10:57 / 10.03.2021
1 278

Farg‘onada tanishini qariyb 2 mlrd so‘mga chuv tushirgan 70 yoshli o‘ta xavfli retsidivist 6 yilga qamaldi

Farg‘onada tanishini qariyb 2 mlrd so‘mga chuv tushirgan 70 yoshli o‘ta xavfli retsidivist 6 yilga qamaldi
Farg‘onada fuqaronining 1,8 milliard so‘mini o‘zlashtirgan 70 yoshli shaxsga hukm o‘qildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Ba’zi insonlarning taqdiri bilan tanishib, “essiz shuncha o‘tgan umr” deging keladi. Oltiariq tumanilik Egamberdi Hojibekov ham shundaylar toifasidan. Uning tengqurlari bugun yoshi ulug‘ inson sifatida mahallada obro‘-e’tibor qozonishgan. Farzandlar baxtu kamolini ko‘rib, nafaqalik gashtini surishmoqda. Afsuski, E. Hojibekovning peshonasiga bunday kunlar yozilmagan ekan. 1995 yilda qotillik jinoyati uchun 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 2001 yilda o‘talmay qolgan jazosidan amnistiya qaroriga asosan ozod qilingan.

Ammo u bundan tegishli xulosa chiqarmasdan oson pul topish ilinjida bo‘ldi. O‘tgan davr mobaynida 5 marta firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun sudlandi. O‘ta xavfli retsidivist deb topilgan bo‘lib, 2015 yil 26 noyabr kunidan boshlab jazoni o‘tamoqda. U oilali, 5 nafar farzandi bor. Yetmish yoshni qarshilayotgan bu shaxs yana sudning qora kursisida o‘tirib, qilmishi uchun javob berdi.

Egamberdi Hojibekov 2012 yilda Beshariq tumani Pastki Yakkatut qishlog‘ida yashovchi Davron Ashurmatov bilan tanishib qoladi. Qarasa, u sodda va ishonuvchan. O‘zining asl ismi sharifini yashirib, Marg‘ilon shahrida yashovchi “Nurmuhammedov Bahodir Ergashevich” ekanligini aytib, Toshkent shahar MXX boshqarmasida “polkovnik” harbiy unvoni bilan ishlashini ma’lum qiladi. Gap orasida har qanday xizmatga tayyorligini ham tiqishtirib o‘tadi. Bir oz vaqt o‘tib Davrondan 10 ming AQSH dollar pul berib turishini, o‘n kun ichida qaytarib berishini aytib, ushbu pullarni olgan. Pulni o‘z vaqtida qaytarib, shu orqali uning ishonchiga kirgan. U bu orada Davronga bozor-o‘charlar, choyxonada joy aytib, turli ishlar ham buyurib turadi.

Qaramog‘iga yaxshi o‘lja ilinganini bilgach, asosiy “ish”ga o‘tdi. Chunki firibgarlikda Egamberdiga teng keladigani yo‘q bo‘lsa kerak. Beshariqlik yigit “Bek karate” klub rahbari lavozimida ishlash bilan birga, fermer xo‘jaligi boshlig‘i ham edi. Bundan xabar topgan Egamberdi 2013 yil noyabr oylarida Gollandiya davlatidan zotdor qora mollar olib kelayotganligini, agar unga ham kerak bo‘lsa, olib kelib berishini aytgan. Davron anchadan buyon chorvachilikni yo‘lga qo‘yishni o‘ylab yurardi. Bu taklif unga juda yoqib tushdi. 200 bosh golland zotdor qora mollari uchun 1 milliard 800 ming so‘m pullarni firibgarning qo‘liga tutqazdi. E. Hojibekov esa pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tuman sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, E. Hojibekov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasi 3-qismining “a” bandi (eski tahrir) bilan aybli deb topildi. Uzil-kesil 6 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish va 11 million 938 ming 500 so‘m jarima jazosi tayinlandi. Undan jabrlanuvchi D.Ashurmatov foydasiga 1 milliard 800 ming so‘m moddiy zarar undirish belgilandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Farg‘onada tanishini qariyb 2 mlrd so‘mga chuv tushirgan 70 yoshli o‘ta xavfli retsidivist 6 yilga qamaldi