10:13 / 12.02.2021
2 291

Prezident yangi farmonni imzoladi

Prezident yangi farmonni imzoladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 oktabrdagi «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–6096-son Farmoniga muvofiq hamda iqtisodiyotga xususiy investitsiyalarni jalb qilishni jadallashtirish maqsadida:

Xalqaro konsalting, auditorlik va investitsiya maslahatchilari, investitsiya banklari va boshqa ixtisoslashgan kompaniyalarni (keyingi o‘rinlarda – professional tashkilotlar) jalb etgan holda davlat aktivlarini xususiylashtirishning zamonaviy usullarini joriy etish amaliyoti boshlanganligi ma’lum qilindi.

O‘rnatilgan tartibga muvofiq mazkur Farmonning 1 va 2-ilovalarida ko‘rsatilgan davlat aktivlarini ommaviy savdolarga qo‘yishda va ularni sotish jarayonlarini tashkil etishda:

professional tashkilotlarni jalb etish Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yoki «UzAssets» investitsiya kompaniyasi tomonidan eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida amalga oshiriladi. Bunda, ular bilan tuziladigan shartnomalarni ekspertizadan o‘tkazish talab etilmaydi;

professional tashkilotlar tomonidan davlat aktivlarini sotish maqsadida aniqlangan qiymat yoki qiymatlar oralig‘i (baholash faoliyatining milliy standarti talablaridan qat’i nazar) savdo jarayonida mo‘ljal sifatida hisobga olinishiga ruxsat beriladi;

baholash tashkilotining baholash to‘g‘risidagi hisobotida tavsiya etilgan va uning ekspertiza xulosasida aniqlangan narxni davlat aktivining boshlang‘ich narxi sifatida majburiy belgilash to‘g‘risidagi talab amal qilmaydi;

Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasiga davlat aktivlarining boshlang‘ich narxini e’lon qilmagan holda sotish to‘g‘risida e’lonlar berish hamda 2 tadan kam bo‘lmagan takliflar orasida eng yaxshisi asosida sotish bo‘yicha qarorlar qabul qilish vakolati beriladi (baholash to‘g‘risidagi hisobotda tavsiya etilgan va ekspertiza xulosasida aniqlangan narxdan qat’i nazar).

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 avgustga qadar davlat mulkini xususiylashtirishda baholovchi tashkilotlarni tanlash, ularning xizmatlari qiymatini aniqlash va to‘lashning eng yaxshi tijorat takliflarini tanlab olish tartibi joriy etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J.Ortiqov belgilandi.

Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir A.N.Aripov zimmasiga yuklandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)