14:05 / 25.01.2021
2 415

Otasining boyligidan voz kechgan amir

Otasining boyligidan voz kechgan amir
Tariximiz benihoya boy. Uni tubida injular yotgan dengizga mengzash mumkin. Afsuski, uzoq yillar bu injulardan bexabar qoldik. Xususan, sho‘ro mafkurasi bu yo‘lda oyoqqa tushov bo‘ldi.U o‘tmishimizni qora bo‘yoqlarda ko‘rsatib, ajdodlarimizni savodsizga, qoloqqa chiqardi. Shohu amirlar yuziga loy chapladi.

Vaholanki, tariximizda adolatli, ma’rifatparvar, elparvar, odil, oyog‘i yerdan uzilmagan hukmdorlar ham ko‘p bo‘lgan. Ulardan biri Amir Ma’sum Shohmurodxondir.

— Shohmurodxon 1785 — 1800 yillarda Buxoroni boshqargan, — deydi Sitorai Moxi Xossa muzeyi katta ilmiy xodimi Nargiza Jumayeva. — U tariqat yo‘liga kirgan so‘fi amir bo‘ladi. O‘zidan avval Buxoroga 27 yil hukmdorlik qilgan otasi Amir Doniyolxonning boyliklaridan voz kechib, el qatori oddiygina yashaydi. Hech kimdan tuhfa olmagan. Oddiy kiyingan. Hatto o‘z nomini xutbada zikr qilishni taqiqlagan. Insoniy fazilatlari uchun unga xalq «Amiri ma’sum» ya’ni «Begunoh amir» degan nom bergan.

Manbalarda aytilishicha, uning eng katta xizmatlaridan biri Samarqand shahrini qayta tiklaganidir. Gap shundaki, 1723 yilda Samarqandga Tavakkalxon, 1740 yilda Nodir shoh boshchiligida bosqin uyushtiriladi. Boy va go‘zal shahar talon-taroj qilinadi. Boyliklari olib ketiladi. Boz ustiga vabo tarqaladi. Shahar ko‘chalari huvillab qoladi.

Taqdirning inoyatini qarangki, yosh va kuch-g‘ayratga to‘lgan Shohmurodxon Samarqandga hokim bo‘ladi. Tadqiqotchi Inoyatulla Suvonqulovning «Samarqand qadamjolari» risolasida yozilishicha, ana shunday og‘ir sharoitda Shohmurodxon shaharni qayta tiklashga bel boylaydi. 24 ta yangi mahalla va ularda masjidlar barpo etib, ketganlarni ortga qaytaradi, turli joylardan odamlarni Samarqandga ko‘chirib olib keladi. Shaharda yana hayot qaynaydi.

Shohmurodxon bu kabi ezgu ishlarni nafaqat Samarqandu Buxoro, balki amirlikning boshqa go‘shalarida ham amalga oshirgan. Binobarin, elparvar hukmdorlarning hayotini chuqur o‘rganish, ezgu ishlaridan aholi, xususan, yoshlarimizni xabardor qilish, badiiy asarlar, kinofilmlar yaratish foydadan xoli emas. Zero, inson qadru qimmati uning boyliklari bilan emas, ezgu, xayrli ishlari bilan o‘lchanadi.

Istam IBROHIMOV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Otasining boyligidan voz kechgan amir