16:28 / 18.02.2021
2 062

«Jahongir Otajonovning prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchi bo‘lgani demokratiya yo‘lida ekanligimizni anglatadi» — Rasul Kusherbayev

«Jahongir Otajonovning prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchi bo‘lgani demokratiya yo‘lida ekanligimizni anglatadi» — Rasul Kusherbayev
Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Jahongir Otajonovning prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchi bo‘lgani haqidagi voqealarga munosabat bildirdi, deb yozmoqda «Gazeta.uz».

«Prezident bo‘lish uchun prezident sohasi vakili degan narsaning o‘zi yo‘q. Bu bizning bitta qolip. Ya’ni hech kim siyosatchi bo‘lib tug‘ilmaydi va siyosatchilar tayyorlaydigan alohida maktab yo‘q. Hayotni o‘zi siyosatga tayyorlaydi insonni. Kasb nuqtai nazaridan qarasangiz, prezidentlar bu har xil kasbdan bo‘ladi: o‘qituvchi bo‘lishi mumkin, quruvchi bo‘lishi mumkin, iqtisodchi bo‘lishi mumkin, baliqchi bo‘lishi mumkin, futbolchi, san’atkor… Buning chegarasi yo‘q. Muhimi, o‘sha jamoatchiga xalq ishonib ovozini beradimi, yo‘qmi. Gap shunda», — degan u «Yangiyo‘lliklar TV» dasturida.

«Nima qilibdi? Yoki nima bizda prezident tayyorlaydigan maktab bormi, faqat shu maktabni kirib o‘qiganlar prezident bo‘lishi kerakmi? Bunaqa talab yo‘q. Endi Otajonov prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchiman, degani bu fojia emas. Men xursand bo‘ldim. Va nihoyat, O‘zbekistonda ham qo‘rqmasdan, odamlar men prezident bo‘lishni xohlayman, nomzodimni qo‘ymoqchiman deb aytishga, ya’ni erkin ayta olish darajasiga yetib kelibmiz. Bu bizning yutug‘imiz emasmi? Kim bo‘lishidan qa’ti nazar, Jahongir Otajonovning o‘rnida boshqa futbolchi bo‘lganida ham, sportchi bo‘ladimi, quruvchi bo‘ladimi, ko‘cha tozalaydigan obodonlashtirish xodimi bo‘lmaydimi, menga desa», — degan deputat.

Rasul Kusherbayev hozirda odamlarning erkin fikr bildira olayotganini va avvallari bunday imkoniyat bo‘lmaganligini ta’kidlab o‘tdi.

«Men xursandman odamlar shunday aytganidan. Demak, biz demokratiya yo‘lidan ketyapmiz. Insonlar shu orqali o‘zining fikrini emin-erkin, qo‘rqmasdan bildirishi — bizning yutug‘imiz. Biz shu darajaga yetibmiz. Va bu amaldagi Prezident olib borayotgan siyosatining natijasi. Bunaqa gaplar ilgari qayerda aytilardi? O‘ziga o‘zi ichida aytardi, hech kim yo‘q joyda — hammomda aytardi yoki burchak-burchaklarda sal payt aytsayam ‘tsh-sh, tamom’ deb, odamlar qo‘rqardi o‘zidan o‘zi. Bu odam qo‘rqmadi, ochiq aytyapti», — dedi u.

Shu bilan birga, Rasul Kusherbayev nomzodlarning saylanishi-saylanmasligi, unda odamlarning ovoz berishi-bermasligi ikkinchi masala ekanligini aytib o‘tdi.

«Kerak bo‘lsa, 10 ta odam chiqmaydimi men ham qo‘ymoqchiman deb. Bu, umuman, jamiyatga foyda. Ya’ni jamiyat demokratlashib, erkinlashib boryapti», — deb qo‘shimcha qilgan deputat.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning dekabrida san’atdan ketganini aytgan Jahongir Otajonov 2021 yilning yanvarida navbatdagi prezidentlik saylovida o‘z nomzodini qo‘yishini ma’lum qilib, «Xalq manfaatlari» deb nomlangan yangi siyosiy partiya tuzish harakatiga tushdi va O‘zbekistonni har bir masalada O‘rta Osiyodagi eng zo‘r davlat qilish niyati borligini aytgandi.

Uning bu qaroriga ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari turlicha munosabat bildirdi. Kimdir undan siyosatchi chiqmasligini aytib, uni bu fikridan qaytarishga urindi, yana kimdir uni qo‘llab-quvvatladi. Izohlar orasida xonandaning sha’niga haqoratli so‘zlar yozib qoldirilgan holatlar ham uchradi.

Keyinchalik Jahongir Otajonov saylovda qatnashish istagidan qaytganini va partiya a’zoligidan chiqqanini ma’lum qildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Jahongir Otajonovning prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchi bo‘lgani demokratiya yo‘lida ekanligimizni anglatadi» — Rasul Kusherbayev