17:30 / 23.02.2021
611

DXX xodimlari firibgarlik bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yishdi

DXX xodimlari firibgarlik bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yishdi
Toshkent viloyatining Chinoz tumani xokimligida ishlovchi mansabdor shaxs, baliqchilik xo‘jaligi tashkil etishni rejalashtirgan tadbirkorga, 1,32 gektar yer maydoni ajratilishiga yordam berishini aytib, xizmati evaziga 12.800 AQSH dollari talab qiladi.

DXX Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlarining Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida mazkur shaxs dastlabki hujjatlarni tayyorlash uchun so‘ralgan puldan 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Xorazm viloyati Gurlan tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro ukasining nomiga auksionda yutib olingan 5 sotix yerni, shuningdek, uning yonida joylashgan tuman xokimligi zahirasidagi 48 sotix yer maydonini xokimlikda ishlovchi mansabdor tanishlari yordamida xaridor fuqaro nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, evaziga jami 46 ming AQSH dollari so‘raydi.

Shundan 20 ming AQSH dollarini avans sifatida olgan vaqtida DXX va Departament xodimlari tomonidan ushlandi.

Sirdaryo viloyatida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasi advokati, giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun Jinoyat Kodeksining 273-moddasi bilan ayblanayotgan, Guliston shahrida yashovchi fuqaroga nisbatan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishiga yordam berishini aytib, 5 ming AQSH dollari so‘raydi.

DXX, Bosh prokuratura va Departamentning viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda advokat so‘ralgan pulni olgan vaqtida ushlandi.

DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va Departamentning hududiy boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Kasbi tumanida yashovchi shaxs Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroni o‘zining tanishlari orqali Milliy gvardiya tizimiga ishga kiritib qo‘yish evaziga, undan 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Bugungi kunda mamlakatimizda kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligiga qaramasdan, afsuski, bu borada o‘z nafsini ustun qo‘yuvchilar ham uchrab turibdi.

Xususan, Qarshi tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi bosh hisobchisi “temir daftar”ga kiritilgan uch nafar fuqaroga 6 mln 690 ming so‘mdan, jami 20 mln 70 ming so‘m miqdorida subsidiya mablag‘lari olishlarida yordam berishini aytib, evaziga 600 AQSH dollari olgan vaqtida DXX va Departament xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalar bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

DXX matbuot xizmati


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » DXX xodimlari firibgarlik bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yishdi