11:21 / 18.02.2021
2 576

55 ta eshakning go‘shti qayerga gumdon bo‘ldi?

55 ta eshakning go‘shti qayerga gumdon bo‘ldi?
Ellikqal’a tumani «Taza-bag‘» va «Qirqqizobod» OFY hududlarida eshaklar «qabristoni» aniqlandi. So‘yilgan eshak suyaklari 3 ta maydonga tashlangan. Ularning bittasida 55 ta eshakning qovurg‘alari borligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur hodisa 2021 yil 12 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videotasvirdan keyin aniqlandi. Videotasvirda ta’kidlanishicha, eshaklar odamlarga tarqatilayotgan bo‘lishi mumkin. Agar u hayvonot bog‘lariga olib ketiladigan bo‘lganida suyaklari bilan ketishi kerak edi. Eshaklar mohir qassob tomonidan so‘yilgan-ki, qovurg‘a suyaklaridan go‘shtlar silliq ajratib olingan. Qabristonda yangi so‘yilgan eshaklarning qovurg‘a suyaklaridan tashqari kallasini, quloqlarini ko‘rish mumkin.

Videotasvirda ma’lumot berilishicha, eshak suyaklari joriy yil yanvar oyidan buyon 3 marotaba olib kelib tashlangan.

Ellikqal’a tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi, hayvonlar kasalliklarini aniqlash, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va Davlat markazi mutaxassislari tumandagi barcha go‘sht do‘konlarida tekshiruvlar o‘tkazdi. Tuman aholisi orasida eshak sotib olishni so‘ragan va sotib olgan fuqarolar haqida so‘rishtiruv ishlari boshlandi. Lekin hozirgacha eshaklar nima maqsadda so‘yilganligi bo‘yicha ma’lumot yo‘q.

Ellikqal’a tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi tumandagi go‘sht do‘konlarida asosan qora mol go‘shti sotilishini, qora mollar esa «Ellikqal’a» OFY hududidagi kushxonada so‘yilishini ma’lum qildi.

Hozirda kushxona va tumandagi go‘sht do‘konlarida sotilayotgan go‘shtlarning yaroqlilik ma’lumotnomasi va go‘shtga qo‘yilgan kleymolari mavjud ekanligi o‘rganilmoqda.

Mazkur hodisa yuzasidan tuman hokimligiga, prokuraturasiga va Ichki ishlar bo‘limiga ham murojaat qilingan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » 55 ta eshakning go‘shti qayerga gumdon bo‘ldi?