15:03 / 18.02.2021
2 286

Ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash mutlaqo yangi tizimda tashkil etiladi

Ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash mutlaqo yangi tizimda tashkil etiladi
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 12 fevral kunidagi Ichki ishlar vazirligi hay’atining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab bergan ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Administratsiyasi, vazirlik markaziy apparati vakillari, bir qator sohaviy xizmatlar rahbarlari, ta’lim muassasalari mutasaddilari, shuningdek Akademiya shaxsiy tarkibi a’zolari ishtirok etdi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.

Tanqidiy va tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishni Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov olib bordi. Yig‘ilish avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan polkovnik Rustam Xatamov jamoaga tanishtirildi.

Ma’lumki, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish, soha uchun yetuk malakali kadrlar tayyorlash maqsadida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ichki ishlar vazirligi akademiyasi bu borada respublikamizning yetakchi oliy ta’lim muassasasi sanaladi. So‘nggi yillarda mazkur o‘quv dargohida kadrlarni tayyorlash, kasbiy tayyorlash va malakasini oshirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar qilindi. Biroq mamlakatimizda kechayotgan shiddatli yangilanishlar jarayonida ta’lim samaradorligini tubdan takomillashtirish, yosh kadrlarning kasbiy va ma’naviy-axloqiy fazilatlarini mustahkamlash ham dolzarb vazifaga aylanayotgani hech kimga sir emas.

Har birimiz islohotlarga mos qadam tashlashimiz lozim, — dedi P.Bobojonov. — Yoshlarimizning bilim olishi uchun zamonaviy shart-sharoitlarni yaratish barobarida, o‘qitishning ilg‘or metodlarini hayotga tatbiq etishimiz lozim. Afsuski, oramizda eski andozalar bilan dars o‘tadigan, davr ruhidan bir qadam ortda qolayotgan pedagoglarimiz ham yo‘q emas. Tahlillarga ko‘ra, ta’lim dargohini bitirgan ayrim yosh mutaxassislar qisqa muddat ichida shaxsiy xohishlariga ko‘ra o‘z xizmat vazifalaridan bo‘shab ketish, rahbarlik lavozimlariga tayinlangan mutaxassislar esa, bir yil o‘tmasdan zaif tomonlarini namoyish qilmoqdalar. Bu kabi muammolarga kasbiy bilim va fazilatlarning yetishmasligi asosiy omil bo‘lmoqda.

Yig‘ilishda kadrlar tayyorlashda kechiktirib bo‘lmas bir qator vazifalarga urg‘u qaratildi. Chunonchi, ta’lim sifatini mutlaqo yangi tizimda yo‘lga qo‘yish, bu borada xalqaro tajribaning samarali mexanizmlarini tatbiq etish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini yanada mustahkamlash, tinglovchi-kursantlarning kasbiy fazilatlarini tizimli ravishda yuksaltirib borish, Akademiyaning ilmiy salohiyatini oshirish, vazirlik ta’lim muassasalari o‘rtasidagi uzluksiz ta’lim sifatini oshirish borasida aniq tavsiyalar berildi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi zimmasiga tizim xodimlarining malakasini oshirish, ularni kasbiy tayyorlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi yo‘nalishida ilmiy-metodik yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq topshiriqlar yuklandi. Bu borada «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilib, professor-o‘qituvchilar tomonidan joylarda ichki ishlar xodimlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilib, kriminogen vaziyati og‘ir hududlarning ahvolini o‘rganiladi. Jinoyatchilikning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlari ilmiy asoslantirilgan holda tahlil qilinib, aniq taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqiladi ko‘riladi.

Ta’limda nazariya va amaliyot o‘zaro bir-birini to‘ldirishi kerak. Kursantlarga bilim berish, amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish bilan cheklanib qolmasdan, mutaxassislik kafedralari qoshida jinoyatchilikni prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yishni ham davr taqozo etmoqda, — dedi P.Bobojonov.

Yig‘ilishda Prezident Administratsiyasi hamda Toshkent shahar ichki ishlar Bosh boshqarmasidan vakillar so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarning amaldagi ijrosini ta’minlash masalalariga to‘xtalishdi.

Akademiyaning ilmiy va ilmiy-pedagogik salohiyatini yuksaltirish, o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, professor-o‘qituvchilar malakasini yuksaltirish, ularni xorijiy mamlakatlarda qisqa va uzoq muddatli o‘quv kurslariga jalb qilish, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga samarali tatbiq etish, mashg‘ulotlarni amaliyotga yaqinlashtirilgan holda tashkil etish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning yangi tizimini ishlab chiqish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash mutlaqo yangi tizimda tashkil etiladi