19:15 / 27.02.2021
1 756

Samarqandlik olimlar o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi asosan erkaklarda uchrashini aniqladi

Samarqandlik olimlar o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi asosan erkaklarda uchrashini aniqladi
Foto: Google Photos
Butun jahonda, shu jumladan, respublikamizda ekologik vaziyatning yomonlashuvi oqibatida nafas olish tizimi kasalliklariga chalingan bemorlar soni ko‘payib bormoqda. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda nafas olish tizimi kasalliklari birinchilar qatorida turadi. Keyingi 10-15 yillar ichida surunkali o‘pka kasalliklariga chalingan bemorlar soni uch baravarga oshgan.

O‘lim ko‘rsatgichi bo‘yicha esa nafas olish tizimi kasalliklari yurak qon-tomir kasalliklaridan keyingi o‘rinni egallab kelmoqda. O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi yig‘ma tushuncha bo‘lib, o‘zida surunkali obstruktiv bronxit va o‘pka emfizemasini birlashtiradi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti xodimlari o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligining qariyalarda klinik kechishining o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish uchun tadqiqot o‘tkazdi. Tadqiqotdan ko‘zlangan maqsad Samarqand viloyatida o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligining keksa yoshdagi bemorlarda klinik kechishining o‘ziga xos xususiyatlarini va asoratlarini o‘rganishdan iborat.

Qo‘yilgan vazifani amalga oshirish maqsadida umumiy ichki kasalliklar bo‘limlarida yotib davolangan 60—74 yoshli 80 nafar bemorning kasallik tarixi statistik qayta ishlandi va ko‘rib chiqildi. O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi bilan kasallangan kuzatuvdagi bemorlardan 65 (81%) nafari erkaklar, 15(19%) nafari ayollarni tashkil etdi.

Olingan ma’lumotlar shuni ko‘rsatdiki, Samarqand viloyatida yashovchi keksa yoshdagi kishilarda, yani 60—74 yosh va undan katta yoshlarda o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi bilan kasallanganlar boshqa yoshlarga qaraganda ko‘p uchrashi va asoratlarning ko‘p yuzaga kelishi hamda kasallikning og‘ir kechishi aniqlandi. Klinik tekshirishda laborator-instrumental tekshiruvlardan balg‘am tahlili, o‘pkaning rentgenografiyasi, EKG, spirografiya, spirometriya tekshiruvlariga alohida e’tibor berildi.

Samarqand viloyati shifoxonalarida davolangan o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligiga chalingan keksa yoshdagi bemorlar kasallik tarixlari tahlil qilinganda, kasallikning asosan erkak bemorlarda uchrashi, ko‘p holatlarda bu kasallikning chekish bilan bog‘liqligi, bundan tashqari atrof-muhitning ifloslangani va virusli infeksiyalar ta’siri natijasi ekanligi aniqlandi.

O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi keksa yoshdagi bemorlarda ko‘p hollarda qo‘shimcha kasalliklar bilan birga kelishi, kasallikning og‘ir kechishi va turli og‘ir asoratlarga olib kelishi kuzatildi. Shular va boshqa barcha holatlarni hisobga olgan holda, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi bor keksa yoshdagi bemorlarni davolashda tavsiya etiladigan dori vositalarining to‘g‘ri tavsiya etilishi, dozalari va davomiyligini hisobga olish, dorilarning nojo‘ya ta’sirlarini kamaytirish yo‘llarini qilish tavsiya etiladi.

Elbek Shermatov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandlik olimlar o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi asosan erkaklarda uchrashini aniqladi