00:23 / 19.01.2021
2 085

O‘zbekistonning eng katta xazinasi uning odamlaridir — latviyalik professor

O‘zbekistonning eng katta xazinasi uning odamlaridir — latviyalik professor
O‘zbekistonning turizm salohiyati yanada yuksaladi. Bu mazkur yo‘nalishda ta’lim olayotgan zamonaviy, yangi avlod kadrlariga ham bog‘liq. Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi (ISMA)ning akademik aloqalar bo‘yicha prorektori, professor Yevgeniya DEXTYAR o‘z intervyusida shular haqida to‘xtalib o‘tdi.

— Dextyar xonim, Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi (ISMA)ning Farg‘ona shahridagi filiali — viloyatda ochilgan ilk xalqaro oliygoh. U nafaqat Farg‘onada, balki butun respublikamizda zamonaviy turizm va axborot texnologiyalari sohalarining xalqaro talablarga javob bera oladigan yetuk kadrlarini tayyorlaydigan oliy o‘quv yurti sifatida o‘z nufuziga ega.
— ISMAning Farg‘ona shahridagi filialini tashkil etganimizga uch yil bo‘ldi. Hududda turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohalarida amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish, xalqaro tadbirkorlik asoslarini o‘rgatish filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan. Filialda o‘qitish ingliz tilida kunduzgi shaklda amalga oshiriladi. Talabalar axborot texnologiyalari, turizmda boshqaruv va tadbirkorlikni boshqarish yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim oladilar.

Oliygohga 18 nafar latviyalik pedagog bilan birga, 11 nafar mahalliy pedagogni ham jalb qilganmiz. Pedagoglardan rus va ingliz tillarini mukammal bilish, ayniqsa, ta’lim jarayoniga yangi tashabbus va takliflar bilan yondashish, mustaqil o‘quv prinsiplarini yaratish talablari ham qo‘yilgan.

— Sizningcha, tarixiy va me’moriy yodgorliklarga boy O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish istiqbollari qanday?
— O‘zbekiston — haqiqatan ham Markaziy Osiyoning marvaridi. Uning tarixiy, madaniy boyliklari, ajoyib tabiati, o‘ziga xos an’analari, hatto milliy taomlarigacha bu zaminda turizmni rivojlantirish istiqbollari baland ekanligini ko‘rsatib turadi. Ammo O‘zbekistonning, xususan, Farg‘onaning eng katta xazinasi — uning odamlaridir. Ommaviy ekskursiyalarni o‘tkazish tajribasi shuni ko‘rsatadiki, hududda ko‘plab sayyohlik maskanlari tashkil etish mumkin.

Eng muhimi, mahalliy aholining qalbida o‘z mamlakatini rivojlantirish uchun barcha imkonlarni ishga solishi, har doim mehmonlarni ochiq yuz bilan qabul qilishga tayyor bo‘lish istagidir. Shuning uchun biz mintaqada turizmni rivojlantirishning barcha istiqbollarini baholab, o‘z filialimizni Farg‘onada ochdik. Ishonchimiz komilki, o‘zbek xalqining betakror urf-odatlari, me’moriy yodgorliklari, o‘ziga xos rangin tabiati, barcha-barchasini o‘zida jam etgan turistik loyihalar O‘zbekiston turizmini Yevropa bo‘ylab targ‘iboti yoyilishiga xizmat qiladi.

To‘g‘ri, Farg‘ona O‘zbekistonning eng mashhur durdona shaharlari — Buxoro, Samarqanddan biroz uzoqlikda joylashgan. Shuning uchun ham bu mintaqa alohida sarmoyalar va marketing targ‘ibotiga muhtoj. Hududning transport infratuzilmasi yaxshi rivojlangan. Biroq turistik ma’lumot punktlari yo‘qligi tashrif buyuruvchilarga noqulaylik tug‘diradi.

Demak, Farg‘ona vodiysining turizm sohasidagi malakali menejerlarga bo‘lgan ehtiyoji, qolaversa, farg‘onalik yoshlarning mazkur sohaga qiziqishlarini ko‘rib, oliygoh filialini tashkil etish masalasida adashmaganimizni angladik. "Turizmda biznesni boshqarish", "Biznesni boshqarish" va "Axborot tizimlari» dasturlari asosida nafaqat vodiy, balki Toshkent, Samarqand, Xorazm, Qoraqalpog‘istondan yoshlar kelib, tahsil olishadi. Shubhasiz, O‘zbekistonning turizm salohiyatini rivojlantirish sohada ta’lim olayotgan yangi avlod kadrlariga ham bog‘liqdir.

