14:20 / 23.03.2021
2 285

Shovotda tuman hokimi ishtirokidagi tadbirda yupun kiyingan bog‘cha tarbiyalanuvchilariga oid holatga izoh berildi

Shovotda tuman hokimi ishtirokidagi tadbirda yupun kiyingan bog‘cha tarbiyalanuvchilariga oid holatga izoh berildi
Foto: Shovot tumani hokimligi
21 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi 35-sonli bog‘chaning ochilish marosimidan olingan suratlar keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. Viloyat Maktabgacha ta’lim tashkiloti mazkur holatga munosabat bildirdi.

Shovotdagi davlat bog‘chasining ochilish marosimida ishtirok etgan tarbiyalanuvchilar yupun kiyimda bo‘lgani internet foydalanuvchilarining keskin tanqidiga sabab bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, Shovot tumanidagi 35-sonli davlat Maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilish tadbiri 19 mart sanasida bo‘lib o‘tgan. Tadbirda Shovot tumani hokimi, mahalla faollari, nuroniylar, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi xodimlari ishtirok etgan.

Tadbirning «tabrik so‘zlari» qismi tugagach, bolalar raqs tushishga taklif etilgan. Raqs tushishgacha bo‘lgan vaqtda bolalar egnida sovuqdan saqlaydigan kiyimda bo‘lgan (kurtka). Raqs boshlanish vaqtida kiyimlarini tarbiyachisiga berib, so‘ngra raqsni ijro etib bo‘lgach, yana kiyimlarini kiyishgan.

«Xo‘sh, o‘zi aslida, havo harorati qanday edi, onlayn shaklda 19 mart sanasidagi ob-havo ma’lumotlar tarixiga yuzlanib shu kuni havo harorati 18—20 daraja atrofida issiq bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin. Yurtimizda epidemiologik vaziyat davom etayotganini inobatga olib, Xorazm viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan, turli tadbirlarni karantin talablariga rioya qilmagan holda tashkil etish mumkin emasligi haqida viloyatdagi har bir Maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorlari va xodimlar ogohlantirilgan, bu yuzasidan muntazam ravishda tushuntirish tadbirlari tashkil etiladi», — deyiladi munosabatda.

Foto: Xorazm viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi matbuot xizmati
Xorazm viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasi Shovot tumanidagi 35-sonli DMTT ochilish tadbiriga bolalarni jalb qilib, karantin talablariga rioya qilmasdan, ularning yupqa kiyimda tadbirda chiqish qilishiga imkoniyat yaratib bergan xodimlarga tegishli tartibda intizomiy jazo choralari ko‘rilishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning yanvar oyida Farg‘onaning Cho‘ng‘arasiga tashrif buyurgan Shuhrat G‘aniyevni atlas ko‘ylakli qizaloq non bilan kutib olgandi. Hokim va safdoshlari qalin kiyimda, qizcha esa yupqa atlas ko‘ylakda turgani ijtimoiy tarmoqlarni junbishga keltirib, ko‘plab tanqidiy post va izohlar yozilgach hokimlik matbuot xizmati munosabat bildirib, qizcha atigi ikki daqiqa ochiq havoga chiqqanini yozgandi.

22 noyabr kuni esa ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahridagi 43-maktab o‘quvchilarining sovuqda ikki qator bo‘lib, yupun kiyimlarda bayroq ko‘tarib mahalliy amaldorlarni kutib olayotgani aks etgan surat tarqaldi. Bolalar 19 noyabr kuni «Yangi O‘zbekiston — yangicha dunyoqarash» shiori ostida O‘zbekistonda ko‘zga ko‘ringan ziyolilar, san’at, fan-madaniyat xodimlari hamda faol nuroniylardan iborat targ‘ibot guruhini kuzatgani olib chiqilgani ma’lum bo‘lgan.

Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabatida rasmdagi bolalar 2-3 daqiqa tashqarida qolishgani, so‘ng sinf xonalariga kirishgani aytilgan. Voqeadan so‘ng ushbu maktab direktori va uning o‘rinbosari ishdan olingan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shovotda tuman hokimi ishtirokidagi tadbirda yupun kiyingan bog‘cha tarbiyalanuvchilariga oid holatga izoh berildi