22:48 / 21.01.2021
8 814

Bir ko‘zli dajjol qachon yerga tushadi?

Bir ko‘zli dajjol qachon yerga tushadi?
Buvam din ilmini chuqur biladigan inson edilar. Biz nabiralariga qiziqarli rivoyatlarni ko‘p so‘zlab berardilar. Yaqinda buvamning bolalik davrimda bir ko‘zlik dajjol haqida so‘zlab bergan rivoyatlari esimga tushib qoldi.

Qadimgi kitoblarda yozilishicha, uzoq kelajakda osmondan yerga bir ko‘zli dajjol tusharkan. Juda bahaybat bu dajjolni odamlar katta bir uyga qamab qo‘yishadi va nimaligini bilish uchun sinchiklab o‘rgana boshlashadi. Chunki u odamlarga hech qanday ziyon yetkazmas ekan. Lekin odamlar dajjol hali ne-ne kulfatlar keltirishini bilishmas ekan.

Tez kunlarda bir ko‘zli dajjol ko‘payib ketib, ular butun bir shaharni va keyinchalik o‘sha davlatni egallab olishadi. Bir necha yillar ichida dajjollar turli shakllarga kirib, yer yuziga tarqalib ketishadi. Yerliklar qancha tilda so‘zlashsa, ular ham shuncha tilni o‘zlashtirib olishadi. Ko‘p o‘tmay dajjollar soni yer sharidagi odamlar sonidan ham oshib ketadi. Ular nafaqat yer ustida, balki yer ostida ham, daryo va dengizlarda ham odamlarni doim ta’qib qilib yurishadi. Odamlar dajjollardan tog‘u toshlarga ham, o‘rmonu ummonlarga ham, hatto osmonga ham qochib qutula olishmaydi. Odamlar ularning maqsadini bilolmay xavotirga tushishadi. Biroq endi kech edi...

Bir ko‘zli dajjol va uning gumashtalari odamlar aqlini o‘g‘irlab, ularning ruhini sindirish va o‘ziga tobe qilishni rejalashtiradilar. Shu yo‘l bilan ular ming yillar davomida insoniyat yaratgan barcha boyliklarga ega bo‘lib, yerdagi hukmronlikni qo‘lga kiritmoqchi bo‘ladilar. Bu g‘arazli maqsadini amalga oshirish uchun bir ko‘zli dajjollar turli shaklga kirib, odamlarni chuqur o‘rganishda davom etishadi. Ayniqsa, ular hamma narsaga ishonuvchan yoshlarni nishonga olishadi, ular bilan kechayu kunduz birga bo‘lishadi, ko‘ngilxushlik qilishadi. Dajjollar bir necha yil ichida odamlarni aqldan ozdira boshlaydi, ularning xulq-atvorini o‘zgartirib yuboradi.

Odamlar aqli har xil bo‘lganligi bois, kimdir aqldan kamroq, kimdir ko‘proq ozadi. Hamma gap shundaki, dajjollar dastlab aqlli odamlar ruhiyatini izdan chiqarishga intilishadi. Ko‘p o‘tmay yer yuzida dahshatli voqealar ro‘y bera boshlaydi. Farzandlar ota-onasidan, ota-onalar farzandlaridan voz kecha boshlaydi, ya’ni odamzod butun mehrini o‘sha dajjolga beradi. Dajjollar soni juda ko‘pligi va o‘ta ayyorligi bois, ularga hech kim bas kela olmay qoladi.

Dajjollar, avvalo, qudratli davlatlarni egallab, aholisini aqldan ozdiradi, ularni axloqsiz xatti-harakatlarga undaydi. Yer yuzida hayvonsifat odamlar paydo bo‘la boshlaydi, ko‘chalarda yarim yalang‘och yuradiganlar ko‘payadi. Bundaylarning na qariyalar, na betoblar, na beva-bechoralarga rahmi keladi. Odamlarning nutqi va talaffuzi ham o‘zgaradi, ular insoniyatga xos bo‘lmagan g‘alati tilda gaplashadigan, g‘alati qiliqlar qiladigan bo‘lib qolishadi. Bir ko‘zli dajjollar bora-bora odamlarga o‘z ona tilida gaplashishni taqiqlab qo‘yishadi. Ular faqat dajjollar orqali so‘zlashadigan bo‘lib qolishadi. Vaziyat shunday bo‘ladiki, farzandlar hatto ota yoki onasi bilan ham dajjol orqali so‘zlashadi, Ular o‘zlari bilmagan holda dajjolning quliga aylanib qolishadi.

