10:39 / 15.01.2021
2 430

Ayol hokimlar: «Qo‘sha-qo‘sha ortiqcha uylar va biznes loyihalar qilolmaganmiz»

Ayol hokimlar: «Qo‘sha-qo‘sha ortiqcha uylar va biznes loyihalar qilolmaganmiz»
Kollaj: Daryo
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi amaldorlarning daromadlari deklaratsiya qilinishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. 2019 yilda Bandlik va mehnat munosabatlari tayyorlagan qonun loyihasidan farqli o‘laroq (vazirlik loyihasi bo‘yicha, ushbu tartib 2020 yil 1 yanvardan joriy etilishi kerak edi), agentlik taklif qilayotan loyihada quyidan tortib yuqorigacha bo‘lgan barcha mansabdorlar — hatto prezident va bosh vazir ham deklaratsiya to‘ldirishi taklif qilingan. Hujjat loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda.

«Daryo» muxbiri Mirolim Isajonov ushbu masala yuzasidan ayol hokimlarning ayrimlariga murojaat qilib, ularning fikri bilan qiziqdi. Quyida ushbu ayol hokimlarning fikr va mulohazalarini Sizlarning e’tiboringizga havola qilamiz:

«Tadbirkorlik ham qiluvchi mansabdorlarga qiyin bo‘lishi mumkin» – Gavhar Alimova, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi, senator

«O‘zim amaldor bo‘lsam-da, juda oddiy oiladan chiqqanman. Meni xavotirga soladigan katta boyligim yo‘q. Ochig‘ini aytsam, Toshkentda ham uyim bor. Ammo uni kreditga xarid qilganman. Samarqanddagi xonadonim ham, avtomashinamiz ham kreditga olingan. Ortiqcha mol-dunyom yo‘q, boyvachcha emasman. Ushbu qonun loyihasining ishlab chiqilib, qabul qilinayotgani juda to‘g‘ri ish bo‘lmoqda. Oila a’zolarimning ham yillik daromadi deklaratsiya qilinishidan xavotirlanmayman.

Daromad deklaratsiyasini to‘ldirish mansabdor bo‘la turib, tadbirkorlik faoliyatini ham yurituvchilar va poraxo‘rlar uchun qiyin bo‘ladi, nazarimda. Lekin ular ham mol-mulkini qarindosh-urug‘ining nomiga olib qo‘yishi mumkin. Afsuski, bizda shunaqa odat bor — darrov birovning nomiga ish qiladi, birovning nomiga olib qo‘yadi. Biznesini ham birovning orqasidan yuritadiganlar yo‘q emas. Go‘yoki o‘zi oppoq, sof poraxo‘r bo‘lmay turadi-da, birovning nomidan ish qiladi. To‘g‘rimi? Buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Yana bir bor ta’kidlamoqchiman, ushbu qarorga munosabatim juda ijobiy va uni qo‘llab-quvvatlayman
».

«Mahalliy budjetlarning oshishiga olib keladi» — Dilfuza Uralova, Boyovut tumani hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati
«Bugun mamlakatimizda har bir sohada islohotlar amalga oshirilyapti. Yangi O‘zbekistonga yangicha qarash va yangi qonunchilik bilan kirib boryapmiz. Tuman hokimi va senator sifatida bu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlayman, amaldorlar, albatta, daromadlar deklaratsiyasini to‘ldirib borishi kerak. Mazkur tartib birinchi o‘rinda shaffoflikni ta’minlaydi, ikkinchidan mahalliy budjetlarning oshishiga olib keladi. Eng muhimi, korrupsiyaning oldi olinadi va davlat tizimida ishlaydigan rahbarlarning halol, pok yashashiga xizmat qiladi, degan fikrdaman. Daromadlar deklaratsiyasini to‘ldirish xotirjam yashashning ham bir omili hisoblanadi.

Hisobli bu dunyoda har bir narsaning hisobotini berib borsak, faqat yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylayman. Baribir ertaga shuncha narsani hech kim ko‘tarib ketolmaydi. Onaning qornidan qanday tug‘ilgan bo‘lsak, ertaga u dunyoga ham qo‘limizda hech narsasiz ketamiz. Hayotimiz yo‘lida faqat o‘zimiz emas, farzandlarimiz va qarindoshlarimiz ham harakat qilsagina, yo‘l ochilaveradi, daromad kelaveradi.

