00:00 / 20.02.2021
2 542

IIV Ahad Qayumni rasman ogohlantirgandi. U esa «avjiga chiqmoqda»

IIV Ahad Qayumni rasman ogohlantirgandi. U esa «avjiga chiqmoqda»
O‘zini salkam «supermen» hisoblaydigan Ahad Qayum so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xurmacha qiliqlari bilan «trend»dan tushmay kelmoqda. Unga nisbatan tanqidlar yog‘ilgani sari ensaqotar videolari ko‘paygandan-ko‘paymoqda.

Avvalroq Ahad Qayumning ijtimoiy tarmoqlar orqali aktyor Aziz Rametov bilan «dahanaki jangi» nafaqat ommaning, ichki ishlar organlari xodimlarining ham «nazari»ga tushgandi.

Ikki taniqli shaxsning omma ko‘z o‘ngida bir-biriga haqoratlar yog‘dirishi ortidan har ikkisi ham profilaktik suhbatga chaqirilgandi.
Suhbat yakunida Aziz Rametov va Ahad Qayum ushbu harakatlari uchun uzr so‘rab, boshqa bunday holat takrorlanmasligiga va’da berishgandi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati holatga izoh berarkan, kelgusida ular yana fuqarolar sha’nini beodoblik bilan kamsitish, ommaviy axborot vositalari va internet orqali tahqirlash, shuningdek jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzganligi uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida rasman ogohlantirilganini ma’lum qilgandi.

Bu rasmiy ogohlantirishdan hech qancha vaqt o‘tmay, Ahad Qayum yana katta sahnaga chiqdi. Bu safar shunchaki «so‘z jangi» qilmadi, balki ayol san’atkor bilan mushtlashishga urindi. Jamoat joyida, ko‘pchilik ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan ushbu xunuk voqeaga «supermen»ning avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan videosi sabab deyildi. U reklamalarda arzon narxga tushmasligini, faqat 1 mlrd. berishsa rozi bo‘lishini, arzoniga «Davron Kabulov, Munisa Rizayeva yoki Halimaxon» borligini gapirgandi.

Poytaxtdagi yemakxonada yuzaga kelgan janjalda Halima raqibiga haqoratlar yog‘diradi va tarsaki tushiradi, Ahad Qayum esa uni tepishga urinadi. Biri chinni idishni uloqtirib, chil-chil qiladi va ikkinchisi o‘shqiradi. Xullas, o‘zini taniqli hisoblaydigan shaxslarga munosib bo‘lmagan, umuman, o‘zini inson deb hisoblaydigan shaxslar uchun yarashmaydigan «jonli sahna» videosi internetda tarqalib ketadi.

Ahad Qayum ichki ishlar vakillari qarshisida so‘ragan uzrini unutib, navbatdagi tomoshasini ko‘rsatgani qanday huquqiy oqibatlarga olib keldi? Rasman ogohlantirishdan keyin ham jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaganligi uchun unga nisbatan chora ko‘rildimi?

Bu haqda hozircha hech qanday rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q, Ahad Qayum esa o‘zining «o‘xshamagan» videolarini tarqatishda davom etyapti.

Bunga «Ahad Qayum 30 Z 777 ZZ raqamini yarim milliardga sotib oldim deb yolg‘on xabar tarqatgani uchun jazolanmagandi, endi esa jamoat joyida tibbiy niqobsiz yuribdi», degan munosabatlar ham bildirilmoqda.

IIVning rasmiy ogohlantirishi quvvati bir haftaga ham yetmagan ko‘rinadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » IIV Ahad Qayumni rasman ogohlantirgandi. U esa «avjiga chiqmoqda»