12:23 / 05.02.2021
1 657

Yangiyo‘llik 8 yoshli qiz o‘g‘rining qo‘lidan qanday qutulib qolganini o‘zi so‘zlab berdi

Yangiyo‘llik 8 yoshli qiz o‘g‘rining qo‘lidan qanday qutulib qolganini o‘zi so‘zlab berdi
Kadr: Telegram
3 fevral kuni Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida 8 yoshli qizni begona erkak olib ketmoqchi bo‘lgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalgan edi. Keyinroq IIB va prokuratura holat yuzasidan tergov harakatlari boshlagan. 4 fevral kuni Yangiyo‘lda 8 yoshli maktab o‘quvchisini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingan bo‘lib, u muqaddam qotillik uchun sudlangani ma’lum bo‘lgan. Zo‘r TV telekanalining «Bu kun» dasturi ijodkorlari qizaloq bilan suhbatlashib, aslida vaziyat qanday bo‘lganiga oydinlik kiritdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan ko‘rish mumkinki, qizaloqning yoniga noma’lum shaxs kelgan va u bilan suhbatlashgan. Unga shirinlik olib berishini aytib, qo‘lidagi maktab sumkasini olib, birgalikda bozor tomonga harakatlangan. Ular biroz yurgandan so‘ng qizaloq u bilan ketmasligini aytib, yig‘lay boshlaganida erkak qizga maktab sumkasini qaytarib, o‘zi yo‘lda davom etgan.

«Darsim tugagan edi. Sinfdan chiqdim. Keyin begona amaki ‘yur, senga shokolad olib beraman’, dedi. Xo‘p dedim. Yarim yo‘lga yetganda «shokolad yemayman, qo‘limni qo‘yvoring, men ketaman», dedim, — deya so‘zlab berdi o‘g‘rining qo‘lidan qutulib qolgan qiz.

Ma’lum bo‘lishicha, ularni Yangiyo‘l shahrining Samarqand ko‘chasi temir yo‘l vokzali oldidan o‘tib ketayotganida, ushbu ko‘chada kabob tayyorlab sotuvchi Abdulaziz O. ko‘rib qolganligi sabab noma’lum shaxs qiz va uning sumkasini tashlab hodisa joyidan yashiringan.

Tezkor chora-tadbirlar natijasida 4 fevral kuni soat 10:00 larda Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati xodimlari qidiruvdagi shaxsni Oqqo‘rg‘on tumani markaziy tibbiyot birlashmasiga qarashli oilaviy poliklinika hududida qo‘lga olib, Quyi Chirchiq tumani IIBga topshirgan.

Olib borilgan surishtiruv ishlari mobaynida ushbu shaxs Toshkent viloyati, Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi, muqaddam Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi, 164-moddasi (bosqinchilik) 2-qismi bilan sudlangan, 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro X.T. ekanligi ma’lum bo‘lgan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)