22:23 / 17.03.2021
1 796

«Biz fuqarolarimizni biror vaksinani olishga majburlamaymiz» – Bahodir Yusupaliyev

«Biz fuqarolarimizni biror vaksinani olishga majburlamaymiz» – Bahodir Yusupaliyev
O‘zbekiston fuqarolari biror vaksinani olishga majbur emas. Ular istagan vaksinasi bilan emlanishi mumkin. Bu haqda «O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat, vaksinatsiya jarayonlariga tayyorgarlik» mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev ma’lum qildi.

«Har bir vaksina tegishli 3 bosqichli sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘nggina qo‘llashga tavsiya etiladi. AstraZeneca/Oksford vaksinasi ham tegishli sinovlardan o‘tgan va JSST ham uni favqulodda qo‘llash bo‘yicha tavsiya qilgan. Biz bir vaksinani ma’qullab, boshqasini rad etish fikridan yiroqmiz.

Xabaringiz bor, biz faqat AstraZeneca/Oksford vaksinasidangina emas, boshqa vaksinalardan ham foydalanishni rejalashtirganmiz. ‘Sputnik V’ vaksinasidan 1 million doza olib kelish to‘g‘risida muzokaralar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinamiz ham bor. Shuningdek, Xitoy vaksinasini olib kelish bo‘yicha ham muzokara olib borilmoqda.

Biz fuqarolarimizni biror vaksinani olishga majburlamaymiz. Ular istagan vaksinasi bilan emlanishi mumkin
», – dedi Bahodir Yusupaliyev.

Eslatib o‘tamiz, qonda tromblar paydo bo‘lishi kuzatilgani sabab Yevropa mamlakatlari AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni to‘liq yoki qisman to‘xtatgani haqida e’lon qilgan, xususan, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Sloveniya, Portugaliya, Kipr, Niderlandiya, Avstriya, Daniya, Estoniya, Latviya, Litva, Bolgariya, Irlandiya, Luksemburg, Shvetsiya, Norvegiya va Islandiya, Qirg‘iziston, shuningdek, Yevropadan tashqaridagi Indoneziya, Kongo, Tailand va Janubiy Afrika mamlakatlarida mazkur vaksinadan foydalanish to‘xtatilgan.

JSST AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni to‘xtatishga sabab ko‘rmayotganini ma’lum qildi. Keyinroq AstraZeneca emlashning nojo‘ya ta’siri to‘g‘risidagi xabarlarga javob berdi. O‘zbekistonda esa ushbu vaksinadan foydalanish davom etishi ma’lum qilindi.

Vaksina 17 mart kuni Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Biz fuqarolarimizni biror vaksinani olishga majburlamaymiz» – Bahodir Yusupaliyev