23:56 / 05.02.2021
3 723

Rasul Kusherbayev Surxondaryoda qo‘lga olingan bloger haqida

Rasul Kusherbayev Surxondaryoda qo‘lga olingan bloger haqida
Foto: Telegram / Rasul Kusherbayev
Surxondaryo viloyati Termiz shahrida IIB xodimlari tomonidan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy tovlamachilikda ayblanib qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ushbu bloger atrofidagi voqealar haqida Telegram-kanalida post qoldirdi.

«Yuqoridagi rasmdagi bola surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy. U yaqinda Qiziriq tumanidagi fermerlar Oliy Majlisga kelganida men bilan uchrashib, tanqidiy chiqishlari uchun Surxondaryodagi amaldorlarning bosimlari haqida aytib, yordam so‘ragandi.

Uning aytishicha, Otabek bir necha oy oldin jamoatchilik nazorati uchun Sherobod tumanidagi bozorda narx-navolarni telefoniga tushirayotganida bozorning bir nechta zo‘ravon xodimlari kelib, urib, ust-boshini yirtib, telefonini sindirib tashlashgan.

Keyin u IIBga ariza berib, o‘sha zahoti bozordagi zo‘ravonlik bo‘yicha tuman hokimiga uchragan. Tuman hokimi Otabekka bu voqealarni Internetga chiqarmaslikni iltimos qilib, unga sindirilgan telefon o‘rniga tovon tariqasida yangi telefon olib berishlarini va shu yo‘l bilan yetkazilgan zarar qoplanishini va’da bergan ekan.

Qonunlarimizning adolatli va insonparvar ekanligiga ishongan men sodda deputat esa Otabekka: ‘Mayli, siz sindirilgan telefoningizni oling, lekin bozordagi zo‘ravonlik uchun bozor boshlig‘i javob berishi kerak. Arizangiz natijasiz qolsa, menga murojaat yuboring. O‘zbekistonda Prezident siyosati sabab ochiqlik bo‘lmoqda, Surxondaryoda amaldorlar qonunlarga qaramasa ham, Prezident siyosatiga qarshi chiqmasa kerak’ – deb, ko‘nglini ko‘tarib jo‘natib yuboribman.

Bugun esa xuddi o‘sha bloger sindirilgan telefoni o‘rniga tovon tariqasida olgan telefonini deb tovlamachilikda ayblanmoqda. Balki ‘vijdonini yutgan’lar yana nimalardir bo‘yniga qo‘yishar. Zo‘ravonlar esa jazosiz qolmoqda. Eshitishimcha, Otabekning IIBga bergan arizasi ham yo‘q bo‘lish arafasida.

O‘z vaqtida uning ogohlantirishiga jiddiy e’tibor bermaganimdan afsusdaman. Men bunchalik pastkashlikka borilmas, degan o‘yda edim. Afsus...

Bilasizmi, bu amaldorlarni tanqid qilayotgan bitta blogerga emas, butun boshli so‘z erkinligiga, Prezidentning ochiqlik siyosatiga qarshi surxondaryolik amaldorlarning isyonidir.

Biz hozir jim kuzatsak, ertaga har birimiz tanqidlar uchun tovlamachilikda ayblanishimiz mumkin
», – deb yozadi deputat o‘z Telegram-kanalida.

Ma’lumot uchun, Otabek Sattoriy o‘zining uyi oldida maxsus kimyoviy ishlov berilgan bir dona telefon apparatini olgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan tovlamachilikda ayblanib ushlangan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rasul Kusherbayev Surxondaryoda qo‘lga olingan bloger haqida