— Xalqaro turizm kuzatuvchisi, yangi turistik dasturlar muallifi sifatida ayting-chi, yurtimizda ushbu daromadli sohani yanada rivojlantirish uchun qanday choralar ko‘rish kerak?
— O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylarga boy ekanligining o‘zi Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan keluvchi sayyohlarning katta oqimi uchun yetarli yemas. Hududda uchta muhim narsa: yangicha infratuzilma, tashqi bozorga chiqish va malakali kadrlar tayyorlashga sarmoya kiritishdan cho‘chimaslik kerak.

Infrastruktura zamonaviy yo‘llar, havo va temiryo‘l kommunikatsiyalari mavjudligini, keng imkoniyatli, shu jumladan, zanjirli mehmonxonalar, SPA xizmatlari, restoranlar barpo etishni, shuningdek, har bir hududda yuqori tezlikda ishlaydigan internet aloqa maydoni yaratishni nazarda tutadi. Biz ushbu yo‘nalishlarda O‘zbekiston qanday jadal qadamlar bilan oldinga intilayotganini ko‘rib turibmiz va yaqin kelajakda mamlakat bu borada salmoqli yutuqni qo‘lga kiritishiga aminmiz.

— O‘zbek yoshlari, xususan, ularning bilim darajasi to‘g‘risida qanday fikrdasiz? Latviya yoshlaridan farq qiladimi?
— Latish va o‘zbek yoshlari o‘rtasida sezilarli farq borligini yashirmayman. Sovet davridan meros qolgan umumiy o‘tmishimiz bizning rivojlanish yo‘limizni ko‘p jihatdan o‘xshash qilishiga qaramay, Boltiqbo‘yi mentaliteti biroz boshqacha. Ya’ni, biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zimiz nima deb o‘ylasak, shuni bajaramiz va shuncha kam mavhum muloyim iboralarni ishlatamiz.

Shaxsan men o‘zbekistonlik yoshlarning odob-axloqi, xushmuomalaligi, kattalarga bo‘lgan hurmati, sharqona tarbiyasini ko‘rib hayron qolganman. Ularning yangi bilimlarni o‘zlashtirishga ishtiyoqi ham havas qilsa arzigulik. Men, hatto, ISMAning Farg‘ona shahridagi filialidagi darslarim jarayonida 3-4 oy ichida ingliz tilini to‘la o‘zlashtirib olgan yoshlarni ko‘rdim. O‘zbek yoshlarining shijoati, intiluvchanligiga latish yoshlariga xos tashabbuskorlik, izlanuvchanlikni uyg‘unlashtirsak, ular katta yutuqlarga erishishlari aniq.

— Aytgancha, birinchi marta kelganingizda mamlakatimiz, xususan, Farg‘ona sizda qanday taassurot qoldirgan edi?
— Nafaqat men, balki ISMA o‘qituvchilarining aksariyati oliygohimizning Farg‘onadagi filialida navbatma-navbat pedagogik faoliyat olib bordik. O‘zim va latviyalik hamkasblarim nomidan bemalol ayta olamanki, biz O‘zbekiston, Farg‘onani yaxshi ko‘rib qoldik. Chiroyli landshaftlar, yorqin quyosh, o‘ziga xos rang va, eng muhimi, odamlarning iliq munosabatlari qalblarimizni ijobiy taassurotlarga to‘ldirdi.

— Yurtdoshlarimiz, xususan, Farg‘ona yoshlariga tilaklaringizni ham qabul qilsak.
— Aziz do‘stlar! O‘tayotgan yilda butun dunyo og‘ir sinovli kunlarni boshdan kechiryapti. Bir necha yil ichida pandemiya bilan bog‘liq barcha muammolar o‘tmishda qolishiga aminmiz. Mamlakatingiz butun dunyoga o‘zini ochmoqda. Tilagim — o‘z imkoniyatingizdan foydalaning, istiqbolli kasbni egallang va olingan barcha bilimlarni butun o‘zbek xalqi manfaati uchun ishlating. Yangi yilda esa, avvalo, Yer yuzida tinchlik va omonlik, davlatlararo do‘stlik va birdamlik barqaror bo‘lishini istaymiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)