09:40 / 15.02.2021
2 952

Missionerlik – siyosiy nayrangdir!

Missionerlik – siyosiy nayrangdir!
Diyorimizda 130 dan ortiq millat va elat tinch-totuv, o‘zaro hurmat-ehtirom bilan yashab kelmoqda. Ammo diniy qadriyatlarni erkinligidan g‘arazli maqsadda foydalanuvchilar ham bor.

Missioner so‘zi lotin tilidagi “mission” so‘zidan olingan bo‘lib, “yuborish”, “vazifa topshirish”, missioner esa “vazifasini bajaruvchi” degan ma’noni bildiradi. “World Book” (Jahon kitobi) ensiklopediyasida esa “Missioner – biror diniy guruh tomonidan boshqalarni o‘z diniga targ‘ib qilish va kiritish uchun yuborilgan kishi”, degan fikr qayd etilgan. Bu ma’lumotlardan kelib chiqib xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, missionerlik – bir dinga e’tiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targ‘ib qilishni anglatadi.

Nasroniylik (xristianlik)da turli sektalar borligi butun dunyoda katta muammoga aylangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan asrning oxirlarida rivojlangan mamlakatlarda mazkur dinning 1500 dan 5000 gacha turli yo‘nalishlari bo‘lgan. Lekin aholi ularni qabul qilmaganliklari uchun ko‘p yo‘nalishlari yo‘qolib hozirda ayrim mamlakatlarida 170 ga yaqin sekta va ularning 800 ta shaxobchasi mavjud ekan.

Aslida Xristian dinida Pravoslavlik (ruscha-chin e’tiqod) -1054 yilda xristianlikning bo‘linishi natijasida tashkil topgan.

Katoliklik (yunoncha-butun jahon) -1054 yilda xristianlikning bo‘linishi natijasida tashkil topgan.

Protestantlik (lotincha-norozi bo‘lish, kelishmaslik) o‘rta asrlarda katoliklikdan ajralib tashkil topgach, uning o‘zida turli oqimlar ko‘paydi.

Ba’zi kishilar sektalar va ularga da’vat qilayotgan “Missioner”larning nima zarari bor, deyishlari mumkin. Shu jihatga e’tibor berish lozim.

Birinchidan, missionerlik bilan ma’lum bir din kirib keladi. U bilan birga o‘zgacha dunyo qarash, urf – odat ham yoyila boshlaydi. Bu esa odamlar o‘rtasida diniy, e’tiqodiy, g‘oyaviy, fikriy bo‘linish va qarama – qarshiliklarni vujudga keltiradi.

Ikkinchidan, “da’vat”lari bilan bir dinni ikkinchi dindan ustun qo‘yish, o‘z dindoshlariga yaxshi munosabatu, boshqa dindagilarga yomon munosabat paydo bo‘ladi. Bu esa oila, qavm – qarindoshchilik hamda jamiyat birdamligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, odamlarning oilasida, jamiyatdagi muammolarni hal qilishda, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy sohalarda ham mojarolar bo‘lishiga olib keladi.

Uchinchidan, missionerlarni makriga tushib ularning ’zolariga aylanib qolishlari, ularning buyruqlari, ko‘rsatmalariga so‘zsiz itoat qilishlari natijasida qabih ishlarga ham qo‘l uriladi. Umuman olganda, bu uslub egalari o‘z muammolari bilan kishilarni mashg‘ul qildirib, mamlakatning boshqa muhim vazifalaridan aholini chalg‘itishni maqsad qilib qo‘ygan.

Missionerlar mamlakatimizga til, kompyuter o‘rgatish, turli – tuman o‘quv markazlari yoki har xil xayriya ishlari olib boruvchi nodavlat tashkilotlari qiyofasida kirib kelishga intiladi.

Sanab o‘tilgan omillarning o‘ziyoq bunday sektalar va ularning da’vatchilari jamiyat va davlatga katta xavf va zarar keltirayotganini ma’lum qiladi.

