19:54 / 21.01.2021
2 032

Suddan "qabul" talab qilish kerak...mi?

Suddan "qabul" talab qilish kerak...mi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan birining ijtimoiy tarmoq orqali Oliy sud rahbariyatiga fuqarolar qabuli masalasidagi murojaati bo‘yicha huquqshunos sifatida fikrimni bildirishni lozim deb topdim.

Afsuski bizga kelayotgan murojaatlarning aksariyati sud faoliyati va qarorlaridan norozilik bilan bog‘liq. Va so‘nggi vaqtlarda bu norozilik qatoriga Oliy sud vakillarining fuqarolar uchun qabul eshiklarini yopib, “bizda qabul yo‘q”, degan prinsipda ish tutayotgani ham qo‘shildi. Deputatlar qabulxonasida har kuni “bizni Oliy sud rahbarlari qabuliga kiriting, qabulga kira olmayapmiz”, degan gapni eshitaverish g‘alati bo‘larkan” – deyiladi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan murojaatda.

Ma’lum bir vaqt Angliyada yashab, o‘qib, u yerda magistrlik ishimni himoya qilganim uchunmi yoki xalqaro tajribada sudlarning maqomi, vazifalari haqida yondashuvlar sababmi bu masala men uchun ham juda muhim tuyuldi.

Haqiqatdan ham “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunda sudlar rahbariyati fuqarolarni shaxsiy qabul qilish qilishi lozimligi belgilab qo‘yilgan, lekin shu o‘rinda “deputatning ijtimoiy tarmoq orqali sudlardan fuqarolar qabulini talab qilishi qanchalik to‘g‘ri?” “sudlarda “qabul” qanday bo‘lishi kerak?”, “Sudlarning asosiy vazifasi nima o‘zi?” degan savollar tug‘iladi.

Birinchi navbadta ta’kidlash lozimki, deputatlarning davlat organlari bilan munosabatlari masalasida amaldagi qonunchilikda belgilangan tartib bor.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi deputatining va senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, deputat davlat organlarining mansabdor shaxslariga deputat so‘rovi yuborishga haqli. “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputatining so‘rovi Parlament nazorati shakllaridan biri hisoblanadi. Aynan shu qonunda sudlarning ish yurituvidagi muayyan ishlar va materiallarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq faoliyat parlament nazoratining ob’ekti bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.

Sudlarning asosiy vazifasiga keladigan bo‘lsak, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasiga ko‘ra, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilish sudning asosiy vazifasidir.

Amaldagi qonunchilikda sudlar tomonidan chiqarilgan sud qarorlarining qonuniyligi, adolatliligi va asosliligini tekshirishning aniq tartibi mavjud. Ushbu tartibga ko‘ra, tuman va shahar sudlari tomonidan ko‘rib chiqilgan hukm, qaror, hal qiluv qarori va ajrim ustidan apellyatsiya tartibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar sudlariga shikoyat berilishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar sudlari qarorlari ustidan norozi bo‘lingan taqdirda kassatsiya tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga murojaat qilish mumkin. Ya’ni, Qonunda sud ishlarini hal qilish va sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish tartibi aniq belgilab qo‘yilgan.

To‘g‘ri, Oliy sud rahbariyati ishlarni ko‘rishda bevosita ishtirok etadigan holatlar ham bor, lekin bunday ishtirokning tartibi ham qonun bilan belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasida sud qarorlarini qayta ko‘rishda Oliy sudi Rayosati eng yuqori sudlov instansiyasi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari Oliy sudi Rayosati tarkibiga lavozim bo‘yicha ishtirok etadilar.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari, rais o‘rinbosarlari tegishligi bo‘yicha ma’muriy, jinoiy, fuqarolik va iqtisodiy sudlov hay’atlarining raislari hisoblanadi va ular ushbu sudlov hay’atlari majlislarida raislik qiladilar.

Lekin, shuni tushunish kerakki, qonunga ko‘ra har bir sudya mustaqildir va faqat qonunga bo‘ysunadi. Sudyaning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ya’ni, Oliy sud va boshqa darajadagi sudlar rahbariyati o‘z qo‘l ostidagi sudyalar tomonidan qaror qabul qilinishiga aralashishga haqqi yo‘q.

Shuningdek, Oliy sud rahbariyati tomonidan sud qarorlaridan norozilik bilan bog‘liq masalalarda qabullar o‘tkazilishi kelgusida ular tomonidan sudya sifatida ishni ko‘rishida qaror qabul qilishga o‘z ta’sirini o‘tkazishi, ya’ni xolislik tamoyilining buzilishiga olib kelishi ham mumkin.

Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda ham sudlar rahbariyatiga fuqarolarni qabul qilish majburiyati yuklanishi, deputatlarning sudlar faoliyatini nazorat qilishi holatlari uchramaydi. Masalan, Yaponiyada Oliy sud tomonidan fuqarolar qabuli degan gapning o‘zi yo‘q, yozma ravishda ariza bilan murojaat qilish mumkin.

Yaqin xorij mamlakatlarini ko‘rsak, masalan Rossiya Federatsiyasida Oliy sud rahbariyati tomonidan fuqarolarni shaxsiy qabuli nazarda tutilmagan, umumiy yurisdiksiya sudlari raislari zimmasiga esa o‘zlari rahbarlik qilayotgan sudda fuqarolarni qabul qilish ishlarini tashkil qilish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining “Federal Kengash a’zosining maqomi va Rossiya Federatsiyasi federal Majlisining davlat Dumasi deputati maqomi to‘g‘risida”gi qonunida Rossiya Federatsiyasi senatori, Davlat dumasi deputati surishtiruv, tergov va sud organlari faoliyatiga aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan.

Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlarda va qabullarda deputatlarimiz ham o‘zlariga murojaat qilgan fuqarolarga qonun talabi bo‘yicha sud ishiga hech kim, hatto deputatlar ham aralash olmasligini, sud hujjatlari ustidan shikoyat qilishning qonuniy protsessual tartibi borligini tushuntirishsa aholi orasida ortiqcha tushunmovchiliklar kamaygan, va eng asosiysi, haqiqiy sud mustaqilligiga erishishga yana bir qadam tashlangan bo‘lar edi.

P.S. “Jahon odil sudlov loyihasi” xalqaro nohukumat tashkiloti e’lon qilib kelayotgan qonun ustuvorligi indeksining hukumat vakolatlarining sud tomonidan samarali ravishda cheklanganligi, sud tizimining hukumat noo‘rin ta’siridan xoliligi kabi indikatorlarda O‘zbekiston o‘z o‘rnini yaxshilashga erisha olmayapti.

Bu esa mamlakatimizda sud mustaqilligini ta’minlashga yanada ko‘proq e’tibor qilishni taqozo etadi.

Shu sababli, sudlarning va sudyalarning mustaqilligiga daxl qiluvchi barcha omillarni bartaraf etish, shu jumladan parlament nazorati ob’ekti doirasidan sudlar faoliyati bilan bog‘liq har qanday nazoratni chiqarib tashlash maqsadga muvofiq bo‘ladi.


R.Qurbonov,
Mustaqil izlanuvchi, sobiq sudya

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Suddan "qabul" talab qilish kerak...mi?