10:30 / 11.01.2021
3 325

Zafar Hoshimov bitta avtoraqam 600 mln so‘mga sotib olinganiga munosabat bildirdi

Zafar Hoshimov bitta avtoraqam 600 mln so‘mga sotib olinganiga munosabat bildirdi
Foto: Daryo / Madina Nurman
O‘zbekistonning turli hududlarida faoliyat olib boruvchi «Korzinka.uz» supermarketlar tarmog‘i asoschisi va rahbari Zafar Hoshimov bitta avtoraqam salkam 600 mln so‘mga sotilganiga munosabat bildirdi.

Tadbirkorning aytishicha, u hech na telefon va na avtoulovda «chiroyli» nomerga egalik qilishga qiziqmagan. Aksincha, bunday raqamlar qancha odamlar esida kam qolsa, egasiga shuncha yaxshi. Lekin shu borada o‘sha nomerni davlat tomonidan sotilishi va kimdir uni rasman shunday pulga olishini ham yomonlamaydi.

«Bir tomondan, avval ham shunday ‘blatnoy’ nomerlar norasman sotilgan yoki ‘sendan ugina mendan bugina’ yo‘sinda taqsimlangan, faqat davlatga, elga undan hech qanday naf bo‘lmagan. Hozir mana yarim milliarddan ortiq pul naqd davlat g‘aznasiga tushdi. Umid qilamiz, Inshaalloh, bu mablag‘da o‘sha hamma tanqid qiluvchilar jon kuydirayotgan yetimlar-u kambag‘allarning ham ulushi bor.

Ikkinchi tomondan, shunaqa nomerni havas qiladigan odam ishtiyoqi shu qadar baland ekan, yaxshiyamki u pulini nomerni pora berib olish o‘rniga yoki boshqa har xil behuda orzu havas o‘rniga to‘laligicha davlat hisobiga tushirdi. Pul egasi ham o‘zi, uni ishlatishi ham o‘zining ishi va bu kabi ishlatish natijasida foyda el hisobiga kelgani uchun, uni toza isrof deyishga tilim to‘nmayapti. Qaniydi hamma behuda xarajatlar shu kabi to‘la davlat hisobiga tushsa edi, budjet to‘lib, soliqlar ham qisqararmidi
», — degan Zafar Hoshimov va nomer egasiga hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlab o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, 4 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatiga tegishli bo‘lgan 30 Z 777 ZZ avtoraqamini taqib yurgan avtomashinalar foto va videolavhasi tarqalgandi. Shundan so‘ng Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi tarqalgan foto va videolavhaga munosabat bildirib, 30 Z 777 ZZ davlat raqam belgisi viloyat IIB YHXB ixtiyorida saqlanayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto va videotasvirdagi avtomashinalar taqib turgan raqam fotoshop dasturi orqali qo‘yilganini ma’lum qildi.

Shu kunning o‘zidayoq ushbu avtoraqam o‘tkazilgan onlayn savdolarda 596 million 525 ming so‘mga sotildi.

Ma’lumot uchun, avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablag‘larning 80 foizi davlat budjetiga, 20 foizi Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va boshqa xarajatlar maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)