07:00 / 13.02.2021
1 080

Kusherbayev qamoqxonalardagi qiynoqlar nega yopiqligicha qolayotganining sababini aytdi

Kusherbayev qamoqxonalardagi qiynoqlar nega yopiqligicha qolayotganining sababini aytdi
Quyi palatadagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida Ombudsmanning 2020 yilgi hisoboti tinglandi. Unda deputat Rasul Kusherbayev Ombudsmanning 2019 yilgi hisobotida 139 mahbusdan qiynoqlar yuzasidan shikoyat kelib tushgani, lekin bu tasdiqlanmaganiga e’tibor qaratdi.

Rasul Kusherbayev qamoqxonalarda qiynoqlar nega aniqlanmayotganiga izoh berib, qamoqxonalardagi tibbiyot xodimlari Ichki ishlar vazirligi tizimiga bo‘ysunishini tanqid qildi.

«Qamoqxonalardagi qiynoqlar fakti o‘sha muassasadagi tibbiyot xodimlari xulosasi bilan tasdiqlanadi. Muassasa tibbiyot xodimi esa o‘z-o‘zidan IIV tizimiga bo‘ysunadi. Bu – jazoni ijro etish muassasalarida nega qiynoqlar aniqlanmayotganiga javob. O‘tgan yilgi hisobotda Ombudsman bu masalada IIVning bu boradagi yo‘riqnomasini bekor qilish va u yerdagi tibbiyot xizmatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘ysinuviga berish taklifini bergan. Shu masala ochiq qolib ketdi. Hozir bizga qamoqxonalardagi tibbiy xizmatning bo‘ysunuvini IIVdan olib, SSVga berishga nima xalaqit beryapti?» — dedi Rasul Kusherbayev.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova esa o‘tgan yilgi hisobot eshituvida ishtirok etmaganini ta’kidlab, unda qatnashgan mas’ul xodimlardan bu borada qanday ishlar amalga oshirilgani bo‘yicha ma’lumot berishlarini so‘ragan. Agar o‘rganishlar amalga oshirilmagan bo‘lsa, bu yil bu masala o‘rganib chiqilishini bildirgan.

«Bu asosan ikkala vazirlikning kelishuviga bog‘liq. Bizning tashkilot hozir ham shu fikrda. Shuning uchun bu taklif deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, muammo yechiladi. Yaqinda 13-koloniyaga ham borib keldik. Oylik masalasi juda ham past. Shu masala bo‘yicha ham bizga o‘z dardlarini aytib o‘tishdi. Bu masalalarni birgalikda o‘rganib, yechimini topsa bo‘ladi», — deydi Ombudsman kotibiyat mudiri Saidbek Azimov.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)