20:13 / 31.01.2021
2 576

«Agar cheklovlarga rioya qilmasak, karantin kuchaytirilishi mumkin» — Bahodir Yusupaliyev

«Agar cheklovlarga rioya qilmasak, karantin kuchaytirilishi mumkin» — Bahodir Yusupaliyev
Agar o‘zbekistonliklar zarur sanitariya qoidalariga rioya qilmasa, mamlakatda karantinni kuchaytirish choralari ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev ma’lum qildi.

«Koronavirusga qarshi kurash davom etmoqda, yangi kasallanish holatlari, yangi shtammlar paydo bo‘lmoqda. Shuning uchun men O‘zbekiston aholisini joriy etilgan cheklovlar — niqob taqish, masofa saqlash, antiseptiklardan foydalanishga rioya qilishga chaqirmoqchiman», — degan u «O‘zbekiston 24» telekanali efirida.

Uning aytishicha, koronavirusning barcha yangi turlari chetdan kirib kelmoqda.

«Respublika fuqarolariga murojaat qilib, ulardan zarurat bo‘lmasa, koronavirusning yangi turlari aniqlangan mamlakatlarga sayohatga bormasliklarini so‘rayman. Agar respublikada joriy qilingan cheklov choralariga birgalikda amal qilmasak, zaruratsiz boshqa davlatlarga chiqsak, karantin choralari kuchaytirilishi va O‘zbekistonda aviaqatnovlarga cheklovlar qo‘yilishi mumkin», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 24 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusning yangi shtammi O‘zbekistonda ham aniqlangani, bu kasallik oldingisidan-da og‘ir kechishi, fevral oyida karantin qaytishi to‘g‘risidagi audio tarqalgandi. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekov bu mish-mishlar o‘rinsiz ekanligini, lekin shu bilan birga ehtiyot choralarini susaytirmaslik kerakligini aytgandi.

30 yanvar kuni koronavirusning «britancha» shtammi O‘zbekistonga kirib kelgani ma’lum bo‘ldi. U 23 yanvar kuni Dubaydan qaytib kelgan 10 yoshli qizchada aniqlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Agar cheklovlarga rioya qilmasak, karantin kuchaytirilishi mumkin» — Bahodir Yusupaliyev