23:50 / 25.01.2021
2 568

Buxorolik dasturchi Prezidentdan davlat loyihalarini berishni so‘radi

Buxorolik dasturchi Prezidentdan davlat loyihalarini berishni so‘radi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatidagi ikki kunlik safari doirasida IT-park filialiga tashrif buyurib, 25 yoshli dasturchi, Monday Labs kompaniyasi asoschisi Saidravshan Shokirov bilan suhbatlashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati e’lon qilgan maxsus reportajga tayanib «Gazeta.uz» xabar berdi.

Prezident undan o‘z kompaniyasini rivojlantirish uchun nima zarurligini so‘radi. IT-tadbirkor davlat rahbaridan unga davlat loyihalarini ishonib topshirishni iltimos qildi. Bunga javoban Shavkat Mirziyoyev davlat loyihalarini amalga oshirishning uchta ustuvor yo‘nalishini — qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va xalq ta’limi sohalarini taklif etdi.

«Qishloq xo‘jaligida qishloqni obodonlashtirish — jiddiy davlat loyihasi. Suv, yer, o‘g‘itlar. Katta davlat dasturi. Mana, ertaga viloyat hokimi [Botir Zaripov] bilan gaplash. Senga sog‘liqni saqlash sohasida katta davlat loyihasini mablag‘ bilan taqdim etaman. Xalq ta’limi ham jiddiy loyiha. Dasturiy ta’minot mahsulotlari, fanlarni qanday qilib puxta o‘zlashtirilishi, maktabdan keyin o‘qitish, bilim berish. Bu ham davlat loyihasi. Men pul to‘layman. Qila olasanmi?» — deb so‘ragan Prezident.

Dasturchi o‘z jamoasi bilan loyihalarni birma-bir amalga oshirishi mumkinligini ma’lum qilgan. «Umuman olganda, menimcha, biz uddalaymiz», — degan u.

Shavkat Mirziyoyev Saidravshan Shokirov «endi uning do‘sti» ekanligini aytgan. Keyin davlat rahbari uni yosh dasturchi bilan suratga olishni so‘ragan.

Prezident, shuningdek, chet elda ishlab, O‘zbekistonga qaytib kelgan dasturchi Shaxrullo Tuxsanov bilan ham suhbatlashgan. Prezident «G‘oya bilan to‘xtab qolish kerak emas, agar kerak bo‘lsa, davlat maksimal darajada, shu jumladan, moliyaviy tomondan ham qo‘llab-quvvatlaydi», deb ta’kidlagan.

Davlat rahbari yosh dasturchilarni ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha buyurtmalar bilan ta’minlash, «mablag‘lar, kuch va vaqtni tejaydigan» dasturiy mahsulotlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

Prezident axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘zlashtirmasdan hech qanday rivojlanish bo‘lmasligini ta’kidlagan. «Buni hammangiz tushunishingiz kerak — boshqa iloj yo‘q», — degan u.

Saidravshan Shokirov avval ham Prezident bilan suhbatlashgan. Dekabr oyi oxirida davlat rahbarining yoshlar bilan uchrashuvida dasturchi Shavkat Mirziyoyevdan bir guruh yosh IT-tadbirkorlar uchun Facebook, Google va boshqa yirik kompaniyalarga ekskursiya uyushtirishni iltimos qilgan. Xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganib, O‘zbekistonga qaytgach ular ushbu yechimlarni mamlakatda tatbiq etishlari mumkin, deb aytgan.

Davlat rahbari ushbu taklifni to‘g‘ri deb topgan va bosh vazir maslahatchisi Olimjon Umarovga viloyatlardan Saidravshan boshchiligidagi jamoa tashkil qilishni topshirgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxorolik dasturchi Prezidentdan davlat loyihalarini berishni so‘radi