Asosiysi, har bir ishimizda baraka bo‘lsin. Buning uchun esa pok ishlab, mard va erkin bo‘lib yurishingiz lozim. Yillar davomidagi xulosalarim asosida shuni aytamanki, ushbu qaror loyihasi amaliyotga joriy qilinsa, bank va qurilish sohasidagi amaldorlar deklaratsiya to‘ldirishda qiynalishi mumkin
».

«Deklaratsiya to‘ldirish meni xavotirga solmaydi» — Zulayho Mahkamova, To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi:

Foto: To‘raqo‘rg‘on tuman hokimligi axborot xizmati
«Prezidentimiz tomonidan hokimliklarga tizimli ravishda e’tibor qaratilgan, maoshim ham yaxshi. Qo‘shimcha daromad topish maqsadida tomorqamizdan samarali foydalanamiz, mol boqamiz. Oilamiz a’zolarining hammasi mehnat qiladi, ish haqqi olishadi. Ularning daromadi ham deklaratsiya qilinishiga ijobiy qarmayman. Ortiqcha daromadimiz yo‘qligi tufayli 2009 yili kreditga uy olganman. O‘n ikki yildan beri kredit to‘lab kelaman.

Mashinamiz ham kredit hisobiga kelgan. Har oyda oladigan maoshimizdan ma’lum miqdorda o‘tkazamiz. Oilamizning to‘rt nafar a’zosi ham ishlaydi. Birimiz uy, yana birimiz avtomashina kretidini to‘laymiz. Qolganlarning oyligi kundalik ehtiyojlar uchun ishlatiladi. Demoqchimanki, bizda qo‘sha-qo‘sha ortiqcha uylar va boshqa mol-mulklar yo‘q, biznes loyihalar ham qilolmaganmiz. Shu bois ham daromadlar deklaratsiyasini to‘ldirish meni xavotirga solmaydi.

Bu qarorning qabul qilinayotgani juda quvonarli holat. Mazkur tartib yo‘lga qo‘yilsa, boshqaruv tizimidagi bir qancha muammolar yuzaga chiqadi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganilib, yechimi topiladi, deb umid qilaman
».

«Amaldorlar ham rizqiga yarashasini yeydi» — Sadbarxon Mamitova, Bo‘ston tumani hokimi.

Foto: Andijon viloyati hokimligi axborot xizmati
«Har bir inson ehtiyojiga yarasha hayot kechirsa bo‘laveradi. Ortiqcha narsa Yaratganga ham xush kelmaydi, deb o‘ylayman. Ko‘p yillar turli tashkilotlarda rahbar sifatida faoliyat yuritgan bo‘lsam-da, ammo yashash tarzim oddiy. Olti sotix uyda yashayman, oilaviy ahvolim boy ham, o‘ta kambag‘al ham emas, ammo o‘z ehtiyojim uchun barcha sharoitni yaratganman. Menimcha, inson beshala barmog‘ini og‘ziga teng tiqsa, tiqilib qolsa kerak. Har bir odam qanday yo‘l orqali daromad topsa ham, baribir rizqiga yarashasini yeydi. Amaldorlar ham xuddi shunday.

Daromadlar deklaratsiyasiga doir qonun loyihasiga munosabatim juda yaxshi. Amaldorlarning daromadini ham hisob-kitob qilish vaqti keldi nazarimda. Aslida rahbarlik lavozimi ham bir vazifa, imkoniyat. Lekin shuni suiiste’mol qilib, barcha mansabdorlar nomiga putur yetkazayotganlar ham afsuski, bor. Deklaratsiya tizimi yo‘lga qo‘yilsa, amaldorlarning bankdagi hisobraqami, omonatlari, pul aylanmalari ham hisob-kitob qilinsa kerak, deb o‘ylayman
».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ayol hokimlar: «Qo‘sha-qo‘sha ortiqcha uylar va biznes loyihalar qilolmaganmiz»