11:43 / 08.03.2021
1 243

Ayollarning davlat ishiga yondashuvi erkaklarnikidan farq qiladi

Ayollarning davlat ishiga yondashuvi erkaklarnikidan farq qiladi
Bugun dunyo aholisining yarmini ayollar va qizlar tashkil etishini inobatga olib, insoniyat salohiyati oshib borishida ularning ham tengma-teng hissasi borligini anglash mumkin. Xotin-qizlarni jamiyat hayotiga keng jalb etish ortidan samaradorlikning oshishi va iqtisodiy o‘sishga erishish mumkinligi esa allaqachon isbotlangan.

Tarix ko‘plab iste’dodli, faol ayollarni ko‘rdi: ular orasida siyosatchilar, professor va akademiklar, tadbirkoru dizaynerlar, hatto, aloqachi va texnologlar ham bor. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, nozik jins muvaffaqiyatining siri nimada? Ayollarning sohaga o‘ziga xos yondashuvi kuchli jinsdan nimasi bilan farq qiladi? Nima uchun bugun biznesda, rahbarlikda yutuqlarga erishayotgan ayollar soni kundan-kunga ko‘paymoqda? Ehtimol, bu ijtimoiy aql bilan bog‘liqdir?.. Lekin biz siz azizlar e’tiboriga ko‘p narsalarga erishgan ayollarimiz emas, aksincha, chin baxt va muvaffaqiyat manzilini ko‘zlagan faol va iqtidorli, intiluvchan, yangicha dunyoqarashga ega, hozirdanoq rahbarlar e’tirofiga sazovor bo‘layotgan yoshlarimizning hayot yo‘llaridan havolalar hamda savollarimizga bergan javoblarini taqdim etamiz.

Savollar
1. Ayollarning davlat ishiga o‘ziga xos yondashuvi bormi?
2. Ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni saqlash uchun nima qilish kerak?
3. O‘z oldingizga qanday maqsadlar qo‘ygansiz?


«Hech ikkilanmay magistratura uchun Germaniyaning Zigan universitetini tanladim» – Durdona Umarova, INHA universiteti xalqaro bo‘lim boshlig‘i

Bizni kreativ fikrlari bilan o‘ziga jalb qilgan suhbatdoshimizga hozirda INHA universitetining xalqaro bo‘limini boshqarish vazifasi yuklangani unga nisbatan qiziqishimizni yanada oshirdi.

– Men Toshkent shahrida tug‘ilganman. Bu yo‘nalishni tanlashimga iqtisodiyotga ixtisoslashtirilgan 166-maktabda o‘qiganim ham sabab bo‘lgan, – deydi Durdona Umarova. – Maktabni 2006 yilda bitirgan bo‘lsam, o‘sha yiliyoq International House Tashkent litseyiga qabul qilindim. Bu dargohda o‘qish jarayonida Toshkent xalqaro Vestminster universitetiga o‘qishga kirish uchun tayyorlandim. Litseyni tugatgach, o‘zim niyat qilgan oliygohning iqtisodiyot yo‘nalishida o‘qishga muvaffaq bo‘ldim va 2012 yilda universitetni ham bitirdim. O‘qib-o‘rganganim sari o‘zimga ishonchim ortib borayotganini his qilardim. Shu bois hech ikkilanmay magistratura uchun Germaniyaning Zigan universitetini tanladim. Va 2014 yilda oliygohning iqtisodiy siyosat yo‘nalishini bitirib, yurtimga qaytdim.

Durdona o‘qish davrida falsafa, psixologiya, siyosat va iqtisodiyotga juda qiziqqan. Vaqt o‘tishi bilan bu sohalar u uchun sevimli mashg‘ulotlarga aylangan. Hozir ham bilim olish va dunyoqarashini boyitishdan to‘xtamaydi.

