12:15 / 13.03.2021
1 545

Markaziy bank: 1000 so‘mlik nominaldagi banknotlarni muomaladan chiqarish ko‘zda tutilmagan

Markaziy bank: 1000 so‘mlik nominaldagi banknotlarni muomaladan chiqarish ko‘zda tutilmagan
O‘zbekistonda yaqin orada 1000 so‘mlik nominaldagi banknotlarni muomaladan chiqarish ko‘zda tutilmagan. Bu haqda Markaziy bankning Naqd pul muomalasi departamenti direktori Fazliddin Bozorov ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, 1000 so‘m nominal qiymatdagi banknot 2001 yilda muomalaga chiqarilgan va ularning aksariyat qismi uzoq vaqt davomida muomalada bo‘lgani sababli urinib qolgan.

Buning asosiy sababini ushbu pullarning boshqa yirikroq nominaldagi banknotlarga nisbatan ko‘proq muomala jarayoniga kirishi, ya’ni qo‘ldan-qo‘lga o‘tishi faol bo‘lgani sababli tez eskirishi hamda shu holatda, banklarga kelib tushmasdan aholi qo‘lida uzoq muddat qolib ketishi bilan izohlash mumkin.

Bu qiymatdagi banknotlar hozirda ham bosib chiqarilmoqda va talabdan kelib chiqqan holda muomalaga kiritib borilmoqda. Biroq, bugungi kunda banknotlar muomalaga asosan bankomatlar orqali chiqarilayotgani va bankomatlardan asosan yirik nominaldagi banknotlar joylashtirilishi sababli 1000 so‘mlik banknotlar muomalada kamayib borayotgani haqiqat. Bu tabiiy jarayon bo‘lib, xuddi tovarlarga o‘xshab talab kamaysa, banknotlar ham muomaladan kamayib boradi.

“Bankomatlarga 1000 so‘mlik ham joylashtirilsa bo‘lmaydimi?” degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bo‘ladi. Lekin banknotlar sig‘imi cheklangani sababli ularni bir martalik to‘ldirish orqali imkon qadar ko‘proq aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lishi, ya’ni joylashtirilgan pul tez tugab qolmasligi uchun ko‘proq yirik qiymatdagi banknotlardan foydalaniladi. Naqd pullarni bevosita bank kassalaridan olganda, zarur hollarda bir qismini 1000 so‘mlik banknotlar sifatida olinishi maqsadga muvofiq
”, deydi Markaziy bank departamenti direktori.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank doimiy tarzda muomaladagi naqd pullar qatorini optimallashtirish, eskirganlarini muomaladan qaytarib olish va ularning o‘rniga yangi banknot hamda tangalarni muomalaga kiritib borish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.

Yaqin orada 1000 so‘mlik nominaldagi banknotlarning muomaladan chiqarilishi ko‘zda tutilmagan”, dedi Fazliddin Bozorov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Markaziy bank: 1000 so‘mlik nominaldagi banknotlarni muomaladan chiqarish ko‘zda tutilmagan