00:13 / 23.01.2021
3 347

Andijondagi shamol sabab bir nechta bino talafot ko‘rdi, uy tomi esa Damas’ni bosib qoldi

Andijondagi shamol sabab bir nechta bino talafot ko‘rdi, uy tomi esa Damas’ni bosib qoldi
Foto: Asaka tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi
Andijon viloyatida 22 yanvar kuni tongda sodir bo‘lgan kuchli shamol bir nechta bino tomi va ayrim qurilmalarga zarar yetkazdi, deya xabar berdi «Daryo» nashri.

Aytilishicha, Ulug‘nor tumanining «Shahriobod» mahallasi hududidagi ikkita ko‘p qavatli uyning tom qismi uchib ketishi oqibatida elektr simlari uzilgan. Ko‘ngilsiz voqeadan hech kim jabr ko‘rmagan.

Foto: Asaka tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi
Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, hodisa haqida xabar berilgach ishchi guruh voqea joyiga yetib borgan va nosozliklarni bartaraf etishga kirishgan.

Foto: Asaka tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi
«Mutasaddilar tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan ko‘p qavatli uylar holatini o‘rganib, muammolarni bartaraf etishga kirishdi. Qurilish otryadi o‘z ishini boshlab yubordi. Tomni yopish ishlari bir necha kun ichida yakuniga yetkaziladi. Shu o‘rinda yurtdoshlarimizdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan har xil mish-mishlarga ishonmasliklarini so‘rab qolamiz. Hammasi nazorat ostida. Vahimaga o‘rin yo‘q», — deydi viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Rasulbek To‘lanov.

Foto: Asaka tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi
Ta’kidlanishicha, kuchli shamol Asaka tumanining «Ulug‘bek» mahallasi, Sadaqayrag‘och ko‘chasi, 151-xonadonida yashovchi fuqaro G‘.A.ning darvozaxonasi va qurilishi bitmagan uyining tom qismini ham uchirib ketib, uy egasining Damas’ini bosib qolgan.

Foto: Asaka tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi
Asakalik jurnalist Bobirmirzo Hojiakbarovning aytishicha, chaqiruvga asosan ushbu xonadonga Asaka tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari soat 07:35 da yetib borgan. Talafot ko‘rgan xonadon soat 10:05 ga qadar tartibga keltirilgan. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Foto: Asaka tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi
Avvalroq Andijonda ham qor bo‘roni sabab yuzaga kelgan ko‘ngilsiz hodisalar yuz bergani ma’lum qilingandi. Xususan, Andijon shahridagi «Ruboiy» kafesi oldidagi reklama banneri ustuni shamolda egilib ketgan. Bundan tashqari, Bog‘ishamoldagi eski mashina bozoridagi do‘konning tomi uchib ketib, Damas ustiga qulagan, Shahrixonda «Vatanparvar» tashkilotining tomi shamolda uchib ketib, Espero va Damas’ni bosib qolgan, Asakada bodring ekilgan issiqxonalarning plyonkasi uchib ketgan.

Foto: Gulshoda Ahmadjonova
«O‘zgidromet» O‘zbekistonda haftaning ikkinchi yarmidan shamol tezligi kuchayib, qor yog‘ishini, shamol tezligi 17-22 metr/sekundni tashkil etishi, ba’zi joylarda 25-28 metr/sekundgacha yetishini ma’lum qilgandi. Toshkent IIBB poytaxtda kuchli shamol bo‘lishi kutilayotgani sababli aholini ogohlantirgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Andijondagi shamol sabab bir nechta bino talafot ko‘rdi, uy tomi esa Damas’ni bosib qoldi