11:55 / 21.01.2021
4 802

Quvada 19 yoshli qizni uch kishi zo‘rlab nomusiga tekkani aytilmoqda

Quvada 19 yoshli qizni uch kishi zo‘rlab nomusiga tekkani aytilmoqda
Foto: «Daryo»
Farg‘ona viloyatining Quva tumanida kollejning uchinchi kursida o‘qiyotgan 19 yoshli qiz o‘g‘irlab ketilgani va bir oy davomida uch kishi tomonidan muntazam zo‘rlab kelingani aytilmoqda. IIB ushbu murojaatni o‘rganib chiqib, bunda jinoyat alomati yo‘q deya jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan.

«Daryo» muxbiri ushbu murojaatga ko‘ra, Quva tumanida bo‘lib, zo‘rlangani aytilgan qiz va uning ota-onasi hamda mutasaddi shaxslar bilan suhbatlashdi.

Zo‘rlangani aytilgan qiz R.S.ning aytishicha, u 2020 yilning 14 mart kuni dugonasini ko‘rish va bir hafta davomida ularning uyida qolish maqsadida Farg‘ona shahriga borgan. Shu orada karantin cheklovlari joriy etilgan va u dugonasinikida qolishga majbur bo‘lgan. 25 mart kuni dugonasi bilan kundalik ehtiyojlari uchun zarur narsalarni sotib olish maqsadida yaqin oradagi do‘konga chiqqan. Shunda shaxsi R.S.ga keyinchalik ma’lum bo‘lgan T.S. ismli shaxs ularni majburlab mashinasiga o‘tqazib, olib ketishga uringan. Qizlardan biri qarshilik ko‘rsatib, mashinadan tushib, qochishga ulgurgan.

«Dugonam o‘sha yerda qolib ketdi. Meni majburlab mashinada olib qoldi. Qarshilik ko‘rsatib, urushsam ham qo‘yib yubormadi. Nima uchun bunday qilyapsiz, qayoqqa olib ketyapsiz, dedim. ‘Sen qidiruvda ekansan, uyingga olib borib qo‘yaman’, deganidan keyin biroz xotirjam bo‘ldim. Quvaga kelgach, uyimga olib kelmasdan, temir yo‘l stansiyasi tomondagi ‘dom’ga olib borib, majburlab o‘sha uyga olib kirdi. Qarshilik ko‘rsatishga harakat qildim, lekin kuchim yetmadi. Qo‘llarim va og‘zimni bog‘lab qo‘yib, bir necha marta zo‘rladi. Ustimdan qulflab qo‘yib, o‘sha uyda bir oy olib o‘tirdi. Har ikki kunda majburlab, jinsiy aloqada bo‘lardi», — deydi R.S.

Qizning ta’kidlashicha, u yerda yana ikkita yigit va bir ayol ham bo‘lgan. T.S. uni qo‘shnisi va do‘sti bilan ham jinsiy aloqa qilishga majburlagan. Qiz qarshilik ko‘rsatsa, urib, ko‘pchilik bo‘lib zo‘rlagan.

Foto: «Daryo»
Bu jarayon bir oy davom etgan. Qizda qochib ketish imkoni bo‘lmagan. Sababi telefonini olib qo‘ygan. Qizni 2004 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan D.J. bilan ham jinsiy aloqa qilishga majburlashgan. T.S. ularning uyatli holatlarini muntazam video va rasmga olgan. Qizga esa bo‘lgan voqealarni kimgadir aytsa, rasmlari va videolari internetda tarqatilishi aytilgan va qo‘rqitilgan.

2020 yil 25 aprel kuni T.S. qizni ichki ishlar bo‘limiga olib kelib bergan. Uyga qaytgan qiz qo‘rqqanidan bo‘lgan voqealarni hech kimga aytmagan. Oradan to‘rt-besh oy o‘tgach, uydagilari uning homilador ekanini sezib qolgan. Shundan so‘ng, qiz bor gapni ota-onasiga aytib bergan.

«Qizim Farg‘ona shahridagi dugonasining uyiga ketgan edi. Biror haftalardan keyin dugonasi qo‘ng‘iroq qilib, qizimni ikkita yigit majburlab mashinaga mindirib, olib ketganini aytdi. Keyin biz uni qidirishga tushdik. Ichki ishlarga murojaat qildik. Karantin bo‘lib qoldi, qizingizni topish qiyin bo‘lyapti, deb ancha vaqt paysalga solishdi. Bir oy deganda, ichki ishlar xodimlari qizimni uyga olib kelib berishdi. Nima bo‘lganini so‘rasak, aytishni xohlamadi. Homiladorligini bilganimizdan keyin o‘zimiz so‘rab, hammasini bilib oldik.