Missionerlar o‘z da’vatlarida o‘z dini bilan ularning dini o‘rtasidagi o‘xshashliklarga to‘xtaladi. Masalan, Iso payg‘ambar Islomda ham payg‘ambar sifatida tan olinadi, deydi. So‘ng Iso alayhissalomning buyukligi, Qur’onning bir nechta oyatlarida zikr etilganligini aytib, Injildagi misollar bilan boyitadi. Bundan tashqari missionerlar o‘zlarini kitoblarida ayrim Qur’oni karim oyatlarini ham keltirib, maqsadlari yo‘lida xizmat qildirmoqchi bo‘ladi. Bu holatni o‘zbek tilida chop qilingan kitoblarda ham kuzatish mumkin. Missionerlarni bu qilmishlari ikki yuzlamachi ekanliklarini ko‘rsatadi.

Qur’onning bir – necha oyatini xaq deb bilishsa, nega islomni qabul qilishmaydi yoki unga hujum qilishdan o‘zlarini tiyishmaydi? Holbuki ular Qur’onni inkor etadilar. Unda nega Qur’onga suyanadilar, degan savol tug‘iladi. Va bunga javob bitta – bu ularning qilmishlari makrdan boshqa narsa emasligi, ya’ni zohiriy amallari bilan asl maqsadlari bir emasligiga dalolatdir.

Ularning xarakatlari tagida ertangi kunga mo‘ljallangan katta siyosiy nayranglar yotibdi. Bu nayranglar ortida qanday qora maqsadlar yashiringan? Mamlakatimizning asosiy aholisi islom diniga mansub bo‘lib, deyarli 1500 yildan beri ajdodlarimiz musulmon bo‘lib kelgan. Bugungi avlod ham butun hayoti davomida shu dinga e’tiqod qiladi.

Urf – odati, ma’naviy tarixi bir xil xalqimizning yuragini parchalash, zaiflashtirish, parokanda qilish, mamlakatni doimiy nizo maydoniga aylantirib, uni hal qilishda o‘zlariga muhtoj qilib qo‘yish – mana ular ko‘zlagan asl maqsad! Sekta da’vatchilarning ortlarida turganlar ularni mablag‘ bilan ta’minlash, bu diyorlarni madaniy va ma’naviy istilo qilish va o‘zlari mustahkam o‘rnashib olish uchun o‘z makrlariga ilinganlardan foydalanadi.

Bunga tarix va tajriba guvoh. Missionerlar ayrim hududlarga alohida ahamiyat berib, u yerlarda o‘zlariga ergashganlar sonini ko‘paytiradilar. Natijada u yerlarda xalq orasida notinchliklar paydo bo‘ladi. Homiylar ularni qo‘llab-quvvatlashadi, oqibatda mamlakatni parchalashgacha olib boradi. Bunga misol: Sharqiy Timor o‘lkasi aholisini “xristian”lashtirgandan keyin bu o‘lkalarda to‘polonlar paydo bo‘ldi, butun g‘arb olami oyoqqa turdi va Sharqiy Timorni Indoneziyadan ajratib oldi.

Missionerlarning makriga tushib qolish oson, ammo ulardan xalos bo‘lish nihoyatda qiyin. Bugungi g‘oyalar kurashi davrida doimo hushyor bo‘lish zamonning talabidir. Shuning uchun har bir ota-ona, murabbiy, xususan imom xatiblar qolaversa, vatanga muhabbati bo‘lgan fuqaro ham eng avvalo o‘zi, so‘ng farzandi va yoshlarni missionerlarni makri va nayrangidan ogoh qilib, ularning zararli oqibatlaridan saqlashi lozimdir.

Murabbiy yosh avlodga tarbiya berayotganida missionerlarning da’vatini qabul qilgan musulmon kofirga aylanib qolishligini alohida tushuntirishi shartdir. Bundan tashqari yoshlarni missionerlarning arzimagan yordamlariga, jumladan ishlatilgan liboslar va muddati o‘tgan dorilar hamda bo‘tqa va supdan iborat bo‘lgan yeguliklarga imonini sotmaslikni tushuntirish kerak. Aks holda, Alloh saqlasin, imonini sotgan kishi vatanini ham sotadi.

Bir kishining noto‘g‘ri yo‘ldan qaytarib, to‘g‘ri yo‘lni topishga sabab bo‘lish bizga dunyo va undagi barcha narsalaridan yaxshi ekanligini esdan chiqarmaylik.

Aminjon Ismoilov,
Sirdaryo tumani bosh imomi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Missionerlik – siyosiy nayrangdir!