08:05 / 05.03.2021
1 420

«OAV xodimlarining davlat idoralari tomonidan mukofotlanishiga qarshiman» — Akmal Burhonov

«OAV xodimlarining davlat idoralari tomonidan mukofotlanishiga qarshiman» — Akmal Burhonov
Korrupsiyaga qashi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov «Amerika ovozi»ga intervyu berdi va unda agentlik zimmasiga qanday vazifalar yuklangani, odamlar undan nima kuta oladi, nima kutmasligi kerakligi va OAV haqida gapirdi. «Gazeta.uz»ning yozishicha, intervyu davomida u OAV xodimlarining davlat tomonidan mukofotlanishiga qarshi ekanligini bildirdi.

«Men OAV xodimlarining davlat idoralari tomonidan mukofotlanishiga qarshiman. Lekin ayni vaqtda O‘zbekistonda ularni davlat idoralari mukofotlamasa, kim mukofotlaydi? Ularni rag‘batlantiruvchi tashkilotlar bormi? To‘g‘ri, hozirgacha ba’zan mukofotlashgan bo‘lishlari mumkin. U ham bo‘lsa, asosan, blogerlarni…», — degan Akmal Burhonov.

Suhbat davomida o‘zining Buyuk Britaniyaga bo‘lgan safari haqida ham aytib o‘tgan.

«Men 10 kun davomida OAV bo‘yicha Buyuk Britaniya tajribasini o‘rganib keldim. BBC’da ham bo‘ldim o‘sha vaqtda. U yerda jurnalistlarning hamjamiyatlari borligini ko‘rdim. Ularning etika qoidalari, kodekslari borligini ko‘rdim. Bular qonun bilan emas, aynan o‘sha hamjamiyatlar orqali tuzilgan. Bizga o‘xshab bir dona emas, davlat tomonidan tashkil etilgan ham emas. Ularning o‘zlari xohlab qo‘shilishadi va ularni rag‘batlantiruvchi hamjamiyatlari bor», — deb ta’kidlagan Korrupsiyaga qashi kurashish agentligi rahbari.

Shuningdek, u O‘zbekistonda bloger yoki OAV biror jarayonni yoritganida unga pul to‘langan yoki yo‘qligini bilib bo‘lmasligiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Britaniyada OAVlar shunday tartibda ishlashadiki, xalqqa ochiq, ham biznes qilishadi. Qaysi materiallari reklama sifatida, qaysi birlari o‘zlari tomonidan qilingani ochiq. Bizda esa, afsuski, hammasi aralashib ketgan. Qaysidir jarayonni bir hududdagi bloger yozsa, hattoki davlat ommaviy axborot vositasi yoritsa ham bunga pul to‘langani yoki yo‘qligini biz bilmaymiz. Bu korrupsion holat. Bizda shunday misollar ham borki, biror davlat muassasasi, nodavlat bizneslar korrupsion holat orqali davlat OAVlaridan foydalanib biror materialni tayyorlatishgan. Bu narsaga xorijda, xususan, AQSHda jiddiy qarashadi. Bu ham etika qoidasini buzishga kiradi, ham qonunni», — degan Akmal Burhonov.

U korrupsion holatni fosh qilgan, jurnalistik surishtiruvlarni o‘tkazgan jurnalistlarni davlat idoralari emas, ularning hamjamiyati, kasaba uyushmalari, tashkilotlari taqdirlashini xohlashini ham aytib o‘tdi.

Intervyu davomida Burhonov OAVlarning biror jarayonni yoritishi, birinchi navbatda, o‘zlari uchun manfaatdor bo‘lishi kerakligini ham qo‘shimcha qildi.

«Biz qaysidir bir OAVga chiqib, ‘mana bu narsani yoritishda yordam bering, biz bilan birga borishingiz mumkin’ deganimizda, ‘yo‘lkiramizni to‘lab berasizlarmi, xarajatlarni kim qoplaydi?’ degan savollar ham bo‘ladi. Bundan birinchi o‘rinda o‘zlari manfaatdor bo‘lishlari kerak, lekin hozir bizda ko‘proq davlat idorasi manfaatdor. Shuning uchun ham ularni taqdirlayapti, ular bilan yaqin bo‘lishni istayapti. Menga jurnalistlar savol bilan murojaat qilishsa, suhbat qilishmoqchi bo‘lishsa, shu taklif bizdan chiqmayotganiga, bundan OAVlar manfaatdor bo‘layotganidan xursand bo‘laman. Bu narsa hamma sohada bo‘lishi kerak. Shundagina OAVlar davlat tomonidan hech qanday rag‘batni kutishmaydi, unga harakat ham qilishmaydi, o‘zlarining hamjamiyatida o‘sish ham bo‘ladi», — degan agentlik rahbari.

Eslatib o‘tamiz, «Yuksalish» umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burhonov 2020 yil iyunida tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga 2020 yilning avgustidan buyon rahbarlik qilib kelmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «OAV xodimlarining davlat idoralari tomonidan mukofotlanishiga qarshiman» — Akmal Burhonov