Haddidan oshib borayotgan dajjollarga qarshi insoniyat bir tanu bir jon bo‘lib, salib urushini e’lon qiladi. Hatto asrlar mobaynida bir-birini ko‘ra olmaydigan davlatlar birlashib, bor kuchini yildan-yilga millionlab ko‘payib borayotgan dajjol va uning gumashtalarini yo‘qotishga safarbar qilishadi. Biroq kuchlar teng emas edi. Insonlar qirg‘inga uchray boshlaydi. Dajjollar esa ko‘payishda davom etaveradi, ular ko‘paygan sayin yanada ayyorlashib boradi. Bora-bora dajjollar nafaqat odamlar, balki turli hayvonlar tilini ham o‘zlashtirib olishadi.

Odamlarning dajjollarga qarshi kurashidan ularning qahri shu qadar oshib ketadiki, oxir-oqibat ular yosh bolalarni o‘z ota-onalariga qarshi gij-gijlay boshlashadi. Buning oqibatida bolalar yomon yo‘llarga kirib, ota-onalariga bo‘ysunmay qo‘yishadi va dajjollar yonini ola boshlashadi. Odamlar va dajjollar orasidagi qirg‘inrabot urush uzoq yillar davom etadi. O‘rtada juda ko‘p qurbonlar beriladi. Dajjollar odamlarni qirgani yetmaganday, bir-birining go‘shtini yeguvchi odamlar sonini ko‘paytirishga harakat qilishadi. Bo‘yi-basti turli xil dajjollar, hatto o‘z uyida nevarasini tinchgina boqib o‘tirgan qariyalarni ham ayab o‘tirmaydi.

Ularning ham asabini quritib, ruhiyatini izdan chiqarishadi. Natijada aqldan ozgan qariyalar nevaralariga bemehr bo‘lib qolishadi. Hatto dajjol bag‘rida jon beruvchi qariyalar paydo bo‘ladi. Yosh onalar ochlikdan chirqirayotgan norasida go‘daklarga ham qaramay qo‘yishadi. Bemehr dajjollar yetimxonalarga, maktab va bog‘chalarga ham bostirib kirishadi, korxonalarni egallab olishadi. Bir ko‘zli dajjollar eshikdan ham, teshikdan ham kirib kelishaveradi. Insoniyat paydo bo‘lgandan buyon bunday baloni ko‘rmagan edi. Ajablanarlisi shundaki, ular hayvonlarga tegishmas ekan. Biroq har ehtimolga qarshi ularni kuzatuvga olisharkan. Masalan, o‘rmondagi hayvonlarni, suvdagi baliqlarni, osmonu falakdagi qushlarni uzoqdan bilib-ko‘rib turadigan dajjollar paydo bo‘larkan.

Yillar o‘tib, yurtda odamlar bilan bog‘liq sharmandali voqea va hodisalar avj olibdi. Erkaklar erkakligini, ayollar ayolligini yo‘qota boshlabdi. Insoniyat urug‘ini quritish uchun ayyor dajjollar endigina to‘yi bo‘lgan yosh kelin-kuyov go‘shasiga kirib olisharkan. Yosh kelin-kuyov go‘shangada bir-birining emas, balki o‘sha dajjolning ko‘ziga tikilib yotarkan. Dajjol tong otguncha yoshlarning miyasiga yomon fikrlarni singdirib, ularni behayo qiliqlar qilishga undarkan. O‘zi esa chetdan tomoshabin bo‘lib qarab turarkan.

