21:45 / 06.03.2021
2 949

O‘zbekiston kirilldan voz kechib, lotin yozuviga o‘tyapti

O‘zbekiston kirilldan voz kechib, lotin yozuviga o‘tyapti
Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev
O‘zbekiston 2023 yildan boshlab kirill yozuvidan to‘liq voz kechish va barcha jarayonlarda lotin yozuviga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Yozuv islohoti mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng katta va sezilarli islohotlardan biri bo‘lishi mumkin.

Ammo mamlakatning 30 yillik tarixida lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha qator muvaffaqiyatsiz urinishlar ham borki, ular bugungi harakatlar haqida ham ehtiyotkorlik bilan gapirishga majbur qiladi.

Kun.uz lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha avvalgi muvaffaqiyatsizliklar, islohotga eltuvchi rejalar va bu yo‘ldagi muammolar borasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev bilan intervyu uyushtirdi.

O‘zbekistonda alifbo islohoti yo‘lidagi avvalgi urinishlar nega muvaffaqiyatsizlikka uchradi?
Intervyu avvalida Departament mudiriga berilgan dastlabki savol shu mazmunda bo‘ldi. Abdug‘affor Qirg‘izboyevning aytishicha, islohotgacha bo‘lgan jarayonlardagi xatoliklar, o‘zbek ziyolilarining sustkashligi va yuqori rahbariyatning bunga munosabati islohotlar muvaffaqiyatsizligiga asosiy sabablar edi.

«1991 yilda sovet ittifoqi parchalanar ekan, undan mustaqil bo‘lgan davlatlarda o‘zlikni topish, qadriyatlarini tiklashga intilishlar boshlandi. O‘zbekiston parlamenti ham 1993 yilda kirill yozuvidan voz kechib, lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha qonunni qabul qildi.

Bu qonun bo‘yicha 2000 yilda O‘zbekistonda kirill yozuvidan voz kechib, lotin yozuviga o‘tilishi kerak edi. Ammo o‘sha paytdagi kechikkan tayyorgarlik jarayonlari, irodasizlik va boshqa sabablarga ko‘ra, bu islohot amalga oshmay qoldi.

Keyinchalik bu muddat 2005 yilga cho‘zildi. Lekin bu muddat keldi hamki, turli sabablar tufayli yana lotin yozuviga o‘ta olmadik. Ijro muddati 2010 yilga qoldirildi. Bu kechikishlarda o‘sha payt ziyolilarining sustkashliklari va mas’uliyatsizligi ham katta rol o‘ynadi, deyish mumkin.

Ishlarning keyingi davomini ham bilasiz, 2010 yilda ham biz lotin yozuviga to‘liq o‘ta olmadik
», – dedi u.

Abdug‘affor Qirg‘izboyevning ta’kidlashicha, 11 fevraldagi «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash bo‘yicha «yo‘l xaritasi» va unda belgilangan muddat hukumatning ko‘rsatgan irodasi bilan bog‘liq.

«1989 yildan to 2020 yilgacha bitta – «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun bilan ishladik. Lekin oxirgi bir yilda O‘zbekistondagi til siyosati bilan bog‘liq 17ta huquqiy, me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi.

Bizga mana shu tayyorgarliklar kerak edi. Bu tayyorgarliklardan keyin yaqinda ish yuritishda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish bo‘yicha yo‘l xaritasi e’lon qilindi. Bundan lotin yozuvini isloh qilish masalasi ham o‘rin olgan.

Hozir 2021 yilning mart oyida turibmiz. Yilning birinchi choragi yakunlanyapti. Biz 2023 yil 1 yanvaridan boshlab, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga butun mamlakat bo‘ylab to‘liq o‘tamiz
», – dedi Departament mudiri.

Yangi 2 yillik muddat hukumatning irodasizligini bildiradimi?
Ayrimlar kirill yozuvidan voz kechish va lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha muddatning 2023 yil 1 yanvargacha qilib belgilanishi juda uzoq hamda bu uzoq muddat hukumatning irodasizligi, deb baholamoqda.

Bu kabi fikrlarga Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev intervyu davomida shunday javob berdi:

«Boshlangan va bo‘layotgan ishlarning o‘zida hukumatning qat’iy irodasini ko‘rish mumkin. O‘zbekistondagi til siyosati bo‘yicha barcha ishlar boshida hozir shaxsan prezident va hukumat rahbari Abdulla Aripov turibdi.

Bugun mamlakatimizda ko‘p millat va elatli 35 million xalq yashaydi. Biz ularning tilini hurmat qilamiz va rivojlanishi uchun imkoniyat yaratib beramiz. Umuman olganda, til va din masalasi nozik masala. Bu yerda «yetti emas, yetmish marta o‘lchab» xulosa qilish kerak.

Shu nuqtayi nazardan bizga ma’lum vaqt kerak edi. Ya’ni biz shu ikki yoki uch oy ichida 1993 yilda qabul qilingan qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar tayyorlaymiz. Bu jarayonda alifbomiz ham o‘zgaradi. Tabiiyki, alifboga o‘zgartish va qo‘shimchalar parlamentdagi qonun bilan amalga oshiriladi. Biz mana shu ishlarga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.

Shuningdek, 2023 yildan o‘tamiz degani shu yilgacha kutib o‘tiramiz degani emas
», – dedi Qirg‘izboyev.

Departament mudirining savol yuzasidan qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston aholisining 50 foizdan ortiqrog‘i yoshlar va ular lotin yozuvida savod chiqargan. Bu lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha katta asos.

«Biz 2022 yildan boshlab barcha ilmiy ish va dissertatsiyalarni ham lotin yozuviga o‘tkazamiz. Bu jarayonda, shuningdek, darsliklar, ommaviy axborot vositalarini lotin yozuviga o‘tkazish va yozuvni bilmaydiganlarni yozuvga o‘rgatish masalasi bor.

Bilasiz, O‘zbekistonda yaqinda qabul qilingan qaror bo‘yicha har qanday rahbarlik lavozimiga qo‘yiluvchi shaxslar avvalo davlat tilini bilish darajasi bo‘yicha test topshiradi.

Mana shu testdan yaxshi o‘tganlar rahbarlikka qo‘yiladi, o‘tolmaganlar esa yo‘q. Bu yog‘iga bir yarim yildan ko‘proq vaqt qoldi. Qaytaraman, oxirgi muddat 2023 yilning 1 yanvar kuni
», – ta’kidladi Abdug‘affor Qirg‘izboyev.

Ilyos Safarov tayyorladi

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston kirilldan voz kechib, lotin yozuviga o‘tyapti