19:56 / 16.03.2021
4 365

Toshkent viloyatida 14 yoshli qizning nomusiga tekkan shaxslar jazosiz qolmoqda

Toshkent viloyatida 14 yoshli qizning nomusiga tekkan shaxslar jazosiz qolmoqda
Foto: O‘zA
Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida 2020 yilning sentabr oyida 14 yoshli qizni o‘g‘irlash, nomusiga tegish kabi mudhish jinoyat sodir etilgan shaxslar jazosiz qolmoqda, deb xabar beradi O‘zA.

Ma’lum qilinishicha, 2020 yilning yoz oylarida qiz ammasining uyiga mehmonga borgan. Karantin tufayli ko‘chada transport harakati cheklangani uchun u taksida uyga qaytish maqsadida ko‘chada to‘xtagan yengil mashinaga o‘tirgan.

Mashina ichida bo‘lgan yana bir yigit qizni ko‘rib, uni tog‘li hududga olib qochgan. «Dacha»ga olib borib, qizga qandaydir dori ichirgan. Hushini yo‘qotgach esa uni turli xil alfozda rasmlarga tushirgan. O‘ziga kelganida uni avrab, «Bu yerga kelganingni hech kimga aytmasang, uyingga olib boraman», degan. Shundoq ham qo‘rqib ketgan qiz rozi bo‘lgan va uyga kelgach, hech kimga hech narsa demagan.

Qo‘lida yetarlicha «dalillar»i bo‘lgan yigit kunlarning birida qizga qo‘ng‘iroq qilib, «Sumkang qolib ketibdi, chiqsang berib yuboraman», deb aytgan. Qiz sumkasi uchun uydan chiqib borganida esa unga o‘sha suratlarni ko‘rsatib, birga ketmasa, suratlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib, sharmanda qilish bilan qo‘rqitgan. Qattiq qo‘rqib ketgan qiz yana mashinaga o‘tirgan. Bu safar yigit qizni ko‘p qavatli uylardan biriga olib borgan. Qiz yo‘qolib qolganini bilgan oila-a’zolari uni qidirishga tushgan. O‘sha paytda Moskvada ishlayotgan otasi ham yetib kelgan.

Qizning otasi B.ning aytishicha, u farzandini bir hafta mobaynida qidirgan, bu haqda ichki ishlar organlariga ham murojaat qilgan. Qanchalik harakat qilmasin, u qizini topa olmagan. Oradan bir necha kun o‘tib, abgor bir ahvolda qiz uyiga kirib kelgan va otasining qistovi bilan hamma voqeani birma-bir so‘zlab bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, qiz keyingi ikki kunni tashlandiq, kimsasiz bir hududda och-nahor o‘tkazgan. Zo‘rovon nafaqat uning nomusini toptagan, balki uning kimsasiz joyda o‘lib ketishini ham reja qilib, uni ovloq joyda bo‘lgan temir konteynerga qamab ketgan. Baxtli tasodif tufayli qiz konteynerdan chiqib, uzoq masofani piyoda yurib, uyiga qaytib kelgan.

Ota voyaga yetmagan qizini tahqirlagan, bu jarayonda ishtirok etgan shaxs haqida ma’lumotlarni to‘plab, 2020 yil sentabr oyining oxirlarida O‘rta Chirchiq tumani ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan. Ariza bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari boshlangan. «Biroq bu harakatlarning oxiri hali ham ko‘rinmagan. Ota ichki ishlar bo‘limiga qatnab charchaganidan so‘ng, ko‘plab yuqori tashkilotlarga murojaatlar yo‘llagan. Ammo murojaatlarga ‘tegishli organga yuborildi, natijasi haqida ma’lum qilamiz’, degan mazmunda javoblar kelgan, xolos», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, voyaga yetmagan qizaloqni tahqirlagan shaxslarga oradan olti oy o‘tgan bo‘lsa ham hozirga qadar hech qanday chora ko‘rilmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkent viloyatida 14 yoshli qizning nomusiga tekkan shaxslar jazosiz qolmoqda