12:22 / 12.02.2021
1 799

Baxt o‘zi nimadir? (Sud zalidagi o‘ylar)

Baxt o‘zi nimadir? (Sud zalidagi o‘ylar)
Ba’zan boshimizga kulfat tushganda o‘zimizni ovutishga harakat qilamiz. Bu dunyo kimga vafo qilibdiki, men mehrga umidvor bo‘lsam, deymiz tan berib. Aslida ham shundaymikin? Balki, o‘zimiz dunyoga vafo qilmayotgan bo‘lsak-chi? Fukarolik ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudida navbatdagi ochiq sud jarayonida ishtirok etar ekanman, xayolimdan shu fikrlar o‘tdi. Bunga da’vogaru, guvohlarning ko‘rsatmalari sabab bo‘ldi.

— Aslini olganda atrofimdagi insonlardan farqlanib turadigan jihatim yo‘q edi, — hikoya qiladi da’vogar Svetlana Rashidova (ayrim sabablarga ko‘ra ism-shariflar o‘zgartirilmoqda). — Xonobod shahrida tug‘ilib, voyaga yetdim. Bog‘chaga, maktabga bordim. Hamma qatori yashadim, o‘yladim, ishladim. O‘zbek yigiti bilan turmush qurdim. Qiz farzandli bo‘ldik. Unga muhabbatimiz mevasi bo‘lgani bois «Muhabbat» deya ism berdik.

Inson yo‘ldan adashmasin ekan. Ba’zan bilib-gohi bilmay noto‘g‘ri yo‘lga kirib qoldim. Spirtli ichimlikka ruju qo‘ydim. Kayfu safoda o‘tayotgan har bir kunimni baxt, deb o‘yladim. Mana shu hayot tarzi umrim mazmuniga aylana boshladi. Qizalog‘imga yaxshi ona bo‘lish, uni axloqli qilib tarbiyalash xayolimga ham kelmadi. Har bir bosgan nojo‘ya harakatim meni g‘aflat sari boshladi. Qarabsizki, jinoyat sodir etdim. Natijada 2010 yilning aprel oyida 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildim. O‘shanda qizim atigi uch yoshda edim. Oilam parokandalikka yuz tutib bo‘lgani bois farzandimni tarbiyasiga oladigan yaqinlarim topilmadi.

Shuning uchun u Andijon shahridagi «Bolalar shaharchasi»da tarbiyalana boshladi. Jazoni ijro etish muassasasi jazolovchi emas, balki qayta tarbiyalovchi maskan ekan. Bu yerdagi har bir kunim ortda qolgan chirkin xotiralardan saboq chiqarishga undadi. O‘zimni oqlash uchun har qancha sabab axtarmayin, baribir jo‘yali sabab topa olmasdim. Alamimni mehnatdan ola boshladim. Qarabsizki, binoyidek hunarmandga aylanib qoldim. Yillar o‘tgani sari bir paytlar spirtli ichimlik uchun kerak bo‘lsa bolamni chetga surganimni o‘ylab, vijdonim azob cheka boshladi.

Bu yerda men kabi ayollar ko‘p edi. Har oyda ularning ortidan yo‘qlab kelguvchi yaqinlarini ko‘rib yuragim allanechuk orziqib ketardi. Garchi, jinoyatchi bo‘lsada, ortidan yo‘qlaguvchilari, izlab kelguvchilari, kutguvchilari bor edi ularning. Meni-chi? Men ham kimgadir kerakmikinman? Ana shu savollar hayotimdagi xatolarimning salmog‘i nechog‘li og‘ir ekanligi ifoda eta boshladi.

Ko‘zlarimni chirt yumib, alamdan oqayotgan achchiq yoshni ichimga yutgim keladi. Shu zahoti ko‘z o‘ngim qorong‘ulashadi va jajjigina qo‘lchalarini menga cho‘zgancha yig‘layotgan qizimning siymosi paydo bo‘ladi... Men uni sog‘ina boshladim, uni ko‘rgim kela boshladi, sal bo‘lsa xotiramdan o‘chib ketay degan qiyofasini xayolan chiza boshladim...

Har bir kunim yilga tatigulik damlar asta ortga chekina boshladi. Kutilmaganda menga nisbatan afv e’lon qilindi. Tasavvur qilyapsizmi? Meni afv etishdi. Mendek jinoyatchi ayol meni yo‘qlaguvchi hech kim yo‘q, deb bu bevafo dunyoga yuz o‘girib yurgan bir pallada meni, mening taqdirimni o‘ylaguvchi hukumatim borligidan nechog‘li baxtiyor ekanligimni bilsangiz edi. Men bu davlatning qonunlariga qarshi chiqdim, uning axloq me’yorlarini mensimadim, u bo‘lsa menga yana bir imkon berdi, hayotga bo‘lgan ishtiyoqimni oshirdi.

