20:53 / 20.02.2021
1 128

Boltiqbo‘yi xalqlari O‘zbekistonga qanday kelib qolgan?

Boltiqbo‘yi xalqlari O‘zbekistonga qanday kelib qolgan?
Foto: Google Photos
Amerikaning nufuzli jurnallaridan birida O‘zbekistondagi boltiqbo‘yi xalqlarining hayoti haqida maqola nashr qilindi. Maqolada Litva, Latviya va Estoniya xalqlarining 1867–1917 yillardagi hayoti, Turkiston general-gubernatorligi hududida tarqalishi, diniy e’tiqodi, kasbi va turmush darajasi yoritilgan.

Amerikaning The American Journal of Interdisciplinary Innovations and Research ilmiy jurnalida latviyalik va o‘zbekistonlik tadqiqotchilarning boltiqbo‘yi xalqlarining 1867–1917 yillarda Turkiston general-gubernatorligi hududidagi turmush tarzi haqidagi maqolasi nashr qilindi. Maqola mualliflari Daiga Straupenies hamda Sherzodjon Choriyev boltiqbo‘yi xalqlarining Rossiya orqali Turkistonga ko‘chib kirishini 4 bosqichda o‘rgangan.

Unga ko‘ra, Markaziy Osiyoda ilk paydo bo‘lgan boltiqbo‘yiliklar Rossiya qo‘shini tarkibida bosqinchi sifatida kirib kelgan hamda 1860 yillarning o‘rtalarida Buxoro va Xorazmdagi rus manzilgohlarida qo‘nim topgan. Keyinchalik malakali hunarmandlar, qochqinlar va inqilobchilar ham kirib kelgan. «Etnicheskiy atlas Uzbekistana» to‘plamida esa latviyaliklarning Markaziy Osiyoga so‘nggi oqimi 1966 yilgi zilziladan keyin Toshkentni tiklash uchun kelgan ko‘ngillilar guruhi ekani aytilgan.

Markaziy Osiyodagi boltiqbo‘yi xalqlari o‘rnashgan hududlar
Ma’lum bo‘lishicha, latviyaliklar asosan hozirgi Qozog‘istonning Turkiston shahriga, litvaliklar Toshkent, Samarqand va Farg‘ona vodiysiga, estoniyaliklar esa Toshkent atrofi, Andijon shahri va Qirg‘izistonning Kyogart vodiysining quyi qismiga kelib joylashgan.

Kimlar kelgan?
Turkistonda ozchilikni tashkil qilgan latviyaliklar mohir hunarmand, davlat xizmatchisi, o‘qituvchi, shifokor va uy xizmatchisi bo‘lgan hamda mayda burjuaziya qatlamini tashkil qilgan. Estoniyadan esa asosan dehqonlar kelib, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik bilan shug‘ullangan. Aynan eston dehqonlari boshqa slavyan migrant dehqonlarga taqqoslaganda juda farovon yashab, mahalliy xalqning va Rossiyaning arzon ishchi kuchidan foydalangan. Keyinchalik esa boltiqbo‘yi xalqlari Turkistonda harbiy, tibbiy-sanitariya, ma’muriy, yuridik, ta’lim va adabiyot sohalarida faoliyat ko‘rsatgan.

Toshkentni qayta qurish
1966 yil Toshkentdagi zilziladan so‘ng shaharni qayta qurish ishlariga ko‘ngilli sifatida Litvadan kelgan quruvchilar 300 xonadondan iborat 4 ta ko‘p qavatli uyni qurgan. Latviyaliklar esa 9 ming kv.m. maydonga ega turar-joy binolarini Toshkent ahliga qurib, tuhfa etgan. Bu davrda Estoniya O‘zbekistonga 200 nafar quruvchini yuborgan va ular 16 oy ichida 50 ta xonadonli uylardan ikkitasini topshirgan. Lekin qurilish tugagach, ko‘p ko‘ngillilar yana o‘z yurtiga qaytib ketgan.

Til
Mazkur xalqlar o‘zaro muloqotda o‘z ona tilidan, qolgan holatlarda esa rus tilidan foydalangan. Ammo jurnalist V.Tyurikovning yozishicha, latviyaliklar mahalliy xalq tilini ham o‘zlashtirgan, xususan, qoraqalpoq tilida erkin so‘zlasha olgan.

Din
Din haqida so‘z yuritganda Iustin Pranaytisni (1861-1917) tilga olmaslikning iloji yo‘q. Markaziy Osiyodagi katoliklar kuratori etib tayinlangan litvalik ruhoniy Toshkentda ibodatxona va Rim-katolik cherkovi, Samarqandda esa ibodatxona qurdirgan. 1915 yil dekabrda u Litvadan kelgan qochoqlar uchun boshpana tayyorlagan va 60 dan ortiq kishini ish bilan ta’minlagan. Darvoqe, Iustin Pranaytis o‘z davrida yahudiylarga nafrati bilan tanilgan va Beylis ishida bevosita diniy ekspert sifatida qatnashgani bilan mashhur.

