08:58 / 04.03.2021
2 169

Qabulda aniqlangan holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga taklif berildi

Qabulda aniqlangan holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga taklif berildi
Navoiy viloyat ma’muriy sudi hamda viloyat Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahrida sayyor qabul tashkil qilindi. Qabul jarayonida fuqarolar tomonidan ularning ish haqlariga rayon koeffitsiyenti to‘lanmayotganligi haqidagi masala ko‘tarildi. Ushbu murojaat mavjud qonun hujjatlari asosida o‘rganib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasining 2019 yil 2 maydagi “Navoiy viloyati Nurota tumani G‘ozg‘on shaharchasini G‘ozg‘on shahri etib o‘zgartirish, G‘ozg‘on shahrini viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish hamda Navoiy viloyati Nurota tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi 2491-III-sonli qarori bilan Navoiy viloyatida alohida G‘ozg‘on shahri tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 sentabrdagi “Mehnat bozorida mehnat munosabatlarini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 743-son “Tabiiy iqlim va maishiy sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan joylarda ishlovchi xodimlar mehnatiga haq to‘lashga tuman koeffitsiyentlarini, shuningdek, ularga har yili beriladigan qo‘shimcha ta’tilning eng kam muddatini belgilash va qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 1-ilovasida Navoiy viloyatining Nurota tumanida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq to‘lashga 30 foiz tuman koeffitsiyentlari qo‘llanilishi hamda 3 ish kuni davomida qo‘shimcha mehnat ta’tili berilishi belgilangan bo‘lib, ushbu ro‘yxatda G‘ozg‘on shahri nazarda tutilmagan.

Bundan ko‘rinadiki, G‘ozg‘on shaharchasi Nurota tumanining tarkibida bo‘lganida rayon koeffitsiyentlari to‘lanadigan bo‘lsa, alohida shahar bo‘lganidan keyin to‘lanmasligiga olib kelmoqda. Bundan tashqari yuqorida qayd etilgan Nizomda Navoiy viloyatining barcha tuman va shaharlari ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, G‘ozg‘on shahri tushib qolgan.

Shu sababli sayyor qabul vaqtida aniqlangan ushbu holat yuzasidan Navoiy viloyat ma’muriy sudining raisi A.Murodov Nizom talablariga o‘zgartirish kiritish haqidagi taklifini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi yubordi.

Shuningdek mazkur sayyor qabul jarayonida 21 nafar fuqarolarga imtiyozli pensiya masalasida huquqiy tushuntirishlar berildi, boshqa masalalar yuzasidan ham fuqarolarning murojaatlari atroflicha o‘rganilib, murojaatda ko‘rsatilgan muammolar yechimi yuzasidan qonun talabi asosida hal qilinishi uchun, tegishli tashkilotlarga murojaat qilish yuzasidan ko‘rsatma va huquqiy tushuntirishlar berildi.

Sayyor qabul qilish jarayonida ishtirok etgan jismoniy va yuridik shaxslarga Navoiy viloyat adliya boshqarmasi hamda viloyat ma’muriy sudi rahbariyatining qabul kunlari, adliya boshqarmasi va tuman bo‘limlarida tashkil etilgan “ishonch telefon”lari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish tartibi to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.

Navoiy viloyat sudi jamoatchilik va
OAV bilan aloqalar bo‘limi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qabulda aniqlangan holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga taklif berildi