15:13 / 16.02.2021
1 611

O‘smirlarda ortiqcha vazn: Xavotirga asos bormi va nima qilish kerak?

O‘smirlarda ortiqcha vazn: Xavotirga asos bormi va nima qilish kerak?
Foto: «TutKnow.ru»
So‘nggi 30 yil ichida tana vazni yuqori bo‘lgan bolalar soni to‘rt martaga ko‘paygan, buning sababi kunlik ovqatlanish tarkibidagi kaloriya miqdori organizm ehtiyojidan oshib ketganligida, ya’ni ortiqcha ovqatlanishdan. Quyida shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev bugungi kunda aksariyat ota-onalar to‘qnash kelayotgan ushbu muammo yuzasidan tavsiyalar berib o‘tadi.

O‘smirlardagi semizlikning boshqa sabablari ham mavjud: harakatsiz turmush tarzi, kun tartibining yo‘qligi, surunkali uyqusizlik, psixologik bezovtalik, endokrin tizim kasalliklari va metobolik kasalliklardir.

Shuni ta’kidlash kerakki, endokrin tizim kasalliklari juda kam uchraydi. Ammo semirish sabablarini aniqlashdan, birinchi navbatda shundan, boshlash kerak. Gipoterioz, qandsiz diabet, epelepsiya, miya o‘simtasi va boshqa organizm metobolizmini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan kasalliklarni istisno qilish kerak. Muammo ovqatlanish madaniyati va harakat yetishmasligi bilan bog‘liqligiga amin bo‘lsangiz, uni bartaraf etishga kirishishingiz mumkin.

Psixolog nima deydi?
«O‘spirinlar, ayniqsa qizlar bu masalada qilingan izohni, tanqidni diliga yaqin oladi, tez ranjib qoladi, ruhiy noqulaylikni, stress holatini kuchaytiradi va oiladagi muhitni yomonlashtiradi. Ota-onalar va shifokorlar qizlar bilan bu masalada juda ehtyotkorlik bilan yondashishlari kerak. O‘rta maktab o‘quvchilari bizning bosimimizsiz ham o‘zlarini juda tanqid qilishadi. Muammoni hal qilishda faqat foydali maslahatlarning o‘zi kamlik qiladi, siz o‘spirinning ishonchini qozonishingiz kerak, yaxshi so‘z bilan qo‘llab-quvvatlashingiz kerak».

Tanada vaznning ortiqcha bo‘lishi organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatishi muqarrar. Ortiqcha vazn oqibatida: tez-tez bosh og‘riydi, qon bosimi ko‘tarilishi mumkin, kuchli terlash, tez charchash, jismoniy mashqlarda nafas yetishmasligi, tushkin kayfiyat, o‘zining tanasiga va shaxsiga nisbatan ruhiy salbiy munosabat shakllanadi.

Nima qilish kerak?
O‘spirin parhezini, turmush tarzini nazorat qilish natija bermaydi. Butun oilaning ovqatlanish odatlarini, turmush tarzini o‘zgartirish kerak. Ortiqcha yog‘ — ko‘p ovqatlanishning natijasidir. Parhez zarur, ammo monoparhez zararli, keskin ovqatdan cheklash organizmni ruhiy va jismoniy stressga tushiradi. Bunday dieta tez ozdiradi, lekin qisqa muddatga va asoratlar ham keltirib chiqaradi.

Jumladan:
- stress holatida kartizol ko‘payadi bu metobolik jarayonlarga salbiy ta’sir qiladi;
- jismoniy va aqliy foaliyat uchun zarur bo‘lgan oziq moddalar yetishmasligi keltirib chiqaradi;
- diqqatni jamlash faoliyatini pasaytiradi, bu esa maktabda fanlarni o‘zlashtirishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;
- organizmda endokrin tizimda patologiyani rivojlantirishi mumkin;
- terini, sochlarni, tirnoqlarning holatini yomonlashtiradi;
- organizmni stressga tushirmaslik va asta-sekin moslashish uchun o‘spirinlarda vazn haftasiga 1—1,5 kilogrammga yo‘qotish eng maqbuli hisoblanadi.

Taqiqlangan oziq-ovqatlar:
- xamir va yog‘ga asoslangan qandolat mahsulotlari: pishiriqlar, tort mahsulotlari;
- har turdagi sneklar (chipslar, «suxariklar», pista va boshqalar);
- yarim tayyor mahsulotlar: kolbasa, sosiska;
- yuqori yog‘li, kraxmalli souslar: mayonez, ketchup;
- shokolad, konfet mahsulotlari;
- tez tayyorlanadigan ovqatlar;
- tarkibida uglevodlar miqdori ko‘p bo‘lgan gazli ichimliklar.

Foydali oziq-ovqatlar:
- yog‘siz go‘sht — mol go‘shti, tovuq, barra qo‘y go‘shti;
- baliq va dengiz mahsulotlari;
- grechka, yasmiq, guruch;
- sabzavotlar, rezavorlar, mevalar, quritilgan mevalar, yangi siqilgan sharbatlar.

Agar «qora» ro‘yxatda bolangiz yaxshi ko‘radigan oziq-ovqatlar ko‘p bo‘lsa, parhezni asta-sekin o‘zgartiring. Ovqatlanish odatlarini keskin va majburan o‘zgartirish kerak emas bu vaqt talab qiladi.

Jismoniy mashqlar, sport mashqlari, raqs o‘spirin o‘g‘il-qizlar uchun juda zarurdir, chunki nafaqat kuch sarflanadi, balki o‘z-o‘zini anglashga, hurmat qilishga, tengqurlari bilan muloqatda «uyatchanlik» kompleksdan qutilishga yordam beradi, irodasini oshiradi, asosiysi muntazam bajarish kerak.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘smirlarda ortiqcha vazn: Xavotirga asos bormi va nima qilish kerak?