20:30 / 15.01.2021
2 133

Shavkat Mirziyoyev Toshkentda ochilgan yangi zargarlik korxonasini borib ko‘rdi

Shavkat Mirziyoyev Toshkentda ochilgan yangi zargarlik korxonasini borib ko‘rdi
Shavkat Mirziyoyev 15 yanvar, juma kuni Toshkentda yangi ochilgan zargarlik korxonasini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, davlat rahbari 2019 yil 8 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda zargarlikni chinakam sanoat darajasiga olib chiqish vazifasini qo‘ygan edi. Ko‘p o‘tmay, o‘sha yili 18 mayda Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, sohaga chet el investitsiyalarini faol jalb etish, raqobatbardosh va sifatli zargarlik buyumlarini tayyorlashda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Poytaxtning Chilonzor tumanida ishga tushirilgan Gold Moon Tashkent mas’uliyati cheklangan jamiyat ana shu imkoniyatlar natijalaridan biri. Shavkat Mirziyoyev ushbu korxona faoliyati bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Qiymati qariyb 21 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha doirasida yiliga 6 tonna zargarlik buyumlari ishlab chiqarish quvvati tashkil etilgan. Italiya, Germaniya va Turkiyadan zamonaviy asbob-uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Ishga 400 dan ortiq mohir zargar jalb qilingan. Italiyalik dizayner va texnik xodimlar ularga o‘z mahorat va tajribalarini o‘rgatmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Sobiq Fonon ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi negizida ochilgan ushbu shirkat mahsulotlari zamonaviyligi, sifati va nafisligi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda ularning xaridori ko‘payib, import o‘rnini bosmoqda. Shuningdek, zavod binosida savdo do‘koni tashkil etilgan. Mahsulotlarning 15 foizini Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va boshqa davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati
«Zargarlik xalqimizda azaldan bo‘lgan, bugun ham bor. Bizning maqsadimiz — yoshlarni zamonaviy texnologiyalar va dizaynga o‘rgatib, kamida 10 ming nafar yigit-qizni ish bilan ta’minlash, O‘zbekiston milliy brendini jahon bozoriga chiqarish. Yurtimizda xom ashyo, qo‘li gul hunarmandlar bor. Bu soha milliy an’analarni tiklash, o‘zligimizni anglash nuqtai nazaridan ham katta poydevor», — degan Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Qayd etilishicha, korxona xom ashyoni O‘zbekistonning tog‘-kon sanoati kombinatlaridan birja savdolari orqali oladi. Bu mahalliy hunarmandlar uchun ham qulaylik yaratadi. Zavod ularga yarim tayyor mahsulotlar yetkazib beradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev Toshkentda ochilgan yangi zargarlik korxonasini borib ko‘rdi