22:13 / 25.01.2021
2 399

Ambidekstriya haqida ta’limot

Ambidekstriya haqida ta’limot
2002 yil. A.R. Luriyaning 100 yillik yubileyi. Amerikalik neyropsixolog I.M. Tonkonogiy va Z.R. Ibodullayev

2002 yili klinik neyropsixologiya fani asoschisi akademik Aleksandr Romanovich Luriyaning 100 yillik yubileyiga bag‘ishlangan xalqaro simpozium bo‘ldi. Uning asosiy tashkilotchisi Ye.D.Xomskaya edi. Menda u bilan yaqindan tanishish va to‘rt yildan buyon olib borayotgan ilmiy izlanishlarim natijalarini yuzma-yuz so‘zlab berishga katta imkoniyat paydo bo‘lgan edi. Ilmiy ishimning asosiy maqsadi – ambidekstrlarda ro‘y bergan insultlarda bosh miyaning chap va o‘ng yarim sharidagi oliy ruhiy funksiyalarni o‘rganish edi.

Izoh: o‘zida ham chapaqaylik, ham o‘naqaylikni mujassamlashtirgan odamlarga ambidekstr deyishadi. Chapaqaylar va o‘naqaylar yaxshi o‘rganilgan-u, ambidekstrlar esa go‘yoki o‘rtada qolib ketgandek o‘rganilmay qolgan edi. Men ambidekstrlarda ro‘y bergan insultga oid ma’lumotlarni hech bir manbada uchratmadim.

Ushbu anjumanda dunyoning yirik davlatlaridan eng mashhur neyropsixologlar ishtirok etishayotgan edi. Men bor imkoniyatdan foydalanib, ko‘zga ko‘ringan neyropsixologlardan ambidekstriya haqida fikrini so‘rardim. Eng qizig‘i, hech qayerda bosh miya zararlanishlariga oid ilmiy ishlar ambidekstrlarda olib borilmagani ayon bo‘ldi. Ambidekstriya, asosan, sportchilarda (tennischilar, bokschilar) o‘rganilganligini aytishdi. Shundan so‘ng mening fikru zikrim ambidekstrlarni o‘rganish bo‘lib qoldi. Agar men ularda bosh miyaning chap va o‘ng yarim shari insultlarini o‘rgansam, bu odamlarda insult modelini yarata olardim.

Ertasi kuni Burdenko nomli Neyroxirurgiya institutida chapaqaylarga oid ilmiy izlanishlari bilan mashhur bo‘lgan professor Dobroxotova bilan uchrashdim va unga o‘z fikrimni aytdim. U bir oz o‘ylanib turdi-da, nima qilasan ambidekstrlarni o‘rganib, menimcha chapaqaylarda insult kechishini o‘rgangan ma’qul dedi. Men chapaqaylar yaxshi o‘rganilganku, bu haqda ilmiy ishlar ko‘p-ku dedim. Mening ambidekstriya haqidagi fikrim uni qiziqtirib qo‘ygani shundoq bilinib turardi. Olima menga “Levshi” degan kitobini sovg‘a qildi va biz xayrlashdik.
Men Moskva Davlat universiteti (MDU) professori Ye.D.Xomskaya bilan bir oy ichida bir necha marotaba uchrashdim, ma’ruzalarida qatnashdim.

Unga ambidekstriya haqidagi fikrimni aytganimda, bu g‘oya juda ma’qul tushdi. Aynan mana shu yo‘nalish o‘rganilmay qolganligi, agar men ularda insult kechishini o‘rgansam, ambidekstrlarda insult modelini yaratishim mumkinligini aytdi. U menga ilmiy ish natijalari haqida bog‘lanib turishimni va agar imkoni bo‘lsa dissertatsiya himoyasi paytida albatta Toshkentga borishini va’da qildi. Germaniyada neyropsixolog Luriya markazini ochgan va ushbu anjumanda ishtirok etayotgan professor Shonle bilan ham ambidekstriya haqida gaplashganimda, bu g‘oya uni ham qiziqtirib qolgandi.

2002 yil. Neyropsixolog A.R. Luriyaning 100 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Xalqaro anjuman. Germaniyalik neyropsixolog Shonle va Z. Ibodullayev

Men butun anjuman mobaynida 1977 yili AQSHga ketib qolgan va 80 yoshdan oshib qolgan professor Tonkonogiyning yonida yurdim. Unga ham o‘z g‘oyamni aytdim. “Bu juda zo‘r g‘oya-ku! Kel, shu haqda birga ish olib boramiz, sen ilmiy grantlar yutib Amerikaga kelishga harakat qil. Men senga hamma sharoitni yaratib beraman. Agar yoqsa, shu yerda qolib ishlaysan” dedi. Biz tashrifnomalar bilan almashdik. Ertasi kuni uning o‘zi meni izlab topdi.

Uning bu qiziqishlari menda qandaydir hadik uyg‘otdi, buning ustiga ingliz tilini ham bilmasdim. Ingliz tilini tezda o‘rgansa bo‘lardi, biroq qandaydir kuch bu ishlarni yolg‘iz bajarishimga undardi. Mening g‘oyam shuncha olimlarda qiziqish uyg‘otganligi to‘g‘ri yo‘lni tanlaganligim isboti edi. Men bu ishlarni o‘z yurtimda amalga oshirishga ahd qildim.

Doktorlik dissertatsiyam 2004 yili butunlay tayyor bo‘ldi va himoyani kutardim. Uning bir nusxasini professor Ye.D.Xomskayaga yubordim.
Afsuski, bu paytda olima vafot etgan ekan. Dissertatsiyamga taqrizni MDU neyropsixologiya laboratoriyasi mudirasi T.F.Axutina yubordi. U telefondagi suhbatda dissertatsiyamga yuqori baho berib, Ye.D.Xomskayaning unga aytgan gapini eslatdi: “Yaqin kunlarda ambidekstrlarda insult modelini toshkentlik yigit yaratadi...”.

Zarifboy Ibodullayevning
“Asab va ruhiyat” kitobidan olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ambidekstriya haqida ta’limot