– Ma’lumki, bugungi kunda texnika-texnologiyalar, ilm-fan juda tez o‘zgaryapti. Bugun muhim bo‘lgan narsa erta bir kun yangi ko‘rinish va sifatlar almashuvi hisobiga o‘ziga xosligini yo‘qotadi, – deydi qahramonimiz. – Bilim olishda eng muhim sifat yoki usul bu – hech qachon yangi bilim va imkoniyatlarga qiziqishni so‘ndirmaslik, har doim yangi o‘zgarishlar va yangiliklarga ochiq va moslashuvchan bo‘lishlikdir.

Biz Durdonadan o‘qib-o‘rganganlari, erishgan yutuqlaridan kelib chiqib, tengdoshlariga motivatsiya beradigan maslahat va takliflari bilan o‘rtoqlashishini so‘raganimizda, u bajonidil rozi bo‘ldi.

– Hozirgi takliflarimni o‘z xulosalarimdan kelib chiqib aytmoqchiman. E’tibor bergan bo‘lsangiz, odam o‘zi uchun yangi holat yoki faoliyatni, yo‘nalishni darhol anglay olmaydi. Uni o‘rganish, nima ekanligini anglab yetish uchun yo‘riqnomasinimi, u haqidagi ma’lumotlarnimi, xullas, kamida 10 marta qayta-qayta o‘qib chiqishi kerak, – deydi Durdona. – Hatto, biroz tushunarli tuyulgan taqdirda ham. Shuningdek, vaqti-vaqti bilan olingan bilimlarni o‘ylab, tahlilini olib borib, amalda qo‘llashga harakat qiling.

Unutmang, tushunsang – eng murakkab bilim ham oddiy tuyuladi, ammo unga yetib borish yo‘li juda qiyin. Buning uchun sabr kerak. Yana hech qachon ma’lumotni yodlamang – shunchaki qayta-qayta o‘qing. Shunda asta-sekin tushunib olasiz. Bundan tashqari, hech qachon biror narsa olish yoki topish uchun harakat qilmang. Balki o‘zingizni takomillashtirish, yangi o‘zgarishlarning eng yuqori cho‘qqilariga tayyor bo‘lish uchun o‘z ustingizda ishlashni to‘xtatmang. Ana shunda yo‘lda uchragan to‘siq va qiyinchiliklar ahamiyasizdek tuyuladi.

Javoblar
1. Mening fikrimcha, ayollarning davlat ishiga o‘ziga xos yondashuvi bor, albatta. Bu nuqtai nazar erkaklarnikidan ancha farq ham qiladi. Ayollar zaifaligi, bir zumda va tez qaror qabul qilishi, muammolarga nisbatan yuqori sezgirligi, har qanday o‘zgarishga darrov moslashishi bilan ajralib turadi. Shuningdek, ayollarda hissiy sezgi, vaziyatni oson qo‘lga olish, faollik, mas’uliyat, ba’zida impulsivlik rivojlangan bo‘ladi. Ayniqsa, hukumat ishlarida u barcha tomonlarning manfaatini hisobga oladi, muvozanat, tenglik va oshkoralikni saqlaydi.

2. Avvalo, shaxsiy hayot va ish o‘rtasidagi muvozanat buzilmasligi uchun ayol ustuvorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi lozim. Masalan, ishda butun e’tiborni tashkilot yoki rahbariyatning topshiriqlari va belgilangan vazifalarni bajarishga qaratish zarur. Shaxsiy muammolarni ishxonaga olib kelmaslik kerak, ayniqsa, hamkasblar bilan buni muhokama qilish umuman to‘g‘ri kelmaydi. Bu xodimning professional emasligidan dalolat beradi.
Shaxsiy hayotga ham ish bilan bog‘liq muammolarni olib kirmagan yaxshi. Ishdagi muammoni ishda, uydagi muammoni uyda qoldirish eng to‘g‘ri yechim. Har qanday sharoitda tez va dinamik ravishda konvertatsiya qilish qobiliyati muhim va bu ayolga faqat ustunlik beradi.

