12:29 / 21.01.2021
1 048

AQSHning maxsus elchisi O‘zbekiston prezidenti bilan suhbatlashdi

AQSHning maxsus elchisi O‘zbekiston prezidenti bilan suhbatlashdi
Samuel Braunbek / Foto: Getty Images
AQSHning xalqaro diniy erkinlik masalalari bo‘yicha vakili Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashganini bildirdi. Ayni paytda mamlakat AQSH davlat departamentining xalqaro diniy erkinlik yillik hisoboti «sariq» ro‘yxatda turibdi.

AQSHning xalqaro diniy erkinlik sohasida alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi Samuel Braunbek o‘zining Tvitterdagi akkauntida joriy yil 20 yanvar kuni qoldirgan bitigida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan «suhbatlashish sharafiga muyassar bo‘lgani, uning rahbarligidagi O‘zbekistonda diniy erkinlikning takomillashayotganini yuqori qadrlashi hamda uning sa’y-harakatlari davom etishiga umidvor» ekanini izhor etgan.

AQSH vakili hamda O‘zbekiston prezidenti suhbati haqida rasmiy xabar tarqatilmagan. Shuningdek, suhbat mazmuni va unda muhokama etilgan masalalar haqida ma’lumot yo‘q.

AQSHning xalqaro diniy erkinlik sohasida alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi 1998 yilda Bill Klinton ma’muriyati davrida AQSH tashqi siyosatining xorijiy davlatlarga ta’sirchan vositasi sifatida joriy etilgan. Vakil oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalar qatorida xalqaro miqyosda diniy erkinlikni targ‘ib qilish, uning buzilish holatlariga toqat qiluvchi mamlakatlarga nisbatan diplomatik, siyosiy, iqtisodiy va harbiy cheklovlar joriy qilish, diniy e’tiqod va faoliyati bois ta’qib qilingan shaxslar nomidan advokatlik qilish hamda diniy erkinlikni butun dunyoda keng rivojlanishini ta’minlash masalalari mavjud.

Avvalida Vetnam, Kuba, Laos, Xitoy, Shimoliy Koreya, aksariyat aholisi musulmon bo‘lgan davlatlar, shu jumladan, Sudanda nasroniylik, bahoiy va boshqa diniy ozchilikka nisbatan avj olayotgan ta’qiblarga nisbatan qat’iyroq choralar ko‘rish maqsadi ko‘zlangandi.

AQSH Davlat departamenti qoshida foaliyat ko‘rsatuvchi alohida topshiriqlar emissaridan tashqari, Vashington nigohidagi ishkal mamlakatlarni «qora ro‘yxat»ga kiritish masalasiga doir qarorlar AQSH Kongressi huzuridagi Xalqaro diniy erkinlik komissiyasiga kelib tushgan shikoyat va o‘rganishlar asosidagi tavsiyalar paketi bilan prezident huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi maxsus maslahatchisi voqif qilinib, o‘zaro muvofiqlashtirilgan holda qabul qilinadi.

Janob Sem Braunbek Toshkentga 2018 yil sentabrda tashrif buyurib, O‘zbekiston prezidenti qabulida bo‘lgan.

Prezident veb-sahifasida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra, Samuel Braunbek «samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, AQSH O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli o‘zgarishlarni yuqori baholashi va qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan».

Birinchi prezident Islom Karimov ham 2002 yil mart oyida AQSHga tashrifi chog‘ida Braunbek bilan uchrashgan. U Amerika safari xotiralari haqida jurnalistlar bilan uyushtirgan suhbatida amerikalik senator «O‘zbekistonga tom ma’nodagi xayrixohligi, bu ajoyib inson o‘zbek delegatsiyasini qabul qilib, ikki soat band bo‘lgani, aloqani yanada mustahkamlash, zaruriyat tug‘ilsa, yanada ko‘proq ko‘mak berishga bel bog‘laganini qayta-qayta ta’kidlagani, 60-70 arboblardan iborat banketning bosh mehmonini ularga tanishtirganini hayajon bilan» eslagan.

Ammo AQSH Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi tavsiyasiga ko‘ra, mavjud samimiy xayrixohliklarga qaramasdan hozir ham mutasaddilar zikr etishga botina olmaydigan Andijon voqealaridan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi 2005 yildan boshlab to 2019 yilning apreliga qadar diniy erkinlik borasida alohida xavotirga molik mamlakatlar ro‘yxati (Countries of Particular Concern)da, 2019 yil apreldan boshlab esa maxsus nazorat ro‘yxatida ushlab turilgan.