Shundan keyin qizimga hech kim yaxshi munosabatda bo‘lmadi. Qo‘ni-qo‘shni, qarindoshlar bizdan yuz o‘girishdi. Jahl ustida qizimni uydan haydab yubordim. Oradan bir oy o‘tib, qarindoshlarimiznikidan topib, uyga olib keldim. Nima qilay, farzandim ekan, achindim. 21 dekabr kuni qiz farzandli bo‘ldi. Boshimizga tushgan ishlarni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. O‘lib bo‘ldik
», — deydi qizning otasi X.T.

Qizning homiladorligi ma’lum bo‘lgach, uning yaqinlari bir necha marta prokuratura va ichki ishlar idoralariga, xalq qabulxonasiga murojaat qilgan.

Mazkur murojaatlar yuzasidan 2020 yilning 22 oktabrida yuborilgan rasmiy javob xatida ta’kidlanishicha, R.S.ning arizasi Quva tumani IIBning tergovga qadar tekshiruv bo‘limi mansabdor shaxslari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilgan. Mazkur holatda T.S. va voyaga yetmagan D.J.ning harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmagani sababli Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan to‘plangan hujjatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.

Foto: «Daryo»
Qizning yaqinlariga oilaviy va fuqarolik nizolar bo‘yicha da’vo bilan tegishli fuqarolik sudiga, otalikni belgilash va turmush qurish masalasida FHDYO organlariga murojaat qilishi, shuningdek, DNK tekshiruvi o‘tkazishi mumkinligi tushuntirilgan.

«Hamma aybni qizimizga yuklashdi. O‘zi xohlab shu ishlarni qilgan ekan. Ularga hech qanday chora ko‘rilmadi. Hech narsa bo‘lmagandek, bemalol yurishibdi. Hali kollejda o‘qiyotgan o‘quvchi qizni majburlab olib ketib, bir oy xohlagan ishini qilishlari jinoyat emasmi? Shuncha ishni qilganlar jazosini olishi kerakmi? Qizimning hayoti barbod bo‘ldi-ku. Kollejni ham tugata olmadi, diplomsiz qolib ketdi. Bizga ularning hech narsasi kerak emas. Bolasini ham o‘zim boqib olaman. Faqat aybdorlar jazosini olishi kerak», — deydi qizning otasi X.T.

Ushbu holat yuzasidan Farg‘ona viloyat prokuraturasi rasmiy ma’lumot berdi. Unda ta’kidlanishicha, fuqaro 2001 yilda tug‘ilgan R.S. 2020 yil 22 sentabrda Quva tumani IIBga murojaat qilib, uni 2020 yil 25 mart kuni fuqaro T.S. Quva tumanidagi ko‘p qavatli uylarga olib borib, voyaga etmagan D.J. va S.K.lar bilan birga bir oy davomida asossiz ushlab turganini, zo‘rlik ishlatib nomusiga tekkanini bildirgan.

Foto: «Daryo»
«Murojaat yuzasidan Quva tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, S.R.ning zo‘rlik ishlatib nomusiga tegilgani, olib ketilgani va asossiz ushlab turilgani haqidagi vajlari ekspertiza xulosasi, tushuntirish xatlari va ish yuzasidan to‘plangan boshqa hujjatlar bilan o‘z tasdig‘ini topmagan. Quva tumani IIB tomonidan 2020 yil 12 dekabrda jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilingan. O‘rganish davomida tekshiruv jarayonini bevosita nazorat qilgan Quva tumani prokuraturasi xodimlari xatti-harakatlarida qonun buzilishi holati aniqlanmagan», — deyiladi prokuratura axborotida.

Foto: «Daryo»
«Daryo» muxbiri qiz yashagan mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari bilan ham suhbatlashdi. MFY raisining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Saida Botirova R.S. 2020 yil yanvar oyida ham uyidan ruxsatsiz chiqib ketib, ancha vaqt topilmaganini, so‘ng olib kelinib, dalolatnoma tuzilgani-yu, otasidan tilxat yozdirib olinganini ma’lum qildi. Aytilishicha, qiz farzandli bo‘lganda ham dori-darmonlari MFY mas’ullari tomonidan olib berilgan. Uning oilasiga, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari va pul ham berilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Quvada 19 yoshli qizni uch kishi zo‘rlab nomusiga tekkani aytilmoqda