18:05 / 26.01.2021
2 484

«Qirg‘izlar 2 ta oilani garovga olgandi...». «So‘x voqealari» ishida jabrlanuvchilar va guvohlar tinglandi

«Qirg‘izlar 2 ta oilani garovga olgandi...». «So‘x voqealari» ishida jabrlanuvchilar va guvohlar tinglandi
Foto: «Daryo»
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida 2021 yil 25 yanvar kuni «So‘x voqealari» bo‘yicha jabrlanuvchilar va guvohlar ko‘rsatmasi tinglandi. Bu haqda sud ishida qatnashgan «Daryo» muxbiri Azizjon Ermatov xabar berdi.

Sud ishida jabrlanuvchilar Rahimjon Toirov, Boqijon Pirnazarov, guvohlar Ulug‘bek Mamajonov va Doniyor Ermatov 31 may kun sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Jabrlanuvchi Rahimjon Toirov: «O‘sha kuni meni otishdi. Oyog‘imdan o‘q yedim»
«31 may kuni darveshona — hashar bo‘ldi. Qo‘shnimiz bilan Chashmaga bordik. Buloqni tozaladik, uning atroflarini tartibga keltirdik. Keyin pastga qarab ariqlarni tozalab kelayotgan edik, odamlardan Chashmadagi uylar yonayotganini eshitdik. Borib, yonayotgan uylardagi o‘tni o‘chirishga yordam berdim. Birdaniga o‘q ovozi eshitildi. Qirg‘izlar meni otishdi. Oyog‘imdan o‘q yeb, yiqildim. O‘zimdan ketib qoldim. Keyin nimalar bo‘lganini bilmadim. Chunki o‘zimda emasdim. Shifoxonada hushimga keldim. 15 kun yotib, davolandim.

Qirg‘izlar ancha tepada joylashgan edi. Ular tomondan toshlar uchib kelayotgandi. Biznikilar ham tosh otishdi. U yerda sudlanuvchilardan hech kimni ko‘rmadim. Bularning hech biriga davoyim yo‘q. Chunki menga tekkan o‘q qirg‘izlar tomondan otildi. Bizning fuqarolarda qurol yo‘q edi. Shifoxonada janjal, to‘polon bo‘lganidan xabarim yo‘q. Meni hech kim urmadi. O‘q yeb, jarohat olganim bo‘yicha hech kimga murojaat qilmadim. Jabrlanuvchi sifatida hech kimdan davoyim yo‘q
», — dedi Rahimjon Toirov.

Foto: «Daryo»
Jabrlanuvchi Boqijon Pirnazarov: «Qirg‘izlar ikkita oilani garovga olgandi»
«2019 yilning 28 sentabridan beri So‘x tumani IIBda tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosar bo‘lib ishlayman. 31 may, yakshanba kuni soat 08:00 da xizmatni boshladim. Mahalladagi o‘smir o‘z joniga qasd qilgan ekan, shu hodisani joyiga borib o‘rganib keldik. Keyin shifoxonaga borib, joniga qasd qilgan o‘smirni uyidagilarga topshirdik. Soat 11:00 larda bo‘limda, ish joyimda edim. Chashmada vaziyat yaxshi emas, deb telefon qilishdi.

Tumanning sobiq hokimi, o‘rinbosarlari, soliq idorasining rahbari bilan Chashmaga yetib bordik. U yerda 200 tacha odam to‘plangan ekan. Shu payt tepadan toshlar otila boshlandi. Bizning fuqarolar ham javob qaytarishdi. Toshbo‘ron boshlanib ketdi. Pana joyga o‘tishga majbur bo‘ldik. Fuqarolarni tinchlantirishga harakat qildik. Lekin vaziyat og‘irlashib ketdi. Soat 12:00 larda ratsiya orqali tuman IIB bilan bog‘lanib, qo‘shimcha kuchlarni yordamga chaqirdik.

Bo‘limdagi barcha kuch-vositalarni voqea joyiga jalb qildik. Boshimizga ‘kaska’ kiyib, qo‘limizga qalqon olib, birinchi qatorga o‘tdik. Harbiylar bilan birga jonli devor hosil qilib, soat kunduzgi ikkilargacha fuqarolarni himoya qilib turdik.Qirg‘izlar tepada joylashgani uchun ular tomondan ko‘proq tosh otildi. Bitta katta tosh uchib kelib, yonimdagi harbiyning qalqoniga urilib, mening tizzamga tegdi. Tosh katta edi, jarohat oldim. Bir amallab pastga tushib, 5—10 daqiqa nafas rostlab oldim.

