15:45 / 03.02.2021
2 937

Bosh vazir o‘rinbosari prezident bilan majlisda amaldorlar tinimsiz yozishi haqida

Bosh vazir o‘rinbosari prezident bilan majlisda amaldorlar tinimsiz yozishi haqida
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqov prezident bilan o‘tadigan majlislarda hukumat vakillari nega bloknotga tinimsiz yozishlarining sababi haqida so‘zlab berdi. Izohlanishicha, bu O‘zbekistonda shakllangan siyosiy madaniyat hisoblanadi.

«Amerika ovozi» jurnalisti Navbahor Imomova O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqov bilan suhbatda prezident bilan o‘tgan majlislarda mutasaddilar bloknotga tinimsiz yozishlari, bir-birlarini tinglashmayotgani va ko‘zma-ko‘z muloqot qilinmayotgani omma muhokamasiga sabab bo‘lishi haqida savol berdi.

Bosh vazir o‘rinbosarining aytishicha, davlat rahbari ishtirokidagi majlisda yozishmalardan maqsad topshiriqlarni eslab qolish, ma’lum masala yuzasidan xulosa qilish uchun qulay va bu O‘zbekistonda shakllangan siyosiy madaniyatdir.

«Bu – bizda shakllangan siyosiy madaniyat. Misol qilib men o‘zimni aytishim mumkin. Bir kun davomida bosh vazir o‘rinbosari sifatida davlat rahbaridan nechta topshiriq olishimni hisob-kitob qilsak, oson bo‘lmaydi. Chunki u bitta yoki ikkita emas. Men o‘zim uchun topshiriq berilganda yozishimning sababi eslab qolishim uchun va mavzudan kelib chiqib o‘zimning ishimga taalluqli bo‘lgan joylarini xulosa qilishim, agar menga so‘z berilsa, asosan qaysi masalalarni ko‘tarishim kerakligini o‘zim uchun belgilab olaman. Prezident aytganlarida yozish ham siyosiy madaniyat, u bizda shakllanib bo‘ldi. Bu nima omillar ta’sirida paydo bo‘ldi va hokazo gaplar ikkinchi masala.

Har bitta davlat va jamiyatda o‘ziga yarasha siyosiy madaniyat bor. Nima uchun shu savolni qo‘yayotgan odamlarimiz boshqa davlatlardagi bizga juda bir g‘alati tuyulishi mumkin bo‘lgan holatlarni muhokama qilmaydi.

Masalan, ayrim sharqiy Osiyo davlatlarida bir – biriga engashishlar bor. U mamlakatlar juda demokratik deb tan olingan. Men juda ko‘p misol keltirishim mumkin. Lekin bu bizda shakllangan siyosiy madaniyat va biz uni hurmat qilishimiz kerak
», – dedi hukumat rasmiysi.

Suhbat davomida jurnalist hukumat rahbarlari prezident bilan qay darajada ochiq muloqot qila olishi haqida so‘ragan.

«Albatta, bizda yopiq, ya’ni tor doiradagi yig‘ilishlarda turli fikrlar aytiladi. Hatto prezident oldida ham men bitta fikr aytishim, boshqa hamkasbim unga nisbatan boshqacha fikr aytishi ham mumkin. Davlat rahbarining talablari ham shundan iborat. Boshqa mamlakatlardagi, hukumatlardagi a’zolar, hamkasblarimiz ko‘radi. Ular ham muzokaralarda qatnashishadi. Qiziq-qiziq muloqotlar, gaplar bo‘ladi. Ya’ni bizni ko‘rishadi. Ular bizga havas bilan «sizlarda prezident gapirishga imkoniyat berarkan, sizlarni tinglar ekan» deb aytishadi», – deya bosh vazir o‘rinbosari so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma’lumot uchun, Sardor Umurzoqov 2019 yil yanvardan e’tiboran Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri sifatida ishlab kelmoqda.

Sardor Umurzoqov 2018 yilning 1 iyun kuni «O‘zcharmsanoat» uyushmasining raisi etib tasdiqlangandi. U bundan avval «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Sardor O‘ktamovich Umurzoqov 1977 yilning 23 noyabr kuni tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (bakalavr) va Reding universitetini (Buyuk Britaniya, magistratura) tamomlagan.

2000-2003 yillar davomida Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tizimida (avvaliga bosh ofisda, so‘ng – Samarqanddagi bo‘linmada) ishlagan. 2003 yilning noyabrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida (London shahri) o‘z faoliyatini boshlagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bosh vazir o‘rinbosari prezident bilan majlisda amaldorlar tinimsiz yozishi haqida