20:13 / 11.01.2021
3 310

Parkinson kasalligi aniqlangan bemorga va uning yaqinlariga 10 ta zarur maslahat

Parkinson kasalligi aniqlangan bemorga va uning yaqinlariga 10 ta zarur maslahat
1.Har doim esda tuting! Parkinson kasalligida bemor juda injiq, sal narsaga e’tibor qiladigan, bir gapni hadeb qaytaraveradigan, yoqmagan voqeani eslab uni hadeb takrorlayveradigan, kelinlar yoki farzandlarini hadeb koyidigan bo‘lishadi.

2.Parkinson kasalligida apatiya va depressiya juda ko‘p uchraydi, ya’ni bemor doimo past kayfiyatda, uyqusiz, salga yig‘lab hafa bo‘ladigan ovqatdan bosh tortadigan va fikrlari karaxt bo‘lishadi.

3.Parkinsonizmning asosiy belgilari bo‘lmish qo‘llarning doimo titrashi va muskullarning qotib qolishi, uni xatto o‘zini-o‘zi boshqara olmaydigan qilib qo‘yadi. Bu haqda tepada ham gapirganmiz.

4.Farzandlar shu kasallikka duchor bo‘lgan otasi (onasi) ning injiqliklariga sabr-matonatli bo‘lishi kerak. Bu inson bola-chaqam deb va ishdagi qiyinchiliklarni deb shu dardga duchor bo‘lgan bo‘ladi. Demak, uning atrofida juda yaxshi psixologik muhit yaratilishi lozim. Parkinsonizga chalingan bemor xattoki kulsa, kulgisi o‘ziga yarashmaydi, chunki mimik muskullar ham qotishgan bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, bemorning atrofini faqat optimizmga burkangan ijobiy muhit o‘rab olgan bo‘lishi kerak.

5.Har qanday stress bir oylik davolanishni puchga chiqarishi mumkin. Afsuski shunday holatlar bo‘lib turadi. Bemorni davolab, harakatlarini tiklab, qo‘llaridagi titroqlarni kamaytirib hursand qilib uyga yuboramiz, oradan bir muddat o‘tmay uydagi qattiq janjaldan so‘ng bemor yana og‘ir ahvolda shifoxonaga tushib qoladi. Chunki parkinsonizm bilan og‘rigan bemor stressni ko‘tara olmaydi.

6.Tavsiya qilingan dorilarni albatta o‘z vaqtida ichib yurish kerak. Odatda bunday dorilar yillab ichiladi. O‘zbilarmonlik bilan dori dozasini kamaytirish yoki to‘xtatib qo‘yish aslo mumkin emas. Ayniqsa, dorini birdan to‘xtatib qo‘ysa, bemor turgan joyida haykaldek qotib qolishi mumkin. Bu havfli! Shu bois ham parkinsonizm uchun belgilangan dorilarni yetarli miqdorda uyda olib qo‘yish kerak. Dorixonalarda bemor ichayotgan dori bo‘lmay qolishi mumkin.

7.Jismoniy harakatlar masalasiga keladigan bo‘lsak, jismoniy harakatlarni tez-tez va ko‘p qiling, deb maslahat berishadi. Parkinsonizmda juda faol harakatlar mumkin emas. Chunki bunday aktivlikdan so‘ng muskullar yana qotib qoladi. Demak, harakatlar ohista, o‘rtamiyona va kichik-kichik bo‘lishi kerak, yotib qolish ham aslo mumkin emas. Lekin umumiy uqalashlar va yengil ko‘rinishdagi doimiy harakatlar juda yaxshi yordam beradi. Bular haqida davolovchi nevropatolog yoki reabilitolog Sizning ahvolingizdan kelib chiqib to‘g‘ri maslahat beradi.

8.Parkinsonizmda bemor uzoq davom etuvchi qabziyatdan ko‘p aziyat chekadi. Ba’zida bemor 4-5 kunlab katta tahoratga chiqmaydi. Bunday paytda ichakdan dorilarning so‘rilishi ham buziladi. Demak, qabziyatni bartaraf qilmasdan turib dori qabul qilish, quruq yerga ko‘chat ekkandek gap, ya’ni befoyda. Bemorning ovqat ratsionida meva-sabzavotlar har doim bo‘lishi kerak, ovqatlar ham yengil hazm bo‘ladigan bo‘lishi kerak. Ayniqsa, doimo nok qabul qilib yurish (agar imkoni bo‘lsa yumshagan nok) ichni yaxshi yurgizadi, shuningdek sano ham ichni yaxshi keltiradi.

9.Musiqaterapiya parkinsonizmda juda foydali. 2016 yili Italiyada parkinsonizmga bag‘ishlangan Halqaro simpozium bo‘luvdi. O‘zi ham musiqaga qiziqadigan mashhur nevrolog olim Parkinson kasalligining titroqli turi aniqlangan 60 dan oshiq bemorga rejali tarzda musiqaterapiya o‘tkazgan. Musiqaterapiya olmagan xuddi shunday bemorlar bilan solishtirib o‘rgangan videoyozuvni 3000 kishilik zalda bizga ko‘rsatib berdi. Natija hayratlanarli edi. Bir xil dori ichib, biroq musiqaterapiya ham o‘tkazilgan bemorlardagi samara juda yuqori bo‘lgan.

10. Kislorodga boy toza havo, ayniqsa tog‘-yon bag‘rida bo‘lib turish juda foydalidir. Agar imkoni bo‘lsa, bemorni har yakshanba kuni suv bo‘yiga, daraxtzor joylarga, toqqa olib chiqib turish kerak. Bemor oylab uyda o‘tirib qolmasin. Eng buyuk tabib – bu tabiat! Bu iboralar tib ilmining sultoni Ibn Sinoga tegishli.

Professor Zarifboy Ibodullayevning
«Asab va ruhiyat» kitobidan olindi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Parkinson kasalligi aniqlangan bemorga va uning yaqinlariga 10 ta zarur maslahat