Jazoni ijro etish muassasasidan qaytgach, Xonobod shahrida yashay boshladim. Inson hayotga qanchalar yaxshi nigoh bilan boqsa hayot ham unga o‘z yaxshiliklarini ravo ko‘rar ekan. Kutilmaganda Stepan bilan tanishib qoldim. O‘rtada farzand bo‘lmaganligi bois oilasi ayro tushgan ekan. Biz oila qurdik. Uning onasi bilan bir xonali uyda birga yashay boshladik. Bu orada qaynonam va Stepanga qizim borligini aytdim. Ular esa farzandimni olib kelishimni, katta bir oila bo‘lib yashashimiz lozimligini aytishdi. Biroq men qizimni o‘z vaqtida tarbiyamga qaytarib olmaganligim sababli 2018 yilning 7 noyabr kuni Xonobod shahar prokurorining da’vo arizasiga ko‘ra Qo‘rg‘ontepa tumanlararo sudining qaroriga binoan onalik huquqidan mahrum etilgan edim.

Shundan so‘ng qizimni qaytarib olish maqsadida sudga murojaat qildim. Afsuski, buning imkoni bo‘lmadi. Boisi, bir xonali uyda farzandimni katta qilish, tarbiyalash uchun yetarli sharoit mavjud emas ekan. Shundan keyin turmush o‘rtog‘im bilan ikki xonali uyni ijaraga olib, bir xonasini qizim uchun hozirladik. Andijon shahriga borib, undan xabar olib turdik. Muhabbat ham endi avvalgi murg‘akkina qizaloq emas edi. Stepanni ko‘rgan zahoti «Dada» deb bo‘yniga osilib oldi».

Ayolning hikoyasini tinglayapmanu, xayolim yana o‘ylar iskanjasiga g‘arq bo‘ldi. Biz ba’zan baxt tushunchasini o‘zimizcha anglaymiz. Bolalikda chiroyli ko‘ylak kiysak, dadamiz velosiped olib bersa, ota-onamiz janjallashmasa biz uchun baxt shudir! Maktabda o‘qituvchidan yoki bolalardan dakki yemasak, institutda o‘qisak, o‘zimiz sevgan kasbda ishlasak, ko‘ngil qo‘ygan insonimiz bilan turmush qursak shuni baxt deb o‘ylaymiz.

Baxtning shakli shunchalar ko‘pmi? Nega hayotimizdagi har bir yaxshi amallaru, quvonchli damlarning nomini baxt, deb ataymiz! Bilsangiz agar, menga hozir bu savolga javob topishning umuman ahamiyati ham qolmagandi. Chunki, qarshimda turgan ayolning nazdidagi baxtni ko‘rgim kelardi! Ayol bu baxtga erisharmikin? Farzandiga onalik huquqini qaytarib olishiga yo‘l qo‘yilarmikin?

— O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumining 1998 yil 11 sentabrdagi «Bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida»gi 22-sonli qarorining 20-bandiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 82-moddasiga muvofiq sudlar ota-onalik huquqini tiklash to‘g‘risidagi da’volarni ko‘rishda ota-onalarning xulq-atvori va turmush tarzi o‘zgargan- o‘zgarmaganligini, ularning bolalarini tarbiya qila olish-olmasliklarini sinchiklab tekshirishlari lozim, — deydi Andijon viloyat sudi sudyasining katta yordamchisi Kamronshox Rasulov. — Ota-onalik huquqini tiklashga agar bu bolalarning manfaatlariga mos kelsa, yo‘l qo‘yiladi.

Sud zalidan chiqar ekanman, bir-birini bag‘riga mahkam bosgancha, baxti bekamlikni o‘zida ifoda etgan oilaga endi aslo ko‘z tegmasligini tiladim. Ona boladan, bola onadan, oila a’zolari bir-birlaridan ayro tushmasin.

Ha aytgancha, boya baxt haqida gapirayotgandim... Bilsangiz agar baxt degani o‘tayotgan har bir daqiqamizdan minnatdor bo‘lib, unga shukr keltirib yashashda ekan. Ana shu baxtdan benasib qo‘ymasin...

Saminjon HUSANOV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Baxt o‘zi nimadir? (Sud zalidagi o‘ylar)