17:03 / 09.02.2021
691

Buxoroda davlat raqam belgisini soxtalashtirib, qonundan qochishga uringan haydovchilar aniqlandi

Buxoroda davlat raqam belgisini soxtalashtirib, qonundan qochishga uringan haydovchilar aniqlandi
Buxoro viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan davlat raqami belgisidagi harflar ustiga boshqa harf yopishtirib, radardan yashirinish maqsadida qoidabuzarlik sodir etayotgan haydovchilar aniqlanmoqda. Bu haqda viloyat IIB YHXB matbuot guruhi rahbari Ulug‘bek Shukrullayev maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, Vobkent tumani fuqarosi A.E. o‘z boshqaruvidagi Lacetti rusumli 80 K 135 LA davlat raqamli avtomashinasi raqamini 80 K 136 UA belgisi bilan soxtalashtirib, qoidabuzarlik sodir etgan. U ichki ishlar xodimlarining o‘z xizmat vazifasini bajarishiga ham to‘sqinlik qilgan. Olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari davomida A.E.ning boshqa avtomashinalarga tegishli raqamlardan qirqib olib, o‘z raqami ustiga boshqa harflarni yopishtirgan holda harakatlangani aniqlangan.

Shuningdek, boshqa haydovchilar tomonidan ham o‘ziga tegishli avtomashinalar raqamlarini (jumladan, Chevrolet Lacetti 80 Q 252 OA hamda Lacetti 80 A838 VA raqamli) soxtalashtirilgani fosh etildi.

Ularga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) hamda 125-moddasi 6-qismi (Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish)ga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

"Davlat raqami belgisini almashtirish boshqa haydovchilarning javobgarligiga, yoki sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarda esa bir qator tushunmovchiliklarga olib keladi. Achinarlisi, davlat raqam belgisini o‘zgartirib, qonundan qochishga uringan haydovchilar o‘z xatti-harakati uchun boshqa haydovchilarning qimmatga tushishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmagan. Xuddi shunday holatlarni sodir etgan haydovchilarga nisbatan ham amaldagi qonunchilikka asosan, tegishli tartibda choralar ko‘rilmoqda", - dedi Buxoro viloyat IIB YHXB matbuot guruhi rahbari Ulug‘bek Shukrullayev.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)