Toshkentdagi Rim-katolik cherkovi.
Foto: Google Photos

Turkistondagi qolgan boltiq xalqlariga keladigan bo‘lsak, ular asosan pravoslav, rim katolik, lyuteran reformachilar bo‘lgan, 6 kishi esa (4 nafar erkak va 2 nafar ayol) islom dinini qabul qilgan. Pravoslav, katolik va lyuteranlar orasida diniy savodxonlik yuqori darajada bo‘lgan. Tadqiqotchi L.I. Jukovaning keltirishicha, 1905 yil Injil cherkovida 100 nafar eston ro‘yxatdan o‘tgan, ayrim estonlar pravoslavga e’tiqod qilgan.

Oila
Oila munosabatlariga keladigan bo‘lsak, bo‘ydoq erkaklar va ayollar soni turmush qurganlar sonidan yuqori bo‘lganini ko‘rish mumkin. Ajrashganlar esa umuman yo‘q. Bu boltiq xalqlarining oila an’analariga juda ham sodiq bo‘lganini ko‘rsatadi.

Atoqli shaxslar
Boltiqbo‘yi xalqlari orasida O‘zbekistonda yashagan payti e’tirofga loyiq xizmat ko‘rsatgan shaxslar ham bo‘lgan. Latviyaliklardan bunga haykaltarosh Yan Reynovich Strazdin, ilm-fan sohasida esa botanik va biolog olim Robert Ivanovich Obolin, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Skudre Lidiya Rixadrovna, Toshkent shahar militsiyasi boshlig‘i F.Y.Sirul, litvaliklardan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari – Sovet ittifoqi Qahramonlari Vilenskiy Volfas Leybovich, Poznyak Viktor Genrixovich, Mas Gregoriy Zelmanovich, yadro fizikasi sohasi bo‘yicha professor B. Vitoltas, tibbiyot fanlari doktori G.F. Mankus, arxitektorlardan A. Jmuyd va G. Jmuyd, haykaltaroshlar Ya. Kuchis va Yu. Lipos, grafik va plakatchi-rassom A. Chitkauskas, vitrajchi I. Lipen, Litva madaniyat markazi asoschisi I. Dervinis misol bo‘la oladi.

Ekspert fikri
Markaziy Osiyoda Boltiqbo‘yi xalqlari nihoyatda ozchilikni tashkil etgani sabab, ularning turmush tarzi deyarli o‘rganilmagan. Shu sabab ayni diaspora bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar jamoasi mavjud emas. Milliy arxeologiya markazi fanlararo tadqiqotlar bo‘limi kichik ilmiy xodimi Eldar Asanov bergan ma’lumotga ko‘ra, Boltiqbo‘yidan Markaziy Osiyoga dastlab Rossiya armiyasi tarkibidagi askarlar kelgan. Shuningdek, amaldorlarni pastroq amalga tushirish yoki jazolash kerak bo‘lsa ular Toshkentga xizmatga yuborilgan.

Katolik ruhoniy Iustin Pranaytes ham pravoslav dindorlar qo‘li bilan Toshkentga surgun qilingan. Bundan tashqari yana bir guruh qochoqlar, surgun qilinganlar ham bo‘lgan. Birinchi jahon urushida ham Litva, Latviya, Estoniyadan evakuatsiya qilinganlar oradan vaqt o‘tib, o‘z yurtiga qayta ko‘chirilgan. Hozirda O‘zbekistonda yashaydigan boltiqbo‘yi xalqlari alohida identligi bilan yaqqol ajralib turmaydi va kishilar ularni bir ko‘rganda rus millatiga mansub deb hisoblashi mumkin. Hatto pasportda ham ko‘pchiligining millati rus deb qayd qilingan.

Eldar Asanov, shuningdek, Markaziy Osiyo tarixida latviyalik sovet siyosatchisi Yan Rudzutak alohida o‘rin tutganini ta’kidlab o‘tdi. Ma’lum bo‘lishicha, u uzoq yillar RKP (b) Turkbyuro raisi, RKP (b) O‘rta Osiyo byurosi raisi bo‘lib ishlagan va milliy chegaralash dasturi loyihachilaridan biri bo‘lgan.

G‘ulomova Ziyodaxon tayyorladi


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Boltiqbo‘yi xalqlari O‘zbekistonga qanday kelib qolgan?