi. Bu o‘ta didsizlik, madaniyatsizlik hamda siyosiy uquvsizlikdir. Chunki Kusherbayev siz bilan biz kabi teng huquqli O‘zbekiston yurtdoshi hamda mamlakatning eng yuksak qonun chiqaruvchi organi deputatidir.

Agar boshqa davlatda yashayotgan o‘zbekistonlik birorta millatdoshimizga o‘sha davlatda unvon berilsa yoki qilgan ishi shunday baholansagina O‘zbekiston OAVlari uning millatini alohida bayroq qilib ko‘tarib chiqishsa bo‘ladi. Aks holda, bunday mazmundagi xabarlar o‘quvchida ko‘pincha diskriminatsiya yoki kamsitishga o‘xshagan salbiy taassurot uyg‘otadi.

Shu munosabat bilan 1990 yillar boshlarida bir taniqli o‘zbek teatr aktyori ko‘pchilikka qarata aytgan gap esimga tushdi. O‘sha san’atkor 1970 yillarda televideniye orqali ko‘rsatilgan videofilm orqali juda mashhur bo‘lib ketgandi. Katta yoshdagilar eslashsa kerak. 1980 yillar so‘nggida O‘zbekistonda qo‘shiqchilar tanlovi o‘tkazilgan, unda qo‘shni Qirg‘izistonning O‘sh shahridan kelgan xonanda «Voy, alamjon» nomli ashulasi bilan g‘olib chiqqandi. Ashula bir zumda xitga aylanib, qo‘shiqchining sahnada o‘ziga xos harakatlar qilishi mashhur bo‘lib ketgandi.

Yuqoridagi aktyorimiz Toshkentda o‘tkazilgan bir to‘yda so‘z olib, «Cahnada kuylayotib, kostyumini yechib, uloqtirib tashlagan boshqa respublikalik qo‘shiqchiga g‘oliblik berildi. Nima, o‘zimizda yaxshi ashulachilar qurib qolganmidi? G‘oliblik O‘zbekistonlikkka berilishi kerak edi» deb, mahalliychilik qilgandi. Holbuki, mustamlakachilar olib borgan «xalqni bo‘lib tashlab, boshqar» siyosati oqibatida O‘zbekistondan tashqarida qolib ketgan millatdoshlarimiz boshqa o‘zbek san’atchilari qatorida bu aktyorni ham boshlariga ko‘tarib, hurmat qilishardi.

Afsuski, mustaqillik yillarida olib borilgan yanglish siyosat oqibatida uchta qo‘shni davlat bilan viza rejimi joriy qilindi. Bu esa birinchi navbatda, o‘sha davlatlardagi o‘zbeklarning yanada ihotalanishiga sabab bo‘lib, himoyasiz qolishi va sekin-asta tili va madaniyatini yo‘qotishiga olib kelmoqda. Eski sovet davrida bordi-keldi va til masalalarida hech qaday muammo mavjud emas, O‘zbekiston ularni o‘ziga ohanrabodek tortardi. Endi esa, ular o‘z tarixiy yurtlaridan uzilib qolishdi.

Bu ham yetmagandek, o‘zbeklar sekin-asta o‘z tili va madaniyatini yo‘qotib, assimilyatsiya bo‘lishi tezlashmoqda. Sabablari esa oddiy. Masalan, Turkmaniston maktablarida o‘zbek tilida ta’lim berish butunlay bekor qilinganiga yigirma yil bo‘ldi-yov.

Sho‘rolar davrida o‘zbeklar qo‘shni Tojikiston aholisining 25 foizini tashkil qilgan. Lekin mustaqillikdan keyin 2000 va 2010 yillarda bu mamlakatda o‘tkazilgan aholi ro‘yxatlarida o‘zbeklar salmog‘i deyarli ikki baravar tushib ketdi. Chunki, tojik hukumati yuritayotgan siyosat oqibatida ular laqay, qo‘ng‘irot, do‘rmon, qatag‘on, barlos va yuz kabi bir necha urug‘larga bo‘lib yuborildi. O‘zbek ota-onalar davlat ishlarida ham mehnat qila olishini ta’minlash uchun 2015 yilda o‘zlari ariza berib, bolalarini o‘zbek maktablaridan chiqarib, ommaviy ravishda darslar tojikcha o‘qitiladigan sinflarga o‘tkazishdi.

Qirg‘izistonda ham o‘zbeklarga nisbatan olib borilgan xo‘rlash siyosati oqibatida o‘zbek maktablari soni keskin ozayib ketgan. Ahvol shunday ekan, yaqin yillar ichida yuqoridagi davlatlarda o‘zbek tilida so‘zlashadigan xalq nisbati judayam tushib ketsa, aslo xayron bo‘lmaslik kerak.
Afsuski, O‘zbekiston hukumati chet ellardagi o‘zbeklarni o‘z holiga tashlab qo‘ygan. Nima emish, bo‘layotgan ishlar o‘sha davlatlarning ichki ishi emish.

Turkiyada bir qonun bor. Unga asosan, o‘zini turk deb hisoblagan boshqa har qanday davlat yurtdoshlari chegaradan kirayotganida boshpana berilishini istasa, ularga davlat tomonidan yordam ko‘rsatiladi. Xususan, 1989 yilda Bulg‘oristondan ko‘chib kelgan salkam bir million kishiga uy-joy va vatandoshlik berilgan. Bulg‘oristonda 1984 yili chiqarilgan hukumat qaroriga asosan, turklarning ot va familiyalari majburiy-ixtiyoriy ravishda bulg‘orchalashtirilib, o‘zlarining asl otlaridan foydalanishi va jamoat yerlarida turkcha gapirishi taqiqlangan.

1930 yillarda sovet tuzimidan Afg‘onistonga qochib o‘tib, 1953 yili u yerdan Turkiyaga ko‘chib kelgan o‘zbeklarga ham davlat yer va yurtdoshlik huquqi bergan. 1980 yillarda esa Pokistonda qochqin bo‘lib yurgan yuzlab o‘zbek ko‘chirib keltirilgan. Bu haqda mening «Turkiyadagi o‘zbeklar» kitobimda batafsil hikoya qilingan (kitob 2008 yili Izmir shahrida turk tilida chop qilingan. Turkiya Madaniyat va sport ishlari vazirligi kutubxonalar uchun 200 ta sotib olgan).

Baxtiyor Shoxnazarning «Turkiyadagi o‘zbeklar» kitobi
Hozirgi kunda millionlab o‘zbekistonlik millatdoshlarimiz dunyoning ko‘plab davlatlariga tariqdek sochilib ketishgan. O‘zbekiston hukumati chet ellarda yashaydigan o‘zbeklar tili va madaniyatini saqlab qolish bilan shug‘ullanadigan alohida vazirlik maqomida tuzilma tashkil qilishi zarurati allaqachon yetilgan.

Xo‘sh, ta’bir joiz bo‘lsa, hatto odamlarning nafas olishi ishlari bilan shug‘ullanadigan vazirlik tashkil qilishga tayyor turgan hukumatning bu dolzarb masalada aytadigan birorta gapi bormikin?

Bor bo‘lsa hozir aytsin. Ertaga kech bo‘lishi mumkin.

Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Baxtiyor Shohnazar

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chet ellik o‘zbeklar bizdan emasmi?