Fuqarolarimizning birortasida qurol ko‘rmadim. Qirg‘izlarda esa ov qurollari bor edi. Qirg‘izlar fuqarolarimizdan bir-ikkitasini otishgach, bizning odamlarimiz ham agressiv holatga kirishdi. Harbiylarimizning qurollarini tortib olishga harakat qilishdi. Biz ularni tinchlantirishga urindik. Qirg‘iz tomonning harbiylari tomonidan qurol ishlatilmadi. O‘qlar ov qurollaridan otildi. Soat 5—6 larda qirg‘izlar tomonning rahbarlari biz bilan uchrashmoqchi bo‘ldi. Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari, tuman IIB rahbarining o‘rinbosarlari, oqsoqollar bilan birgalikda qirg‘izlar bilan muzokara o‘tkazishga harakat qildik.

Shu vaqtda o‘zini Qadamjoy ichki ishlar bo‘limining rahbari deb tanishtirgan odam qirg‘izlar bizning ikkita oilani garovga olganini aytdi. U garovga olingan O‘zbekiston fuqarolari o‘zining xizmat xonasida sog‘-salomat o‘tirganini, ularga hech qanday ziyon yetmaganini, vaziyat o‘nglanishi bilan ularni bizga olib kelib topshirishlarini ta’kidlab, xavotir olmasligimizni bildirdi. Garovga olingan fuqarolarimiz haqida boshqa ma’lumot eshitmadim. Chunki u erda mendan katta rahbarlar va bu ishga mas’ul bo‘lgan sohaviy xizmat vakillari bor edi. Biz fuqarolarimizga qarshi hech narsa qilmadik, kuch ishlatmadik. Tinchlantirishga harakat qildik, xolos. O‘sha kuni 7—8 nafar ichki ishlar xodimi, 10 dan ortiq harbiy jarohat oldi.


Foto: «Daryo»
Kech soat 8—9 larda viloyatdan yordam kuchlari yetib keldi. Hammani tinchlantirib, to‘plangan odamlarni tarqatib yuborginimizgacha soat tungi 11—12 bo‘ldi. Tuman IIBga tungi 1 larda yetib keldik. IIB binosining oynalari sinib yotgan ekan. Yangi olingan ‘UAZ’ xizmat mashinasining oynalari ham sindirib tashlangandi. IIB binosiga kimlar tosh otganini ko‘rmadim. U payt Chashmada edim. Viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevga tosh otilgan holatni ham ko‘rmadim. Men oldi qatorda, jonli devorda turgan edim.

2 ta holatda qirg‘izlar paloxmondan, ipga o‘ralgan toshlardan foydalanganini ko‘rdim. Ular tepalikda joylashgani uchun ularga tosh otish qulay edi. Ular tomonda 3—4 ming fuqaro bor edi. Ikki nafar farg‘onalik fuqaroning xonadonini yoqib yuborishdi. Oyog‘imga tosh tegib, jarohat olganim haqida hech qayerga ariza bilan murojaat qilmadim. Sudlanuvchilarga jarohatim bo‘yicha davoyim yo‘q. Chunki oyog‘imga tosh qirg‘izlar tomondan otildi. Vaziyat og‘irligi uchun 3—4 kun jarohatimga qaray olmadim. Keyin shifoxonaga borib, yengil muolaja oldim
», — dedi IIB xodimi.

Guvoh Ulug‘bek Mamajonov: «Benzin sepib, uylarni yoqib yuborishdi»
«Chashma qishlog‘ida yashayman. So‘x tumani IIB 11-sonli bo‘limda profilaktika inspektori bo‘lib ishlayman. 31 may kuni ertalab tuman IIB rahbarlaridan topshiriqlarni olib, o‘zimning bo‘limimga bordim. Soat 10 larda tuman IIBdan Chashmaga borish topshirig‘i berildi. Mashinamda Chashmaga bordim. U yerda odam juda ko‘p edi. 4 mingga yaqin odam bor edi. Mashinamni pastroqda qoldirib, buloqqa piyoda chiqib bordim. Qalqon bilan kaska berishdi.

Birinchi qatorda jonli devorda turdik. Qirg‘izlar tosh otayotgan edi. Biz tomondan tan jarohati olganlar ko‘p edi. Ertalab soat 10 larda borib, kechki yetti-sakkizlargacha fuqarolarni himoya qilish maqsadida jonli devorda turdim. Viloyatdan yordam kuchlari yetib kelgach, o‘zimning bo‘limimga ketdim. O‘zim avval Chashmada profilaktika inspektori bo‘lib ishlaganman. Ko‘pchilikni yaxshi taniyman. Bizga fuqarolarimiz yomon muomala qilishmadi. Qo‘l ko‘tarishgani yo‘q.

30—40 nafar qirg‘iz qo‘llarida benzin va boshqa narsalar bilan biz tomonga tushib kelishdi. Ravshan akaning uyiga kirib, o‘t qo‘yib, yoqib ketishdi. Yana bitta uyga o‘t qo‘yib yuborishdi. Fuqarolarimiz yong‘inni o‘chirib, uydagi narsalarni tashqariga olib chiqishdi. Uylarni, odamlarni himoya qilishga harakat qilishdi. Fuqarolarimizni qirg‘izlarni ur, ularga tosh ot, deganini eshitmadim. Viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev ichki ishlar xodimlari, harbiylar va odamlar qurshovida bizning oldimizgacha keldi.

