19:53 / 22.02.2021
2 775

Qo‘rqoqlik oqibati falokatdir

Qo‘rqoqlik oqibati falokatdir
Savol: Qo‘rquv nimadan paydo bo‘ladi?

Javob:
Qo‘rquvning turlari juda ko‘p. Qo‘rquv har birimizda turlicha namoyon bo‘ladi va turli vaziyatlarda himoya funksiyasini ham o‘taydi. Nimadandir qo‘rqsangiz o‘sha ishga qo‘l urmaysiz yoki qayerdandir qo‘rqsangiz o‘sha yerga bormaysiz va h.k. Demak, kezi kelganda insonni himoya qiluvchi vosita – bu qo‘rquv. Tibbiyotda “fobiya” degan atama bor. Fobiya – bu miyaga o‘rnashib qolgan va uzoq davom etuvchi qo‘rquv. Demak, qo‘rquv uzoq davom etsa yoki kuchli bir stress tufayli to‘satdan paydo bo‘lsa, fobiya rivojlanadi. Insonni bu holatdan forig‘ etish uchun tibbiy psixolog yordami kerak bo‘ladi.

Savol: Bolani qo‘rquv ostida tarbiyalash qanchalik to‘g‘ri?

Javob:
Bunday tarbiya, albatta, noto‘g‘ri. Barchamiz bilamizki, qo‘rquv bolalik davri uchun xos. Men tushunaman, agarda bolaga qo‘llaringni yuvmay ovqat yesang qorning og‘rib qoladi, yomon bolalarga qo‘shilsang, yomon yo‘lga kirib ketasan, “assalomu alaykum” deb kattalarga salom bermasang, katta bo‘lmay qolasan, o‘z vaqtida uxlamasang, yomon tushlar ko‘rasan kabi jumlalar ishlatilishi mumkin. Bunday paytlarda bolada o‘ziga yarasha qo‘rquv yoki deylik hadik paydo bo‘ladi va bu holatdagi qo‘rquv psixologik himoya vazifasini o‘taydi. Lekin bunday o‘gitlar ham ota-ona uchun udumga aylanmasligi kerak. Bunday tushuntirishlarni boshqacha yo‘l bilan amalga oshirsa bo‘ladi.

Savol: Qo‘rquv, ya’ni qo‘rqitishlar oqibati nima bilan tugashi mumkin? Bu jamiyat rivojlanishiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Javob:
Umuman olganda, ommaviy tarzda udumga aylangan doimiy qo‘rqitishlar har qanday jamiyat uchun falokatli bo‘lishi mumkin. Men qo‘rqitishlarni ilk bolalik davridan boshlab izohlab berishga harakat qilaman.

Birinchi davr – ilk bolalik davri. Yig‘lama, seni “olabo‘ji”ga berib yuboraman yoki uxlamagan bolaga “Ana, oynaga qara, senga ko‘zlari bilan tikilib turibdi, hozir ko‘zingni yummasang uyga kirib seni olib ketadi” va h.k. kabi qo‘rqitishlar. Bog‘cha opaning do‘q-po‘pisalari: ovqat bermayman, oynadan otib yuboraman, anavi burchakda kuni bilan turasan. Ayniqsa, bu gaplar bolaning ko‘ziga tikilib aytilaversa, u hatto 40 yoshga to‘lganda ham yerga qarab gapiradigan bo‘ladi.

Ikkinchi davr – maktab yoshi davri. Bu davr juda og‘ir davr. Bolaga ko‘rsatiladigan ruhiy bosimlar: do‘q-po‘pisalar, “2” baho bilan qo‘rqitishlar, militsiyaga topshirib yuboraman, sen ikki dunyoda ham odam bo‘lmaysan, sendan hech kim chiqmaydi, bolalarga uning ota-onasi mavqeidan kelib chiqib munosabat o‘rnatishlar o‘sha bolaning motivatsiyasini so‘ndiradi va uni o‘ta qo‘rqoq va shu bilan birga tajang bolaga aylantiradi.

Uchinchi davr – institutda o‘qish davri. Doimiy qo‘rquv va xavotir ostida ulg‘aygan bola institutga kirguncha ruhiy nogiron bo‘lib qoladi. Oliy ta’lim dargohlari davlat va jamiyat uchun o‘ta muhim kadrlarni va Vatan taqdirini hal qiladigan shaxslarni to‘g‘ri ta’lim-tarbiya orqali yetishtiradigan maskan bo‘lmog‘i kerak. Agarda bu yerda ham “qo‘rqitish mashinasi” ishga tushsa, buning oqibati juda yomon bo‘ladi. Bunday institutlar davlat va jamiyat uchun qo‘rqoq kadrlarni tayyorlaydi, xolos. Bunday kadr ilmli bo‘lishi mumkin, biroq qo‘rqoqligi tufayli, uning ilmi ichida qolib ketadi. Bunday kadr hunarli bo‘lishi mumkin, biroq bitta do‘q-po‘pisa bilan u o‘z hunarini ichiga yutib yuboradi va h.k. Bunday bechoradan na oila, na jamiyat biror bir naf ko‘radi. Tasavvur qilib ko‘ring, bu holat ommaviy tarzda kuzatilsa, yurt uchun nima bo‘ladi?!

Doimiy qo‘rquv ostida voyaga yetgan shaxs sog‘lom oila qura olmaydi, o‘z fikrini birovga o‘tkaza olmaydi, boshqa yurtlarda ham u qo‘rqoq degan nom chiqaradi, katta lavozimga ko‘tarilsa ham o‘z fikrini dangal aytishga qo‘rqadigan bo‘ladi, bir so‘zli bo‘lmaydi, bundaylar deyarli “Yo‘q, unday bo‘lishi mumkin emas” degan iborani ishlata olmaydi, ularning eng yaxshi ko‘rgan iborasi – “Mayli, xo‘p bo‘ladi, men roziman”.

Endi ko‘z oldingizga keltiring, butun bir xalq qo‘rqoq bo‘lsa, u qanday qilib ilg‘or jamiyat qura oladi, u qanday qilib xorijliklarga fikrini o‘tkaza oladi, qanday qilib o‘zga yurtlarda o‘z yurtdoshini himoya qila oladi, u qanday qilib demokratik jamiyat qura oladi, u qanday qilib noto‘g‘ri yo‘ldan borayotgan rahbariga qarshi gapira oladi, u qanday qilib haqiqat uchun kurasha oladi?!

Qo‘rqoq odam subutsiz bo‘ladi, qo‘rqoq olim o‘z yangiligini oshkor eta olmaydi, qo‘rqoq jurnalist jamiyatda bo‘layotgan xato ishlar haqida ochiq-oydin yoza olmaydi, qo‘rqoq deputat o‘z fikrini bildirmay “roziman tugmasi”ni bosib o‘tiraveradi, qo‘rqoq doktor bemorga zudlik bilan tez yordam ko‘rsata olmaydi, qo‘rqoq askar Vatanni himoya qila olmaydi va h.k.

Demak, biz o‘zimiz bilmagan va xohlamagan holda davlat va jamiyatni jar yoqasiga olib borib qo‘yishimiz mumkin. Har doim esda tuting: Qo‘rqoqlikni emas, qo‘rqmaslikni, ya’ni mardlikni beshikdan boshlab bolaga singdirish kerak.


“Asab va ruhiyat” ilmiy-tibbiy markazi
direktori, professor Zarifboy Ibodullayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qo‘rqoqlik oqibati falokatdir