08:26 / 23.02.2021
532

Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi

Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi
Bosh prokuratura tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqildi hamda jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Kodeks loyihasi amaliyotdagi tizimli kamchilik va muammolar, xorij tajribasi inobatga olingan holda tayyorlanib, unga jinoyat qonunchiligi normalarini unifikatsiya qilishga, liberallashtirishga, jinoiy javobgarlik va jazo tizimini takomillashtirishga, jinoyatlar uchun sanksiyalarni qilmishlarning ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasiga qarab muvofiqlashtirishga va turlicha sharhlash yoki korrupsiya holatlari sodir etilishiga yo‘l qo‘yadigan yoxud ijtimoiy xavflilik darajasi va xarakteri jinoyat qonunchiligi prinsiplariga mos kelmaydigan qilmishlar uchun javobgarlik belgilanishiga yo‘l qo‘yadigan normalarni chiqarib tashlashga qaratilgan bir qator o‘zgartirishlar kiritilgan.

Kodeks loyihasi amaldagisi kabi umumiy va maxsus qismlardan tashkil topgan bo‘lib, jami 395 moddadan iborat. Umumiy qism 118 moddadan va maxsus qism 277 moddadan tashkil topgan. Kodeks loyihasida bir qator muhim yangiliklar aks ettirilgan.

Jumladan, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, besh yildan ortiq bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar ham og‘ir jinoyatlar tasnifiga o‘tkazilgan.

Jarima jazosi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar uchun 400 baravarigacha, og‘ir jinoyatlar uchun 600 baravarigacha belgilangan hamda sud tomonidan tayinlangan jarima miqdorining uchdan ikki qismi qonunda belgilangan ixtiyoriy muddatda to‘langan taqdirda mahkum jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinishiga oid norma kiritilgan.

Amaldagi Jinoyat kodeksidagi jiddiy ziyon, jiddiy zarar kabi aniq tarifi yo‘q va turlicha talqin qilinadigan atamalar chiqarib tashlangan. Yengilroq jazo tayinlashga oid qoidalarning aniq mezoni va muayyan cheklovlar belgilangan. Jumladan, tayinlanadigan jazo:
  • ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar uchun – jazo eng kam qismining uchdan bir qismidan;
  • og‘ir jinoyatlar uchun – jazo eng kam qismining yarmidan;
  • o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun – jazo eng kam qismining uchdan ikki qismidan;
  • xavfli retsidiv jinoyat sodir qilganlik uchun – Kodeks maxsus qismi moddasida nazarda tutilgan jazoning eng kam qismi uchdan ikki qismidan;
  • o‘ta xavfli retsidiv jinoyatlar sodir qilganlik uchun – Kodeks maxsus qismi moddasida nazarda tutilgan jazoning eng kam qismi to‘rtdan uch qismidan kam bo‘lishi mumkin emas.

Shuningdek, jazo tizimidan axloq tuzatish ishlari jazosi chiqarilib, uning o‘rniga ish haqidan ushlab qolish jazosi kiritilgan. Axloq tuzatish ishlaridan farqli o‘laroq, ish haqidan ushlab qolish jazosi faqatgina mahkumning ish joyi bo‘lsagina tayinlanishi belgilangan.

Shaxsga jazodan tashqari qo‘llaniladigan boshqa jinoiy-huquqiy ta’sir choralarining aniq ro‘yxati belgilangan. Hukmni ijro etish uchun xorijiy mamlakat tomonidan topshirilgan mahkumning jazo muddatini hisoblash qoidalariga oid yangi normalar kiritilgan.

Jumladan, jazo muddatini o‘tash uchun xalqaro shartnomalarga asosan xorijiy mamlakat tomonidan topshirilgan mahkumga nisbatan jazo muddati xorijiy mamlakat hukmi bilan belgilangan jazoga mutanosib ravishda hisoblanishi mustahkamlangan.

Yarashuv institutini qo‘llashga oid normalar va qoidalarga o‘zgartirish kiritilgan. Bunda, yarashuvni qo‘llash bilan bog‘liq cheklovlar 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, ayollar, shuningdek oltmish yoshdan oshgan shaxslar hamda ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan jinoyatlarga tatbiq etilmasligiga oid qoidalar belgilangan.

Raqobatchini obro‘sizlantirish, raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, soxta tadbirkorlik, jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik, diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish, qonunga xilof ravishda axborot to‘plash, uni oshkor qilish yoki undan foydalanish, diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, harbiy yoki muqobil xizmatdan bo‘yin tovlash, diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish kabi jinoyatlar va boshqa ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar jinoyatlar safidan chiqarib tashlanishi (dekriminalizatsiya) belgilangan.

“Insonda noqonuniy tajriba o‘tkazish”, “g‘ayriqonuniy ravishda psixiatriya muassasasiga joylashtirish”, “o‘zboshimchalik bilan jazolash”, “mitinglar, yig‘ilishlar yoki namoyishlar tashkil etish, o‘tkazishga yoki ularda ishtirok etishga g‘ayriqonuniy qarshilik qilish”, “shantaj”, “insayderlik ma’lumotlari bo‘yicha g‘ayriqonuniy harakatlarni amalga oshirish”, “nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkiloti mansabdor shaxsining mansab soxtakorligi”, “ota yoki onaning o‘z chaqalog‘ini sotishi” kabilar uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Bir qator jinoyatlardan ma’muriy preyuditsiya instituti chiqarilgan, ya’ni jinoiy javobgarlikdan oldin ma’muriy javobgarlikka tortilganlik sharti belgilangan jinoyatlar miqdorini qisqartirish belgilangan.

Jinoyat kodeksining maxsus qismi moddalaridagi og‘irlashtiruvchi qismlardan jinoyatning takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilishi bandlari chiqarib tashlangan.

Xavfli va o‘ta xavfli retsidiv jinoyat uchun jazo muddati mazkur jinoyat uchun nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning uchdan bir qismidan kam bo‘lmasligi belgilangan.

Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik uchun jinoyatga suiqasd qilganlikka nisbatan yengilroq jazo tayinlanishi, ya’ni jazo Kodeks maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning to‘rtdan uch qismidan oshmasligi kerakligi belgilangan.

Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyat sodir etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilgan. Kodeks so‘ngida keltirilgan atamalarning huquqiy ma’nosi Kodeksning umumiy qismiga o‘tkazilib, undagi atamalar qayta ko‘rib chiqilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi