18:43 / 15.03.2021
3 000

Namanganda noma’lum maxluqning skeleti topildi (foto)

Namanganda noma’lum maxluqning skeleti topildi (foto)
Foto: «Daryo»
Namangan tumanining «Qoratepa» mahallasidagi xonadonlardan birida g‘aroyib maxluqning skeleti topildi. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

Xonadon egasi Jamoliddin Ubaydullayevning aytishicha, 2021 yil 13 mart kuni tongda hovlisidagi issiqxonada limonariy uchun yer qaziyotganida shu topilmaga duch kelgan.

Foto: «Daryo»
- «Limon ko‘chatlari ekish uchun yaxshi bo‘ladi, harorati o‘zidan chiqib turadi» deyishgani uchun yer kovlayotganimda 1-1,5 metr chamasi chuqurlikdan shu skelet ko‘rinib qoldi. Oldin telefonda suratga oldim, keyin suyaklarni shu asosda yuqoriga olib chiqib, terib chiqdim. Profilaktika inspektori, mahalla raisini chaqirib keldim. Ular «chindan ham g‘aroyib mavjudot ekan, tegmay turing, mutaxassislarni chaqiramiz», deyishdi. Skeletni o‘zim bilganimcha ihotalab qo‘ydim, suratlar esa hamma joyda tarqalib ketdi, — deydi xonadon egasi.

Foto: «Daryo»
Namangan davlat universiteti biotexnologiya kafedrasi dotsenti, biologiya fanlari nomzodi Erkin Ikromovning dastlabki xulosalariga ko‘ra, skelet kaynozoy erasi, paleogen davrining oligotsen bosqichida, bundan 15-25 million yil avval yashagan dastlabki o‘txo‘r sut emizuvchilarga mansub bo‘lishi mumkin.

Foto: «Daryo»
«Bu mavjudot sut emizuvchilar sinfi, toq tuyoqlilar turkumi, girakodontlar oilasiga (bu oila vakillar neogen davrida iqlimning keskin o‘zgarishi sababli butunlay qirilib ketgan) tegishli noma’lum tur. Ular indrikoteriylar bilan zamondosh bo‘lgan. Topilmaning bo‘yi 1-1,5 metr chamasida, vazni yarim tonnaga yaqin.

Yangi topilgan hayvon skeleti Namanganda aniqlangan dastlabki shunday topilma emas. Bundan bir necha yillar avval viloyat teatri atrofida qazish ishlari olib borilayotganda ham yuza qismida shunday skelet — bosh suyagi topilgan, biroq hozirgisi kabi bus-butun saqlanmagan edi
», — deydi olim.

Foto: «Daryo»
Hozirda «Qoratepa» mahallasidagi xonadondan topilgan g‘aroyib maxluqning skeletini tomosha qilish uchun har kuni yuzlab odam kelmoqda. Topilmaga ziyon-zahmat yetmasligi uchun yon-atrofi o‘rab qo‘yilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Namanganda noma’lum maxluqning skeleti topildi (foto)