12:56 / 07.03.2021
1 793

Immunitet qanchaga yetadi? Vaksinaga oid muhim savollarga javoblar

Immunitet qanchaga yetadi? Vaksinaga oid muhim savollarga javoblar
Spencer Platt / Getty Images
Mutaxassislar koronavirus vaksinasi haqida ko‘p narsa biladilar va o‘rganmoqdalar. Bir tarafda esa, pandemiya nihoyasiga yetgani yo‘q, kundalik ko‘rsatkichlar esa barcha davrlar uchun rekordlarni yangilashga hissa qo‘shmoqda. Biroq shunda ham hanuz vaksinalar haqida savollar bor va ularga mutaxassislar javob berib kelishyapti.

Savol: Koronavirus vaksinasi sizni emlanmaganlarga kasal tarqatishdan saqlaydimi? (vaksina olgan odamni tashuvchi qilib qo‘ymaydimi)
Javob:
bu hozircha aniq emas.

Johns Hopkins Bloomberg School of Public Health dagi xalqaro markaz ijrochi direktori Uilyam Mossning aytishicha, emlangan shaxslar asimptomatik tarzda emlanmaganlarga kasallik yuqtirish ehtimoli borasida tadqiqotlar davom etmoqda.

«AQSH oziq-ovqat va dori mahsulotlari sifatini sanitar nazorat qilish boshqarmasi (FDA) favqulodda foydalanishga ruxsat bergan vaksinalar 3-faza sinovlarining pirovard maqsadi kasallikka klinik tomondan qarash edi, emlangan odamlarning kasallikni tashuvchi bo‘lib qolish ehtimolini o‘rganish emas», deya ta’kidlagan u.

«Sinovlar boshidan bu masalani o‘rganishni nazarda tutmagan. Biz vaksina yuqish xavfini kamaytiradi deb ayta olishimiz mumkin, xolos. U to‘liq himoya qiladimi yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Ma’lumki, odamdagi virus miqdori va kasallik qanchalik og‘ir ekani o‘rtasida bog‘liqlik bor. Yana shuni bilamizki, vaksinalar kasallikni yengillashtiradi va kasallikdan himoyalaydi. Binobarin, bu vaksinalar insondagi virus miqdorini kamaytiradi va demakki tashuvchi bo‘lib qolishdan ham asraydi», deydi Moss.

Shuning uchun emlangan bo‘lsangiz ham, beixtiyor boshqalar uchun virus tashuvchisi bo‘lib qolmaslik uchun jamoat joylarida ma’lum qoidalarga (niqob taqish, ijtimoiy masof saqlash va qo‘lni yuvib yurish) rioya qilishingiz muhim.

Koronavirus vaksinasini olgandan so‘ng, kasallikka qarshi immunitet qanchaga yetadi?
Javob:
bu hali aniq emas, biroq mutaxassislar kamida bir yilga yetishini umid qilishmoqda. Tadqiqotlar vaksinadan keyingi immunitet davomiyligini ham o‘rganmoqda. Lekin emlangandan so‘ng immunitet qancha turib bera olishi hali aniq emas.

«Bu haqda ayta olishim mumkin bo‘lgan gap – sinovlarning ilk fazalarida emlangan odamlar neytrallashgan immunitet izlari borligini ko‘rsatmoqda», deydi Shimoliy Karolina universiteti professori Reychl Grem.

«Biz immunitet muddati va uning koronavirus tarqalishiga ta’siri haqida istiqboldagi sinov fazalari orqali ko‘proq bilib olishimiz mumkin. Umid qilamizki, immunitet bir yil davom etadi degan xulosa olamiz va bu vaksinatsiya sizning har yilgi vaksinatsiya dasturingizning bir qismi bo‘ladi», deya qo‘shimcha qiladi u.

