19:11 / 14.02.2021
2 841

Rossiyaga ishga ketgan yolg‘iz onaning yolg‘iz qizi zo‘rlangani aytildi. IIB buni «har ikki tomonning xohishiga ko‘ra yuz bergan jinsiy yaqinlik» deb hisoblamoqda

Rossiyaga ishga ketgan yolg‘iz onaning yolg‘iz qizi zo‘rlangani aytildi. IIB buni «har ikki tomonning xohishiga ko‘ra yuz bergan jinsiy yaqinlik» deb hisoblamoqda
Foto: «Daryo»
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tirikchilik ilinjida Rossiyaga ishlashga ketgan yolg‘iz onaning yolg‘iz qizi 2020 yilning sentabr oyida oilali erkak tomonidan zo‘rlangani aytilmoqda. Bu haqda «Daryo»ga ma’lum qilgan ona ism-sharifi sir saqlanishini so‘radi.

«2017 yil tirikchilik ilinjida Rossiyaga ishlashga ketgandim. 2020 yil dekabr oyiga qadar uy-joy qildim. Yolg‘iz qizim va o‘zim uchun barcha shart-sharoitni yaratdim. Ammo eng yomoni men xorijda yurgan paytim — 2020 yil sentabr oyi oxirida qizim oilali erkak tomonidan zo‘rlangan va qo‘rqqanidan hech kimga aytmagan. Men 2020 yil dekabr oyida Rossiyadan qaytdim. Uyga kelgach, qizimdagi o‘zgarishlarni — qayd qilishi, ko‘ngil aynishi kabi holatlarni ko‘rgach, nima bo‘lgani bilan qiziqdim. Qizim yaxshi ko‘rgan yigiti uylangan bo‘lishiga qaramasdan uni doimiy ravishda zo‘rlab kelganini, oqibatda homilador bo‘lib qolganini, zo‘rlangan paytda yigit uni qo‘rqitgani uchun hech kimga aytmaganini bildirdi», — deydi chiroqchilik ona.

Sevgan yigiti tomonidan zo‘rlanganini aytayotgan qiz sevgan insoni 2019 yil boshqa qizga uylanganini, uni zo‘rlagan paytda oilali bo‘lganini aytmoqda.

«Meni zo‘rlagan yigit bilan 2014 yildan beri yaxshi ko‘rishar edik. 2019 yil uning uydagilari bizning oilamiz ularga to‘g‘ri kelmasligini aytib, uni boshqa qizga uylantirgandi. 2020 yil sentabr oyida u mening yonimga mast holda kelib, farzandi bo‘lmayotganini aytdi va mendan farzand ko‘rish niyati borligini bildirdi. Men esa qiz bolaligimni aytib, bunga yo‘l qo‘yolmasligimni bildirdim. Shunda u menga kuch ishlatib, qizlik nomusimga tegdi.

Bu holat bir necha marotaba takrorlandi. U har safar mast holda kelib, zo‘rlardi. Qarshilik ko‘rsatishimga qaramay, menga kuch ishlatib, hatto ko‘zlarimni ko‘kartirib, urardi. Uyimizning qo‘shimcha kalitini ham olib, kechasi uyimga bostirib kelardi. O‘sha payt uyda yolg‘iz yashaganim sabab hech kimga aytolmasdim. IIBga murojaat qilay desam, o‘ldirib yuboraman, deb qo‘rqitar edi
», — deydi nomusi toptalganini aytayotgan qiz.

Foto: «Daryo»
Qizning aytishicha, oilali erkak uning yoniga kelganda bo‘lib o‘tgan voqealarni hech kimga aytmaslikni, agar kimgadir aytsa yoki IIBga shikoyat qilsa, uyini yoqib, o‘zini esa o‘ldirib yuborish bilan qo‘rqitgan.

«Shu sababli bo‘lib o‘tayotgan voqealarni hech kimga aytolmasdim. U urib, tepkilab, ko‘zlarimni ko‘kartirib ketardi. 10—15 kunlab uydan chiqolmay qolardim. Onam Moskavadan kelgach, bor voqeani aytishga o‘zimda kuch topdim», — deydi qiz.

«Qarindoshlarim uzoqroqda yashagan va o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib, voqeadan xabar topmagan. Qizim esa yolg‘iz yashagani sabab do‘q-po‘pisalardan qo‘rqib, hech kimga dardini aytolmagan», — deydi qizini 3 yil davomida yolg‘iz qoldirgan ona.

«Daryo» muxbiri bilan suhbatlashgan onaning aytishicha, u 22 yoshli qizining nomusiga tajovuz qilinganini aytib, IIBga murojaat qilgan.

«Biroq shu paytgacha hech qanday o‘zgarish yo‘q. IIB tergovchisi ‘voyaga yetgan qizni zo‘rlashga hech qanday jazo chorasi yo‘q. Ho‘p desangiz, qizingizning tug‘ilajak farzandiga otalikni belgilab, aliment olishida yordam beramiz’, deyishdi. Men pul yoki mol uchun shikoyat qilmadim. Qizimning nomusiga tekkan oilali erkak qilmishi uchun javob berishi kerak-ku. Nega yolg‘iz ayol va qizning nolasini hech kim eshitmaydi? Yoki zamon zo‘rniki, puli bornikimi?», — deydi qizning onasi.

«Biz holatni o‘rganib chiqqanimizda qiz va oilali ekanligi aytilayotgan 24 yoshli erkak o‘rtasidagi jinsiy yaqinlik har ikki tomon xohishiga ko‘ra sodir bo‘lgani aniqlandi. Buni qiz ham, yigit ham tan oldi. Qiz dastlabki yaqinlikni, ya’ni 2020 yil sentabrdagi holatni yigit majburan sodir qilganini, mast holda kelib, uni majburlaganini aytmoqda. Ammo yigit qiz bilan jinsiy yaqinlik bir necha marotaba sodir bo‘lganini aytib, bunda har ikkalasining xohishi asosiy o‘rinda turganini aytdi», — deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova.

Iroda Rasulovaning aytishicha, oilali erkak va 22 yoshli qiz o‘rtasidagi jinsiy munosabat haqida qizning dugonasi, ya’ni guvoh bor voqeani aytib bergan.

«Qizning dugonasi voqeadan xabardor bo‘lganini, zo‘rlanganini aytayotgan qiz bu haqda unga bir necha marotaba aytganini bildirdi. IIB shuni inobatga olib, voyaga yetgan qizning o‘z xohishi bilan jinsiy munosabatga rozilik bildirganini hisobga olib, buni zo‘rlash deb topmadi. Biroq uning tan jarohati olgan holati bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq hujjat tayyorlab, sudga taqdim qildi. Agar sud IIB tergovchisining ishini noqonuniy deb topsa, holat yana IIB tomonidan obdan o‘rganiladi, albatta», — dedi IIB axborot xizmati mas’uli.

Muallif: Otabek Qo‘ldoshev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rossiyaga ishga ketgan yolg‘iz onaning yolg‘iz qizi zo‘rlangani aytildi. IIB buni «har ikki tomonning xohishiga ko‘ra yuz bergan jinsiy yaqinlik» deb hisoblamoqda