14:43 / 26.01.2021
3 617

Kim haq? Shomurodov masalasida "Jenoa" muxlislari ikkiga bo‘lindi

Kim haq? Shomurodov masalasida "Jenoa" muxlislari ikkiga bo‘lindi
Eldor Shomurodov o‘zbekistonlik futbol muxlislari uzoq vaqt kutgan Yevropaning kuchli beshlik chempinoatlarida o‘z o‘rnini topib, o‘zbek futboli salohiyatini namoyon eta oladigan hozircha yagona futbolchimiz hisoblanadi.

Qolgan o‘yinchilarimizni kamsitmagan holda shuni ta’kidlash lozimki, ayni paytda yevropalik skautlar e’tiborini torta oladigan boshqa futbolchimiz ko‘zga ko‘rinmayapti. O‘zbekistonlik charm to‘p ustalari uchun Yevropa bu Rossiya va Belarus bo‘lib qolmoqda. Hatto Rossiya chempionatidagi legionerlarimiz ham yuqori ligada jamoalarida o‘ziga joy ochishga qiynalmoqda.

O‘zbekiston futbolchilarining bozori Janubiy Koreya va arab mamlakatlari bo‘lib qoldi. Tailand, Indoneziya, Malayziya kabi davlatlarga yo‘l olayotgan vakillarimizni o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygan futbolchilar, deb e’tirof etolmaymiz.

Shomurodov “Jenoa”da yaxshi o‘ynayapti. Har holda ikkita murabbiy davrida ham boshlang‘ich tarkib o‘yinchisi ekanini isbotlab qo‘ydi. Imkon qadar jamoa gollarida ishtirok etmoqda, himoyaga yordam beryapti, xullas, qo‘lidan kelganini qilmoqda.

“Jenoa” muxlislari Eldor Shomurodovning o‘yinini baholashda ikkiga bo‘linib qolganini ta’kidlash lozim. Aksariyaga o‘zbek legionerining xatti-harakatlari ma’qul kelmoqda. Biroq, Eldordan ko‘proq natija, gol va samara kutayotgan ashaddiy muxlislar ham kam emas. Ular orasida Shomurodovni tanqid qilayotganlari ham topiladi.

E’tiboringizga italiyalik muxlislarning Eldor Shomurodov haqidagi salbiy va ijobiy munosabatlarni havola etamiz.

Luana Corradino:
Hozir Mattia Destro va Goran Pandev safga qaytganidan keyin, Shomurodovni o‘ynatishda biror mantiq ko‘rmayapman. Bu o‘yinchi yarim yil davomida o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish qila olgani yo‘q.

Alhaji Bello: (Luana Corradino izohiga javoban)
Fikringga qo‘shilaman. 14 ta o‘yinda 2 ta gol juda kam. Destro 16 ta bahsda 7 ta to‘p kiritdi.

Simone Zurro: (Alhaji Bello izohiga javoban)
Futbolchining maydondagi funksiyalari faqat gol urish bilan cheklanmaydi. Shomurodov gol urishdan tashqari ham jamoaga juda ko‘p yordam beryapti. “Kalyari” bilan bo‘lgan o‘yinda sizlar maqtayotgan Destroning gol urishi uchun barcha ishni Shomurodov amalga oshirib berdi.

Alessandro Fusco (Simone Zurro fikriga javoban)
“Kalyari” bilan bo‘lgan bahsda Eldor bir juft qulay vaziyatni ham yo‘qqa chiqarib, gol ura olmadi. Uning yutuqlari o‘yinda yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklarini yopa olmaydi.

Manuela Leli:
Eldorga yana vaqt kerak. U ko‘p foyda keltiryapti. Yaqinda o‘zi ham ko‘p gol ura boshlaydi.

Alessandro Paffi:
Shomurodovda yaxshi o‘ynab ketish uchun imkoniyat yetardi. Hali mavsumning yarmi oldinda.

Gianluca Pertoso:
Keyingi paytda Shomurodov gol urish mumkin bo‘lgan ko‘p vaziyatlarni barbod qilyapti. Agar shu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanganida goli soni Destronikidan ko‘p bo‘lardi. Menimcha, Shomurodov markaziy hujumchi ampluasiga to‘g‘ri kelmayapti. U qanotdan hujum uyushtirishi kerak.

Alex Rossi:
Shomurodov juda ko‘p mehnat qilyapti. Lekin hujumda raqib darvozasiga yetarlicha xavf sola olmayapti. U o‘z imkoniyatlaridan unumliroq foydalanishi kerak.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kim haq? Shomurodov masalasida "Jenoa" muxlislari ikkiga bo‘lindi