Koronavirus bilan kasallanganlar ham emlanishi kerakmi?
Javob:
ha. Koronavirus bilan og‘riganlar o‘zlarini himoyalangan deb o‘ylasalar-da, aslida unday bo‘lmasligi mumkin. Kasallikka chalingandan so‘ng unga immunitetning javobi turlicha bo‘ladi, deydi Moss.

Kolumbiya universiteti qoshidagi Meylman sog‘liqni saqlash maktabining epidemiologiya bo‘yicha professori Sandra Alberxtning aytishicha, odamlar tabiiy ravishda koronavirusga chalinganlaridan so‘ng ularning immuniteti turlicha reaksiya qiladi – ba’zilarda antitanachalar yo‘q, ba’zilarida kam bo‘lsa, ayrim odamlarda antitanachalar judayam yuqori bo‘ladi. Lekin tabiiy ravishda kasallangandan so‘ng kimning immuniteti qanaqa bo‘lishini taxmin qilishning iloji yo‘q, deya qo‘shimcha qiladi Alberxt.

«Bizda odam tanasi vaksinaga qanday javob qilishi, odamlar qanday himoyalangani haqida yaxshi ma’lumotlar bor. Bizda vaksinatsiyadan so‘ng himoya darajasi borasida ishonch va qat’iylik bor. Tabiiy kasallanish haqida esa shunday ma’lumotlar yo‘q. Koronavirusga chalinganlar ham vaksina olishlari tavsiya qilinadi. Ana shundagina ular chinakamiga himoyalanganiga ishonch hosil qilish mumkin», deydi Moss.

Allergiyasi borlar ham vaksina olishi kerakmi?
Javob:
aksar hollarda – ha. Bu masalada shifokor bilan maslahatlashish kerak. «Og‘ir allergik reaksiyalar kam uchraydi», deydi Grem.

Vaksina nisbatan yangi bo‘lgani bois, tibbiyot xodimlari patsiyentlar preparatni qabul qilganidan so‘ng kuzatuvni davom ettirishadi.

«Vaksinaga mas’ul odam 15 yo 30 daqiqa ketmay turishni so‘raydi va emlangandan so‘ng sizda reaksiya yo‘qligiga ishonch hosil qilib oladi. Koronavirus vaksinasidagi yagona potensial allergen bu polietil glikoldir», deydi Grem.

Alberxt og‘ir reaksiyalar nihoyatda kam ekanini aytgani biroz ovunch beradi. 1 million dozaga 11 og‘ir reaksiya to‘g‘ri kelgan. Kimdadir og‘ir reaksiya kuzatilganda, tibbiyot professionallari tomonidan uni darhol bartaraf etish choralari ko‘rilishi mumkin.

«Allergik reaksiyalar, umuman olganda, o‘sha paytdayoq bartaraf etilishi mumkin. Shuning uchun ham vaksina olgan shaxslar tibbiyot muassasini tark etmay turishlari so‘raladi», deydi Alberxt.

Vaksina olishdan avval qaysi vaksina yoki dorini qabul qilganingizdan keyin reaksiya bo‘lganini shifokorga aytishingiz juda muhim.

Vaksina koronavirusning mutatsiyalaridan himoyalaydimi?
Javob:
mutaxassislar shunga ishonishmoqda. Hozir Pfizer vaksinasi yangi shtammlarga qarshi eng samarador ekani aytilmoqda, Moderna vaksina esa o‘rganilmoqda.

O‘tgan bir necha hafta ichida yangi va xavfli shtammlari paydo bo‘ldi. Eng xavfli variantlar Britaniya va Janubiy Afrikada aniqlandi va boshqa davlatlarda ham paydo bo‘ladi boshladi. Kasalliklarni nazorat qilish va bartaraf etish markazi (CDC) yangi shtammlar AQSHda dominant bo‘ladi, degan fikrda.