Aslida «qora ro‘yxat» tahlika darajasi bo‘yicha «qizil» va «sariq» toifalariga ajratilib, alohida xavotirga molik mamlakatlar «qizil», maxsus nazorat ostidagi mamlakatlar ro‘yxati (Special Watch List-SWL)dagi davlatlar esa «sariq» guruhlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan.

AQSH davlat departamenti kotibi Maykl Pompeo janoblari 2020 yil fevralda Toshkentga buyurgan safari natijalari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston tomoni «inson o‘lchovi borasidagi o‘zaro anglashuv darajasi oshgani hamda avval mavjud bo‘lgan ayrim asabga teguvchi onlarni ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidan butkul olib tashlashga kelishib olishganini alohida qayd etgan».

2020 yil 7 dekabrda AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo «so‘nggi o‘tgan yilda hukumatlar erishgan ahamiyatli, aniq rivojlanishga asoslanib, Sudan va O‘zbekistonni maxsus kuzatuvdagi mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarilganligini e’lon qilishdan mamnun ekani, ularning qonun va amaliyotlaridagi jasoratli islohotlari boshqa xalqlar uchun model sifatida xizmat qilishi» haqida chiqish qilgandi. Ushbu tezkor bayonot o‘zbek delegatsiyasining AQSHga qilgan shoshilinch tashrifidan so‘ng bir oy o‘tmay jaranglagan.

Amerika ovozining o‘zbek xizmati muxbirasi Navbahorxon S.Braunbek bilan 2018 yil oktabrda Vashingtonda bo‘lib o‘tgan suhbatida, undan AQSH endi Toshkentga nisbatan yondashuvlarida «kamroq kaltak, ko‘proq shirmoy non siyosatini qo‘llaydimi?», degan savoliga, amerikalik diplomat «O‘zbekiston katta salohiyatga ega, agar mamlakat ochilsa, o‘zgarishlar bo‘yicha oldingi qatorlardan joy olsa, o‘shanda haqiqiy shirmoy nonlarning kelishini ko‘rasiz. Biz ko‘rishni istayotgan narsa – G‘arb sarmoyalari. Chunki G‘arb sarmoyalar bilan G‘arb qadriyatlari kirib keladi. Bizning kompaniyalar, xitoyliklardan farqli o‘laroq muayyan jiddiy inson huquqlari e’tiqodidan kelib chiqib, buni mezbon hukumat talab qiladimi-yo‘qmi, o‘z mehnat odobi nizomi asosida faoliyat ko‘rsatadi», deb aytgan edi.

Davlat departamentining xalqaro diniy erkinlik yillik hisoboti odatda har yilning aprel oyida qabul qilinadi. Bugungi kun holatiga ko‘ra, AQSH komissiyasining O‘zbekistonga doir hisobot bo‘yicha hali ham «sariq» ro‘yxatda turib, Pompeo aytgan o‘zgarishlar hisobotda o‘z aksini topmagan. Chunonchi, unda o‘tgan yillarda respublikada ro‘y bergan holatlar – beso‘naqay o‘stirilgan 100dan ortiq kishilarning soqolini majburiy qirdirish va o‘quv yurtlariga hijoblilarning dag‘dag‘a bilan qo‘ymaslik holatlari qayd etilgan.

Umuman olganda, Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston ham maxsus nazorat ro‘yxatida, Tojikiston va Turkmaniston esa «qizil» ro‘yxatdan joy olgan. Qirg‘iziston bu ro‘yxatlarda yo‘q.

Muqaddam 2011-2018 yillar mobaynida Kanzas shtatiga ham gubernatorlik qilgan Sem Braunbek partiyaviy mansubligi bo‘yicha aslida respublikachi hisoblanadi. Hokimiyat amallaridan bugunda va yaqin istiqbolda ham bir amallab chetlashtirilayotgan Donald Trampning o‘rniga kelayotgan Jo Bayden boshliq demokratlar ma’muriyati davrida ham «sehrli diyor»ning rasmiy Toshkentga nisbatan xayrixohligi saqlanib qoladimi-yo‘qmi, buni faqat vaqt-fursat ko‘rsatadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)