Odamlarni tinchlantirishga harakat qildi. Lekin nimalar deganini eshita olmadim. Hamma yoqda baqir-chaqir, toshbo‘ron bo‘layotgandi. Ko‘pchilik viloyat hokimining gapiga quloq solmadi. Orqaga qaytishmadi. Keyin hokim va boshqa rahbarlar o‘sha yerdagi uylardan biriga kirib, orqa tomondan pastroqqa tushib ketishdi. Pastda viloyat hokimi bilan nima voqea yuz berganini bilmayman. Kimdir hokimning qo‘lidan tortib, sudraganini, haqorat qilganini ko‘rmadim
», — dedi Ulug‘bek Mamajonov.

Foto: «Daryo»
Guvoh Doniyorjon Ermatov: «Bo‘limga borsak, IIB binosining oynalari ham singan ekan».
«So‘x tumani ichki ishlar bo‘limida ishlayman. 31 may kuni rahbarlardan topshiriq bo‘ldi. Hushyor qishlog‘ida o‘g‘rilik sodir bo‘lgan ekan. Shu hodisani joyiga borib, o‘rganib keldik. Soat 11 larda tezda Chashmaga borishimizni aytishdi. Taksiga o‘tirib, buloqqa yetib bordim. Qalqon va kaska olib, jonli devorda turdim. Toshbo‘ron 5—6 soat davom etdi. Ikkala tomon ham tosh otdi bir-birlariga. Orada rahbarlarimiz o‘zaro kelishmoqchi bo‘lib, muzokara o‘tkazishdi.

Keyin yana toshbo‘ron boshlanib ketdi. Qirg‘iz fuqarolari biz tomondagi bitta-ikkita uyni yoqib yubordi. O‘t o‘chiruvchilar kelib yong‘inni o‘chirishdi. Lekin qirg‘izlar yana qaytadan yoqib yubordi o‘sha uyni. Kechki payt viloyatdan qo‘shimcha kuchlar keldi. Fuqarolarni tarqatishga harakat qildik. Qorong‘i edi, aniq ko‘ra olmadim, kimdir idishdagi benzinni yoqib, harbiylarimizning ustiga otib yubordi. Qo‘shimcha kuch yordamida odamlarni sekin-asta pastga tushirib, tarqatib yubordik.

Ichki ishlar bo‘limiga kelsak, markaziy shifoxonada odamlar to‘planibdi, janjal bo‘lyapti, degan xabar keldi. Shifoxonaga borsak, odamlar u yerdan chiqib ketayotgan ekan. Faqat tan jarohati olganlar qolibdi. Keyin ichki ishlar bo‘limiga hujum bo‘lyapti, zudlik bilan yetib kelinglar, deyishdi. Bo‘limga borsak, IIB binosining oynalari sinib yotgan ekan. Ikkita joyimga qirg‘izlar tomondan otilgan tosh tekkan. Jarohatim yengil bo‘lgani uchun shifokorlarga uchrashmadim. Biror yerga shikoyat ham qilmadim. Garovga olingan fuqarolarimiz sog‘-salomat qaytarib olib kelinganini keyinchalik eshitdim
», — dedi IIB vakili.

Jabrlanuvchilar va guvohlar ko‘rsatmalari tinglangach, advokatlar va prokuratura xodimlari ularga savollar bilan murojaat qildi.

Eslatib o‘tamiz, viloyatning So‘x tumani Chashma qishlog‘ida qo‘shni davlat fuqarolari bilan suv masalasidagi mojaroda ishtirok etgan 22 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini sudda ko‘rib chiqish jarayoni 2020 yil 9 noyabr kuni boshlangan edi. Shundan so‘ng 23—30 noyabr kunlariga tayinlangan sud majlislari ayrim sabablarga ko‘ra belgilangan vaqtda o‘tkazilmadi.

Jinoyat ishi doirasida 9 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish va 13 nafar shaxsga uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Sudlanuvchilar orasida ikki nafar voyaga yetmagan shaxs ham bor. Sudda voyaga yetmagan sudlanuvchilarning qonuniy vakillari ishtiroki ta’minlangan.

Foto: «Daryo»
Ushbu jinoyat ishi doirasida dastlabki tergov organi tomonidan 22 nafar shaxsga Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga o‘zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek, qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilish) va 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) bilan ayblov e’lon qilingan.

Sud ishida 27 yanvarga qadar tanaffus e’lon qilindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Qirg‘izlar 2 ta oilani garovga olgandi...». «So‘x voqealari» ishida jabrlanuvchilar va guvohlar tinglandi