13:25 / 17.03.2021
1 688

Tadbirkor - sud himoyasida

Tadbirkor - sud himoyasida
Sud-huquq tizimida qat’iyat bilan olib borilayotgan yangilanish va o‘zgarishlar jarayoni amalda kutilgan samaralarni bermoqda. Iqtisodiy sudlarning ish faoliyati ham iqtisodiyot sohasida odil sudlovni amalga oshirishda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan holatlarni bartaraf etishga qaratilmoqda.

Jumladan, Navoiy viloyati iqtisodiy sudlari tomonidan 2020 yilda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan holatlarni bartaraf etishga qaratilgan 560 ta nizolar ko‘rilib, ularning buzilgan huquqlari tiklandi. Tadbirkorlar tomonidan taqdim etilgan 475 ta da’vo arizalar qanoatlantirilib, ularning foydasiga 41 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘larni undirish haqida sud qarorlari qabul qilindi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan asossiz kiritilgan da’vo arizalarning 159 tasi qanoatlantirish rad etilib, ularning huquqlari buzilishi oldi olindi.

Jumladan, «B-Z» mas’uliyati cheklangan jamiyati (firma nomi qisqartirilgan) chet el kompaniyasi bilan tuzilgan kontrakt shartiga asosan import qilingan mahsulotlar uchun 4.500,0 AQSH dollari miqdoridagi valyuta tushumining tushishini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida tashqi savdo operatsiyalari monitoringini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2020 yil 14 maydagi 283-sonli Qarori bilan tasdiqdangan “Tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom (bundan bo‘yon matnda Nizom deb yuritiladi)ning 27-bandida belgilangan muddatlardan 180 kungacha kechiktirilganligi sababli nazorat qiluvchi organ tomonidan javobgarga nisbatan sudga ariza bilan murojaat qilinib, kechiktirilgan jami 4.500,0 AQSH dollari miqdoridagi valyuta mablag‘ining 10 foizi ya’ni 450,0 AQSH dollarining Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan kurs (10.364,48) bo‘yicha 4.664.016 so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llash so‘ralgan.

Birinchi instansiya sudida ishni ko‘rish jarayonida javobgar tomonidan jami 4.500,0 AQSH dollari miqdorida valyuta tushumi pul mablag‘lari ko‘chirilgan kundan boshlab 180 kunga kechiktirilganligi ishdagi hujjatlar va dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topganligi bois arizachining 4.664.016 so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi arizasi asosli bo‘lib, moliyaviy jarimani qo‘llash lozim bo‘lgan.

Biroq, ishni ko‘rish jarayonida iqtisodiy sud tomonidan tadbirkorga bir necha marotaba imkoniyat berilganidan so‘ng javobgar tomonidan import kontrakti bo‘yicha 4.500,0 AQSH dollari miqdorida valyuta tushumi tushishi ta’minlanib, import kontrakti bo‘yicha qarzdorlik bartaraf etilgan.

Nizomning 28-bandida, arizada ko‘rsatilgan tashqi savdo kontraktlari bo‘yicha to‘liq miqdorda valyuta mablag‘larining tushishi yoki tovarlarning respublikaga olib kirilishi hamda «erkin muomalaga chiqarish (import)» bojxona rejimida rasmiylashtirilishi, ishlar bajarilishi va xizmatlar ko‘rsatilishi ta’minlangan taqdirda jarima qo‘llash masalasi sudda ko‘rib chiqilayotgan paytda — arizani qanoatlantirish rad etilishi nazarda tutilgan.

Moliyaviy jarimani qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish paytiga kelib, valyuta mablag‘larining kelib tushishi ta’minlanganligi sababli yuqorida qayd etilgan Nizom asosida iqtisodiy sud tomonidan moliyaviy jarima qo‘llanilmasdan, ariza talabini qanoatlantirish rad qilinib, tadbirkorlik sub’ektining huquq va qonuniy manfaatlari ustuvorligi ta’minlandi.

Agarda tadbirkor tomonidan import kontraktining ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilmaganida arizada so‘ralgan 10 foizlik moliyaviy jarimadan tashqari, Nizomda belgilangan tegishli muddatlar o‘tganidan so‘ng 20 foizlik va 70 foizlik jarimalar qo‘llanilishi natijasida javobgar tadbirkor respublika budjetiga jami 46.640.160 so‘m miqdorida moliyaviy jarima to‘lashga majbur bo‘lishi mumkin edi. Bu esa tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirishni va zarur texnologiyalarni chet eldan olib kelishni maqsad qilgan tadbirkorning import kontrakti doirasida 4.500 AQSH dollaridan tashqari 46.640.160 so‘m miqdorida zarar ko‘rishiga olib kelishi mumkin edi.

Natijada ishda javobgar sifatida ishtirok etgan tadbirkor 4.664.016 so‘m miqdoridagi mablag‘ni moliyaviy jarima sifatida to‘lashdan ozod bo‘lib, ushbu summani o‘z faoliyatini yanada takomillashtirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, qo‘shimcha ishchi o‘rinlari yaratish, soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash yoki shunga o‘xshash boshqa o‘z faoliyati uchun zarur maqsadlarda sarflash imkoniyatiga ega bo‘lib, tadbirkorning davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlardan va suddan rozi bo‘lishiga zamin yaratdi.

Bu esa, amalga oshirilayotgan islohotlar sababli tadbirkorlik faoliyati sub’ektlariga qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilib, ularni har tomonlama rag‘batlantirish choralarini ko‘rish imkonini bermoqda.

Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak. O‘zbekistonda sudyalar qonunlarning tolmas himoyachilari, adolatning mustahkam ustunlari bo‘lishi lozim”.

Sh.G‘ofurov
Zarafshon tumanlararo
iqtisodiy sudi raisi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tadbirkor - sud himoyasida