Alberxt tadqiqotlar Pfizer vaksinasi yuqoridagi ikki shtammga qarshi samarador ekanini bildirgan. U mutaxassislar hozirda samaradorligi sinalayotgan Moderna vaksinasi haqidagi ma’lumotni ham kutayotganlarini qistirib o‘tgan. Mutaxassislar Moderna’ni ham yangi variantlarga qarshi samarador bo‘ladi, deb kutishmoqda.

Immuntanqisligi bor va homiladorlar uchun vaksina olish xavfsizmi?
Javob:
har ikki guruhdagi odamlar ham koronavirus vaksinasini olishlari tavsiya qilinadi.

O‘tgan yilning dekabrida Amerika akusher va ginekologlar kolleji koronavirus vaksinasini homiladorlarga qilish kechiktirilmasligi, aksincha, bo‘lajak onalar emlashga targ‘ib qilinishi kerakligini ma’lum qilgan.

«Shu paytgacha bu guruhda noxush hodisalar kuzatmadik. Shu bilan birga, xulosa chiqarish uchun emlash uchun yetarli homilador ayol topilmagan», deydi Alberxt.

Homilador ayollar vaksina sinovlariga jalb qilinmagan va normal holat – homiladorlar odatda aksar vaksina sinovlariga jalb qilinmaydi. Hozirda yetarlicha axborot bo‘lmagani bois, mutaxassislar vaksina olish risklari uning foydalaridan ortiqmas deb o‘ylashadi.

Immuntanqisligi bor shaxslar uchun Kasalliklarni nazorat qilish va bartaraf etish markazi (CDC) koronavirus vaksinasini olishni tavsiya etadi. Immuntanqisligi borlar orasida ham nojo‘ya ta’sirlar va samaradorlik baholari haqida ma’lumot yo‘q. Biroq VICH infeksiyasi yuqtirganlar koronavirus vaksinasi sinovlariga jalb etilgan.

Emlanish kerakmi yoki yo‘qmi degan qarorga kelayotganda immuntanqisligi borlar va homiladorlar koronavirus yuqtirib olish ehtimollari yuqori ekanini yodda tutishlari lozim. Shuningdek, har qanday masalani shifokor bilan maslahatlashgan holda hal qilgan ma’qul.

Qanday nojo‘ya ta’sirlar bor?
Javob:
in’eksiya qilingan joyda og‘riq, isitma, boshog‘rig‘i – bular oddiy hol.

Koronavirus vaksinasining nojo‘ya ta’sirlari odamga qarab farqlanadi. Ko‘p odamlarda nojo‘ya ta’sirlar umuman kuzatilmaydi, lekin odamlar emlangandan bir necha kun o‘tib in’eksiya qilingan joyda og‘riq, bosh og‘rig‘i, past haroratli isitma, mushaklarda og‘riq va holsizlikdan shikoyat qilishgan. Umuman olganda, ikki dozali emlashda ikkinchi dozadan keyin nojo‘ya ta’sir bo‘lishi normal holat.

Kutilgan nojo‘ya ta’sirlar xavotir olishga arzimaydi. Zero, organizmning vaksinaga kutilgan reaksiyasidir.

«Vaksinaga tananing immun reaksiyasi bosh og‘rig‘i, in’eksiya qilingan joydagi og‘riq, past haroratli isitma ko‘rinishidagi yallig‘lanish bo‘lishi mumkin», deydi Stenford universitetining pediatrik infeksion kasalliklar epidemilogi Ayvonna Maldonado. Nojo‘ya ta’sirlar yallig‘lanishga qarshi dorilar bilan bartaraf etilishi mumkin.

Mutaxassislar koronavirusni o‘rganishda davom etishyapti. Maqoladagi ma’lumotlar shu paytgacha qo‘lga kiritilgan tajribalar asosida tayyorlangan va olimlar virus haqida yangi axborotga ega bo‘lishgach o‘zgarishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Immunitet qanchaga yetadi? Vaksinaga oid muhim savollarga javoblar