3. Birinchi va asosiy maqsadim, avvalo, farzandlarimga munosib ona bo‘lish va ularga to‘g‘ri tarbiya berish. Shuningdek, olgan bilimlarimni faoliyatimga tatbiq etib, Vatanim taraqqiyotiga ozmi-ko‘pmi o‘z hissamni qo‘shish.
Shu o‘rinda, o‘zbek ayollariga o‘z salohiyatlarini ko‘rsatish, hayotda o‘rnilarini topishi uchun imkoniyat berish kerakligini ta’kidlamoqchiman. Ishonchim komilki, bizning ayollar yuqori mehnat unumdorligi, halolligi va eng yaxshi fazilatlari orqali mamlakatimiz iqtisodiyotini yuqori pog‘onalarga ko‘tarishga ham katta hissa qo‘shadi.

«Ayollarning rahbar lavozimlarida faoliyat olib borishi tarafdoriman» – Xurshidabonu Shodmonova, «O‘zbektelekom» AK Buxoro filiali standartlashtirish va sifat menejmenti tizimi bo‘limining 2-toifali muhandisi

Qizig‘i, bu suhbatdoshimiz oilada yagona aloqachi. Kasbiga mehri oshishida juda talabchan va o‘z ishining bilimdoni bo‘lgan ustozi, bo‘lim boshlig‘i Madina Xolboyevaning hissasi katta deb biladi. Yosh aloqachimiz jamoat ishlarida ham faol. Yo‘nalishi bo‘yicha bir nechta sertifikatlarga ega.

– Yoshligimdan matematika va fizika kabi aniq fanlarga qiziqib, ularni chuqur o‘zlashtirganim sabab 2010 yili Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga o‘qishga kirdim. 2014 yilda bakalavrni, 2017 yilda esa axborot xavfsizligi yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani tamomladim, – deydi Xurshidabonu Shodmonova. – Tahsil olish jarayonida tanlagan sohamning juda qiziqarli ekanini tushunib bordim. Ilk faoliyatimni 2017 yili Buxoro filiali ma’lumotlar uzatish tizimini boshqarish bo‘limida muhandislik lavozimidan boshladim. U yerda amaliy bilimlarimni mustahkamlab, 2018 yildan bugungi kunga qadar filialning standartlashtirish va sifat menejmenti tizimi bo‘limida 2-toifali muhandis sifatida ishlab kelyapman.

Javoblar
1. Ayol kishi o‘ziga nisbatan juda talabchan bo‘ladi, shu jumladan, tanlagan sohasi bo‘yicha ham. Ishga yondashuvda vaziyatga to‘laqonli baho berishga harakat qiladi. Masalan, ustozlarim menga «Bir kunda 10ta ish qilma, mayli, ikkitasini bajar, lekin 5 bahoga arzisin», deb o‘rgatishgan. Ya’ni mas’uliyatni boricha zimmamizga olamiz. Hatto, mayda detallar ham e’tiborimizdan chetda qolmaydi. Muhimi, aynan shu xislatlarimizni boshqalarda ham ko‘rishni istaymiz va buni talab qilamiz...

2. Ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni ushlab qolish uchun, birinchi galda, to‘g‘ri rejalashtirishni bilish zarur. Shunda hammasiga ulgurasan. Albatta, bu borada oiladagilarning qo‘llab-quvvatlashi ham juda muhim deb o‘ylayman.

3. Maqsadlarim cheksiz desam ham bo‘ladi. Nimanidir rejalashtirsam, albatta, unga erishish yo‘llarini qidiraman, hech qachon o‘xshamay qolishi haqida o‘ylamayman... Faoliyatim bo‘yicha oldimga qo‘ygan maqsadim: kelajakda axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalari sohasi rivojiga o‘z hissamni qo‘shish, kareramni yaratish, kompaniya va filialda sifat menejmenti tizimi bo‘yicha ishlarni bosqichli rivojlantirishga erishish. Gender tenglik, ya’ni ayollarning ham rahbar lavozimlarida faoliyat olib borishi tarafdoriman.

Shohida Isroilova

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ayollarning davlat ishiga yondashuvi erkaklarnikidan farq qiladi