Oxir-oqibat insoniyat dajjollarga kuchi yetmasligini bilib, ularga taslim bo‘la boshlabdi. Irodali odamlarning ham asablari qurib, ruhiyati izdan chiqibdi. Bir ko‘zli dajjollar bilan murosaga kelishishdan boshqa iloj qolmabdi. Dajjollar bu g‘alabani butun yer yuzida katta bayram qilib nishonlashibdi. Ular o‘zlarining yerga tushgan davrlariga bag‘ishlab turli xil tadbirlar uyushtiribdi. Barcha sarf-harajatlarni esa odamlar bo‘yniga yuklashibdi.

Kechagina ularga qarshi kurashib yurgan odamlar dajjollar to‘ylarida yelib-yugurib xizmat qilisharkan, ularga izzat-ikrom ko‘rsatisharkan, ularning kuch-qudratiga va aqlu zakovatiga hamdu sanolar o‘qisharkan. Sevgi-muhabbat, mehr-oqibat, do‘stlik va sadoqat nimaligini bilmaydigan bu dajjollar insoniyat ustidan to‘la g‘alaba qozonish uchun ularni aqldan ozdirishning yangi va yangi usullarini o‘ylab topishdan toyishmapti va dunyoni buzishda davom etishaveribdi.

Hatto ko‘zga ko‘rinadigan, biroq qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydigan dajjollar paydo bo‘la boshlabdi. Ular tugmadek teshikdan bemalol chiqib, katta hajmga yetar va barcha qilg‘iliqni qilib, yana o‘sha teshikka kirib ketar ekanlar. Bunday dajjollarni na tayoq bilan urib, na o‘q bilan otib bo‘larkan.

Odamlar ustidan to‘la g‘alaba qozonishsa ham dajjollar qabih niyatlarini amalga oshirishda davom etaveribdi. Masjidlar, cherkovlar va boshqa muqaddas joylarni ham egallab olishibdi. Vaziyat shunday tus olar ekanki, odamlar hali tili chiqmagan farzandlarini ham dajjollar bilan do‘stlashishga majbur qilisharkan.

Oqibatda, chaqaloq avval ota-onasi bilan emas, balki dajjol bilan til topisharkan. Bu vaziyatni yaxshi tushungan dajjol bolani o‘zi tarbiyalay boshlarkan. Natijada hali bog‘cha yoshiga ham yetmagan bola insoniyat tilini emas, balki dajjol tilini o‘zlashtirib olarkan. Dajjollar shu yo‘l bilan odamlar jismini ham, ruhini ham sindirisharkan.

Butun dunyoni zulmat bosibdi. Dajjollar bosimiga bardosh bera olmay o‘z joniga qasd qiluvchilar soni ko‘payibdi. Farzandi kelajagidan xavfsirab, dajjolni majaqlab tashlagan mushtipar onani bo‘g‘izlab o‘ldiradigan farzandlar paydo bo‘libdi.

Ushbu dahshatli rivoyatni yuragimni hovuchlab eshitayotganimni eslayman. Bu holatimni sezgan buvam so‘zlashda to‘xtab, mehr bilan boshimni silab, endi uxla, yarim tun bo‘lib qoldi deganlar. Men qo‘rqa-pisa buvamdan “Biz tirikligimizda bu dajjol yerga tushmaydimi?” deb so‘raganman. Buvam jilmayib: “Sen qo‘rqma, biz tirikligimizda bu dajjol yerga tushmaydi” deganlar.

Keyin bilsam buvam bir oz adashgan ekanlar. Bir ko‘zli dajjol buvam tirikligida yerga tushmadi-yu, biroq men tirikligimda yerga tushgan ekan. Ular – kompyuter, noutbuk, turli xil planshet va smartfonlar edi. Men ham ushbu maqolani bir ko‘zli “dajjol” yordamida tayyorladim...

Zarifboy Ibodullayevning
“Asab va ruhiyat” kitobidan olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bir ko‘zli dajjol qachon yerga tushadi?